Shu oʻrinda esa jamiyat qaysi yoʻnalishda harakatlanmasin, uning yurak urishi va qon bosimini aniq koʻrsatib beruvchi oʻziga xos barometr ommaviy axborot vositalari desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Oʻtgan davr mobaynida, ayniqsa, soʻnggi yillarda mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy qiyofasi tubdan oʻzgardi hamda mazkur yangilanishlar shabadasi matbuot va media maydonida ham yaqqol sezildi. Jamiyatda erkin fikr uygʻonishi, fuqarolarning oʻz haq-huquqlarini teran anglab yetishi oʻz-oʻzidan roʻy bergani yoʻq, albatta.

Bir vaqtlar xalq dardi va muammolaridan uzilayozgan, aksariyat hollarda balandparvoz soʻzlar iskanjasiga tushib qolgan jurnalistika bugun yangicha qiyofa kasb etdi. Matbuot sahnasiga dadil fikr, tanqidiy yondashuv hamda tahliliy mushohada qaytdi. Yurtimizda soʻz erkinligini taʼminlash yoʻlidagi amaliy ishlar mevasini bera boshladi.

Bu kabi ijobiy oʻzgarishlarning tub negizida, shubhasiz, davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi va demokratik tamoyillarni hayotga joriy etish yoʻlidagi qatʼiy tashabbuslari mujassam. Mamlakatimiz yetakchisining bevosita eʼtibori hamda qoʻllab-quvvatlashi natijasida qalam ahli oʻzining chinakam kuchini his qildi, jamiyatdagi kamchiliklarni dadil koʻtarib chiqish va ijtimoiy adolat minbariga aylanish imkoniga ega boʻldi. Jurnalistika endilikda shunchaki voqea-hodisalarni qayd etuvchi yoki maqtovlarni qatorlashtiruvchi vosita emas,  xalqni qiynayotgan masalalarni ildizi bilan tahlil qilib, ularga yechim izlovchi, eng muhimi, taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatuvchi kuch sifatida maydonga chiqdi.

Davlat va jamiyat oʻrtasidagi uzviy aloqani mustahkamlashda xususiy sektor ulushining hissasi eʼtirofga munosib. Nodavlat telekanallar, mustaqil internet nashrlari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi faol ijodkorlar xalqimizning oʻy-xayollari, orzu-umidlari va tashvishlarini roʻy-rost namoyon etuvchi koʻzguga aylandi.

Aynan ularning saʼy-harakatlari bilan chekka hududlardagi muammolar ham keng miq­yosda muhokama qilinib, oʻz yechimini topmoqda. Davlat va hokimiyat idoralari xususiy nashrlar koʻtarib chiqayotgan masalalarga zudlik bilan munosabat bildirayotgani, tanqidlar asosida amaliy choralar koʻrilayotgani va mansabdor shaxslarning xalq bilan bevosita muloqotga kirishayotgani — soʻz erkinligi amalda taʼminlanayotganining yorqin isboti. Davlat idoralari va fuqarolar oʻrtasidagi shaffof muloqot aynan mustaqil ommaviy axborot vositalari koʻmagida samarali yoʻlga qoʻyilmoqda. Mazkur hamkorlik hamda bir-birini eshitish madaniyati jamiyatdagi ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash barobarida odamlarning ertangi kunga boʻlgan ishonchini oshirayotgani ham haqiqat.

Tarixga nazar solsak, har qanday buyuk yuksalish va sivilizatsiyalar uygʻonishi davrida erkin fikr, ilm-fan hamda maʼrifat yetakchi oʻringa chiqqan. Jadid bobolarimiz ham xalqni jaholat botqogʻidan qutqarishda asosiy qurol sifatida bejiz milliy matbuotga tayanmagan.

Bugungi kunda ham ushbu ezgu anʼana oʻzining mantiqiy davomini boshdan kechirmoqda. Davlatimiz rahbari ilgari surgan yangi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish gʻoyasi juda chuqur oʻylangan, aniq mexanizm va strategiyalarga asoslangan, jamiyat intellektini yuzaga chiqaruvchi tarixiy qadamdir. Milliy yuksalishning bu yangi davri oʻzida yuksak maʼnaviyat, zamonaviy taʼlim, innovatsion iqtisodiyot va albatta erkin tafakkurni mujassam etadi.

Bunday ulugʻvor maqsadlar sari tashlanayotgan qadamlar samarasini xalqqa yetkazish, odamlar qalbida daxldorlik hissini uygʻotish hamda islohotlar yoʻlidagi sunʼiy toʻsiqlaru byurokratik holatlarni xolis yoritishda matbuotning oʻrni beqiyos boʻlmogʻi shart. Zamonning oʻzi qalam ahlidan jamiyatni uygʻotuvchi, xalqni teran fikrlashga undovchi va millatning intellektual salohiyatini yuksaltiruvchi asosiy harakatlantiruvchi kuch boʻlishni qatʼiy talab etmoqda. Demak, axborot makonida halollik, xolislik va chuqur tahlilni qaror toptirsakkina, mamlakatimiz ravnaqi hamda Uchinchi Renessans gʻoyasining tomir yozishiga munosib xizmat qilgan boʻlamiz.

