Bugun, 12-aprel kuni nufuzli musobaqaga mezbonlik qilayotgan “Olimpiya shaharchasi”dagi Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan majmuada dunyo birinchiligining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti, doktor Chungvon Choy boshchiligidagi delegatsiya, Birlashgan kurash dunyosi prezidenti Nenad Lalovich, Milliy olimpiya qoʻmitasi raisi birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov hamda MOQ raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Toshmatov, shuningdek, qator nufuzli mehmonlar ishtirok etdi.

Tantanali ochilish marosimida muhtasham sport saroyiga jahon chempionatida ishtirok etayotgan davlat sportchilari chorlov sadolari ostida chiqdi.

Marosimda soʻzga chiqqan Chungvon Choy mamlakatimizda taekvondo WT sport turini rivojlantirish va ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarga yuksak baho berdi. U, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, MOQ raisi birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov hamda mamlakat taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Toshmatovga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Tantanali marosim yakunida “World Taekwondo Performance Team” tomonidan taqdim etilgan rang-barang va yuqori saviyadagi shou dasturlar tomoshabinlarga unutilmas taassurot qoldirdi.