Shu munosabat bilan bugun Temuriylar tarixi davlat muzeyiga ham ko‘plab yurtdoshlarimiz va xorijiy sayyohlar tashrif buyurib, yangilangan ekspozitsiya bilan yaqindan tanishdi. Tashrif buyuruvchilar zamonaviy texnologiyalar asosida boyitilgan tarixiy ko‘rgazmalar, interaktiv loyihalar va noyob eksponatlarga katta qiziqish bildirdi.
Temuriylar tarixi davlat muzeyi mustaqillik yillarida xalqimizning boy tarixiy va ma’naviy merosini asrab-avaylash hamda keng targ‘ib etishda muhim ilmiy-ma’rifiy maskanga aylandi. Muzeyning asosiy maqsadi Amir Temur va temuriylar davridagi ilm-fan, madaniyat va davlatchilik tarixini haqqoniy yoritish, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdan iborat.
Muzey yaqinda butunlay yangi konsepsiya asosida rekonstruksiya qilinib, zamonaviy texnologiyalar bilan boyitildi. Ekspozitsiyada avatarlar, LED ekranlar, proeksion texnologiyalar, interaktiv kiosklar va immersiv shou xonalari orqali Amir Temur va Temuriylar davri tarixi zamonaviy usulda namoyish etilmoqda. Ayniqsa, sun’iy intellekt asosida jonlantirilgan tarixiy obrazlar ham tashrif buyuruvchilarda katta taassurot qoldirmoqda.
Muzeyning markaziy qismida “Buyuk Sohibqiron — Ikkinchi Renessans asoschisi” kompozitsiyasi yangicha mazmun bilan boyitilgan. Shuningdek, ekspozitsiyada Amir Temurning davlat boshqaruvi, harbiy san’ati, diplomatik aloqalari, ilm-fan va madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasi keng yoritilgan. Temuriylar davriga oid noyob qurol-aslahalar, tarixiy qo‘lyozmalar, miniatyuralar va arxeologik topilmalar ham namoyish etilgan.
Muzeyda bolalar uchun maxsus interaktiv xona ham tashkil etilgan bo‘lib, unda tarixiy o‘yinlar, raqamli bo‘yash va shaxmat maydonchalari yaratilgan. Bu esa yoshlarning tarixga qiziqishini oshirishga xizmat qilmoqda.
Turkiyaning Bursa shahridan tashrif buyurgan sayyohlar Merve Kayrak va Jihan Kayrak ham muzey haqidagi iliq taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Ularning aytishicha, ular Bursada advokat bo‘lib faoliyat yuritadi va O‘zbekistonga ilk bor tashrif buyurgan. Sayyohlar avval Samarqand va Buxoro shaharlarini aylanib, so‘ng Toshkentga kelishganini aytib o‘tdi.
— O‘zbekistonning har bir maskani bizda unutilmas taassurot qoldirdi. Ayniqsa, muzeylaringiz juda boy va zamonaviy ekan. Temuriylar tarixi davlat muzeyi bizga alohida yoqdi. Bu yerga yana, albatta, farzandlarimiz bilan birga kelishni istaymiz, — dedi ular.
Temuriylar tarixi davlat muzeyi ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, Shahnoza Miraliyeva muzeyning bugungi ahamiyati haqida shunday dedi:
— Muzey 30 yil davomida Amir Temur va temuriylar davri tarixini chuqur o‘rganish, targ‘ib qilish va keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ilmiy-ma’rifiy markazga aylandi. Yangilangan ekspozitsiyada zamonaviy texnologiyalar orqali boy tarixiy merosimizni yanada ta’sirchan va interaktiv tarzda namoyish etishga erishildi.
304-maktab o‘quvchisi Shuxratov Ibrohim ham muzeydan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
— Temuriylar tarixi davlat muzeyiga kelganim menga juda yoqdi. O‘zimni xuddi tarix ichiga tushib qolgandek his qildim. Bu yerda Amir Temurning hayoti, janglari, “Temur tuzuklari”, sohibqiron va uning askarlari qanday kiyingani, qanday taomlar iste’mol qilgani haqida juda ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Shuningdek, tarixiy urushlar va o‘sha davr voqealari ham juda qiziqarli tarzda namoyish etilgan ekan.
Bu muzeyga nafaqat bolalar, balki kattalar ham albatta kelishini tavsiya qilaman. Ayniqsa, xorijiy sayyohlar tashrif buyursa, bu yerdan katta taassurot va boy tarixiy bilim bilan qaytadi. Muzey insonning tarixga bo‘lgan qiziqishini yanada oshiradi, — dedi u.
Bugungi ochiq eshiklar kuni doirasida muzeydagi gavjum muhit, yurtdoshlarimiz va sayyohlarning katta qiziqishi tarixiy merosimizga bo‘lgan e’tibor tobora ortib borayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Zulxumor Akbarova,
Madina Botirjonova