Shu oʻrinda eʼtibordan chetda qoldirib boʻlmaydigan yana bir dolzarb masala borki, u bevosita milliy kontent yaratish jarayoni bilan bogʻliq. Globallashuv shiddat bilan jadallashib, axborot xurujlari va mafkuraviy tahdidlar turfa jozibador koʻrinishlarda namoyon boʻlayotgan hozirgi zamonda milliy oʻzligimiz, qadriyatlarimiz va boy tariximizni asrab-avaylash ustuvor vazifaga aylandi. Chegarasiz internet tarmogʻi orqali yot gʻoya va madaniyatlarning taʼsiri soat sayin kuchayib borayotgan bir sharoitda ommaviy axborot vositalari vakillari milliy kontent yaratishga boʻlgan masʼuliyatni susaytirmasliklari lozim.

Yoshlarimiz ongi va dunyoqarashini sof milliy qadriyatlar, vatanga muhabbat, ota-onaga hurmat va umuminsoniy ezguliklar asosida boyitish maqsadida ommabop, yuqori sifatli hamda taʼsirchan milliy axborot mahsulotlarini koʻpaytirish hayotiy zarurat. Biz faqatgina badiiy va hujjatli filmlar, milliy qahramonlarimiz hayotidan hikoya qiluvchi taʼsirchan dasturlar hamda oʻzbek tilining boy imkoniyatlarini namoyon etuvchi intellektual loyihalar orqaligina minglab oʻquvchiyu tomoshabinlarni oʻz atrofimizda jipslashtira olamiz.

Yaqinda poytaxtimizda oʻtkazilgan “Birlashish nuqtasi” media haftaligi ham bu boradagi amaliy qadamlardan biri boʻldi. Unda 70 ga yaqin nodavlat telekanal, radio va onlayn nashrlar yagona maydonda jamlanib, milliy kontent yaratuvchilarning hamjihatligini namoyish etdi. Bu tashabbus BMT, YXHT va YUNESKO kabi nufuzli tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilib, mamlakatimizdagi soʻz erkinligi siyosati toʻgʻri yoʻlda ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Taʼkidlash joiz, axborot isteʼmolchisining saviyasi va talabi oʻtgan yillarda mislsiz darajada oʻsdi. Oʻquvchi endilikda voqelikni shunchaki qabul qiladigan kuzatuvchi emas, uni chuqur tahlil etadigan, rostni yolgʻondan ajrata biladigan, haqli eʼtirozlarini ochiq bildira oladigan, mustaqil fikrli faol ishtirokchidir. Shunday ekan, media vakillari ham qotib qolgan qoliplardan voz kechib, kreativ yondashuvlarni oʻzlashtirishi, shuningdek, zamonaviy raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan unumli foydalanishi yanada amaliy zaruratga aylandi.

Haqiqiy ijodkor oʻz soʻzining qudrati va masʼuliyatini teran anglagan holda faqat millat manfaati yoʻlida qalam tebratishi, eʼlon qilinayotgan har bir maqola, reportaj yoki koʻrsatuv ortida inson taqdiri, yurt ravnaqi va jamiyat kelajagi turganini dildan his qilishi lozim. Axborot maydonida yaratilayotgan har bir sifatli mahsulot tarix sifatida kelajak avlodlar uchun muhrlanib borishini unutishga haqqimiz yoʻq. Erkinlik hech qachon qoidalarni unutish yoki masʼuliyatsizlikni anglatmaydi, aksincha, u vatan, xalq va vijdon oldida javobgarlikni talab etuvchi ulugʻ neʼmatdir. Biz aytayotgan har bir soʻz tarozi pallasida turibdi, uning tosh bosishi esa faqatgina oʻzimizning xolisligimiz va kasbiy mahoratimizga bogʻliq.

Mustaqillik ayyomi chinakam maʼnodagi sarhisob lahzasi ekanini inobatga olsak, bosib oʻtgan qisqa, ammo mazmunli, mashaqqatli va sharafli yoʻlimiz bizga katta saboq beradi. Jamiyat faqatgina qiyinchiliklar va toʻsiqlarni yengib oʻtish orqaligina toblanadi. Erishilgan yutuqlardan ruhlanish bilan bir qatorda yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklardan toʻgʻri xulosa chiqarish, oldinda turgan dovonlardan muvaffaqiyatli oʻtish uchun ruhan va jismonan kuch toʻplash ayni muddao.

Yangi Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi nufuzi yuksalib, xalqaro maydonda qatʼiy soʻzini aytayotgan bir pallada matbuotimiz ham global axborot makoniga dadil kirib borishi, mamlakatimizning ijobiy imijini dunyoga tanitishda, islohotlar mohiyatini jahon ommasiga yetkazishda avangard rolini bajarishi shart. Jurnalistika sohasi vakillari, media menejerlar, tahririyat xodimlari va umuman, axborot siyosatiga daxldor har bir insonning yangi Oʻzbekiston shonli yilnomasini yaratishga qoʻshadigan hissasi faqatgina qatʼiyat, chuqur bilim hamda fidoyilik orqaligina roʻyobga chiqadi.

Odiljon TOJIYEV,

Milliy media assotsiatsiyasi boshqaruv raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati