Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida aynan shunday usulda faoliyat yuritib kelgan jinoiy guruh fosh etildi.

Aniqlanishicha, guruh a’zolari internet tarmoqlarida “foizsiz kredit olib beramiz” mazmunidagi turli e’lonlarni joylashtirib, ushbu takliflarga qiziqish bildirgan fuqarolarni oldindan ijaraga olingan hashamatli ofislarga taklif qilgan. Ular fuqarolarga kreditni o‘z nomlariga rasmiylashtirib berishni taklif qilib, buning evaziga ajratilgan mablag‘ning ma’lum qismini o‘zlashtirishgan.

Xususan, firibgarlar fuqarolarga:“Sizning nomingizga 100 million so‘m kredit olib beramiz. Uning 50 million so‘mi sizga beriladi, qolgan 50 million so‘mi esa kompaniyada qoladi. Kreditning oylik to‘lovlarini esa o‘zimiz to‘lab boramiz, sizga hech qanday muammo bo‘lmaydi”, deya va’da berishgan.

Ularning yolg‘on va’dalariga ishongan fuqarolar o‘z telefonlari orqali kredit rasmiylashtirish jarayonlarini amalga oshirgan. Natijada, 400 nafardan ortiq fuqaroning nomiga kreditlar rasmiylashtirilib, ajratilgan mablag‘larning teng yarmini firibgarlar qo'lga kiritishgan. O‘zlashtirilgan mablag‘larning umumiy miqdori qariyb 17 milliard so‘mni tashkil etadi.

Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, fuqarolarga banklar tomonidan kredit qarzdorligini undirish bo‘yicha talabnomalar yuborila boshlangan. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tergovga qadar tekshiruv va tezkor tadbirlar davomida jinoiy guruhning 6 nafar a’zosi gumonlanuvchi tariqasida ushlangan va qamoqqa olingan. Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

IIBB ogohlantiradi!

Hurmatli yurtdoshlar! Internet tarmoqlaridagi “foizsiz kredit”, “juda kam foizli kredit”, “hujjatsiz kredit” kabi shubhali takliflarga ishonib, noma’lum shaxslarga shaxsiy ma’lumotlaringizni taqdim etmang.

Ayniqsa, kreditni sizning nomingizga rasmiylashtirib, uning to‘lovlarini boshqa shaxslar amalga oshirib borishi haqidagi va’dalarga aldanmang. Zero, kredit sizning nomingizda rasmiylashtirilgan bo‘lsa, bank oldidagi majburiyat ham, avvalo, sizning zimmangizda qoladi.

Unutmang: Oson va tez daromad yoki “tekin” moliyaviy imkoniyat va’dasi ortida firibgarlik bo‘ladi. Ogoh bo'ling, o‘z moliyaviy xavfsizligingizni himoya qiling!