Alisher Navoiyning merosi nafaqat oʻzbek xalqi, balki butun insoniyat boyligidir. Hayotning oʻziga xos ensiklopediyasiga aylangan hazrat Navoiyning asarlari koʻplab avlodlarni ilhomlantirib kelmoqda, tadqiqotchilar, adabiyot ixlosmandlari hamda Sharqning boy maʼnaviy dunyosini chuqurroq anglamoqchi boʻlgan barcha insonlar uchun bilim manbai boʻlib xizmat qilmoqda.
Tbilisi shahrida Alisher Navoiy haykalining ochilishi Oʻzbekiston bilan Gruziya oʻrtasidagi madaniy aloqalar tarixida yana bir muhim voqea boʻldi. Xalqlarimizni azaldan savdo yoʻllari, doʻstlik va oʻzaro hurmat rishtalari bogʻlab kelgan, bir-birimizning boy madaniy merosimizga qiziqishimiz katta.
Oʻzbekistonda buyuk gruzin shoiri Shota Rustaveli ijodini chuqur hurmat qilishadi va qadrlashadi. Toshkentning markaziy koʻchalaridan biri uning nomi bilan atalgan, gruzin mumtoz adabiyotining buyuk namoyandasiga haykal oʻrnatilgan. Oʻz navbatida, joriy yilda Tbilisi markaziy bogʻlaridan biriga Alisher Navoiy nomi berildi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston bilan Gruziya oʻrtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik yangi bosqichga koʻtarildi. Tbilisi shahrida Oʻzbekiston madaniyati va kinosi kunlari, Toshkent shahrida esa Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Marosimda Alisher Navoiy jahon adabiyotining buyuk namoyandasi ekani, uning bebaho ijodi asrlar davomida odamlarni insonparvarlik, maʼrifat, tafakkur va oʻzaro hurmatga chorlab kelayotgani taʼkidlandi.
Tbilisi shahridagi Alisher Navoiy haykali Oʻzbekiston va Gruziya xalqlari oʻrtasida mustahkamlanib borayotgan doʻstlik rishtalarining yana bir yorqin ramzi boʻlishiga ishonch bildirildi.