Xususiylashtirish jarayonida toʻlov shartlari yengillashtirilib, avans miqdori kamaytirilmoqda va boʻlib toʻlash imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
Yangi tartibga koʻra, davlat obyektlarini xarid qilishda 15 foiz avans toʻlash kifoya qiladi. Bu tadbirkorga asosiy mablagʻini ishlab chiqarishni rivojlantirish yoki yangi loyihalarga yoʻnaltirish imkonini beradi.
Aktiv qiymati 6 oy ichida toʻliq toʻlangan taqdirda, shartnoma summasining 25 foizi miqdorida chegirma beriladi.
Shuningdek, xaridor aktiv qiymatining 50 foizini 6 oy ichida toʻlasa, qolgan qismini 7-yil davomida foizsiz boʻlib toʻlash imkoniyatiga ega boʻladi.
Yana bir variant ham mavjud: aktiv qiymatining 35 foizini 3 oyda toʻlab, qolgan summani 5-yil davomida boʻlib toʻlash mumkin.
Yer uchastkalarini sotishda ham tadbirkorlar uchun qulaylik yaratiladi. Jumladan, “tayyor paket” shaklidagi yerlar savdoga chiqariladi. Bunda yer loyihasi, zarur ruxsatnomalar va kommunikatsiyalarga ulanish boʻyicha texnik shartlar oldindan tayyorlangan boʻladi.
Bu tadbirkorning auksiondan keyin hujjatlarni yigʻish va kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish uchun oylab vaqt sarflashining oldini oladi.
Islohotdan koʻzlangan maqsad — iqtisodiyotda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirish, shuningdek, yillar davomida foydalanilmay turgan aktivlarni investitsiya, daromad va yangi ish oʻrinlari yaratadigan loyihalarga aylantirishdan iborat.