Chennaydagi xalqaro shaxmat olimpiadasida 14-raqam ostida harakat qilgan Oʻzbekiston terma jamoasining bosh sovrinni qoʻlga kiritishi jahon shaxmatida kuchlar nisbati va dinamikasi oʻzgarganini koʻrsatib bergan edi. Bu safargi musobaqa esa mamlakatimiz mezbonligida oʻtkazilayotgani sababli milliy terma jamoamizga yuklangan masʼuliyat koʻlami ham, unga talab ham oʻzgargan.

Taktik ustunlikka ega birinchi jamoamiz musobaqani 3-raqam ostida boshladi. ­Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) tahlilchilarining Oʻzbekistonni asosiy favoritlar sirasiga kiritishi jamoaning soʻnggi yillardagi barqaror natijalari hamda tayyorgarlik darajasi bilan bogʻliq. Samarqandda start olgan ushbu musobaqa jamoamiz uchun Chennaydagi gʻalabaning tasodifiy emasligini amalda tasdiqlash va professional mahoratni amaliy sinovdan oʻtkazish bosqichidir.

15-sentyabr kuni Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi boshlandi. Samarqand xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasida olimpiadaning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi.

27-sentyabrga qadar davom etadigan mazkur musobaqa tarixda ilk bor Markaziy Osiyoda oʻtkazilmoqda. Mezbon sifatida Oʻzbekiston birvarakayiga uchta erkaklar terma jamoasini — jami 15 shaxmatchini bahslarga tushirdi. Asosiy jamoa 3-raqam ostida saralandi va yana medallarga daʼvogarlar qatoridan joy oldi. Uning tarkibida 2022-yilda Chennay olimpiadasida oltin medalni qoʻlga kiritgan toʻrt shaxmatchi bor: Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev va Shamsiddin Vohidov. Ikkinchi va uchinchi jamoalar safida esa ham tajribali grossmeysterlar, ham yangi avlod vakillari dona suradi.

Xoʻsh, nega Oʻzbekistonda uchta jamoa bor? Odatda har bir milliy federatsiya olimpiadada bitta jamoa bilan qatnashadi. Biroq mezbonlar uchun bu qoidadan istisno koʻzda tutilgan. FIDE qoidalariga koʻra, musobaqani tashkil etuvchi federatsiya ikkinchi —

B jamoasini qoʻyish huquqiga ega. Agar ishtirokchi jamoalarning umumiy soni toq boʻlib qolsa, mezbonlar uchinchi — C jamoasini ham qoʻshishi mumkin. Agar uchinchi tarkib birinchi turdayoq oʻynagan boʻlsa, keyinchalik qaysidir jamoalar musobaqadan chiqib ketishi yoki qoʻshilishidan qatʼi nazar, u turnir oxirigacha qoladi.

Samarqand olimpiadasida Oʻzbekiston barcha uch tarkib bilan namoyon boʻldi. ­Birinchi terma jamoa saralashda 3-raqamni oldi (jamoaning oʻrtacha reytingi boʻyicha), Uzbekistan 2 — 31-oʻrinda, Uzbekistan 3 esa 55-oʻrinda qayd etilgan.

Birinchi terma jamoaning oʻrtacha reytingi — 2720. Sardor — oʻzbek shaxmati afsonasi Rustam Qosimjonov.

— Kuchli jamoalar juda koʻp: Polsha, Germaniya, Serbiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, — deydi Rustam Qosimjonov tayyorgarlik jarayoni, doskalar taqsimoti, raqiblar va terma jamoaning oltin medal olish imkoniyatlari haqida toʻxtalib. — Osiyo jamoalari ichida odatdagidek Eron jamoasi kuchli. Turkiyaning tarkibi ham juda yosh va imkoniyatlari yuqori. Anʼanaga koʻra, Ozarbayjon — kuchli jamoa. Olimpiadalarda odatda Armaniston ham jiddiy raqib hisoblanadi. Bularning barchasi kuchli uchlik-toʻrtlikka kirmaydigan jamoalar. Ammo ularning bari nihoyatda kuchli. Bundan tashqari, asosiy “ogʻir vaznlilar” bor. Bu toʻrtlik — Xitoy, AQSH, Hindiston va Oʻzbekiston. Aslida, turli odamlar ularni turlicha tartibda baholashadi. Olimpiada hech kim uchun oson boʻlmaydi.

2022-yilgi olimpiadada Oʻzbekistonga tarixiy oltinni keltirgan beshlikdan Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev va Shamsiddin Vohidov yana asosiy tarkibda bahslashmoqda. Oʻsha jamoaning beshinchi aʼzosi Jahongir Vohidov endilikda Uzbekistan 2 tarkibiga kiritilgan, uning asosiy beshlikdagi oʻrnini esa 19 yoshli Muhiddin Madaminov egalladi. 2022-yilda Oʻzbekiston barcha 11 turni jamoaviy magʻlubiyatsiz yakunlagan edi. Ikki yil oʻtib, deyarli shu tarkibdagi terma jamoa Budapesht olimpiadasining bronza medaliga sazovor boʻldi. Oʻshanda Shamsiddin Vohidov toʻrtinchi doskada qoʻshimcha ravishda yakkalik oltin medalini, Nodirbek Abdusattorov esa birinchi doskada kumush medalni qoʻlga kiritgandi.

Jamoaning ushbu muvaffaqiyatlari zamirida har bir doska sohibining oʻziga xos oʻyini, mukammallashib borayotgan taktikasi va oxirgi yillarda erishgan individual natijalari yotadi. Bu natijalar va oʻsish surʼatini har bir shaxmatchi misolida alohida koʻrib chiqish mumkin.

Javohir Sindorov:

— Olimpiya oltinidan keyingi toʻrt yil davomida Sindorov yosh terma jamoaning navqiron isteʼdodidan jahon chempionligiga rasmiy daʼvogar darajasigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtdi. Tayyorgarligi, xalqaro turnirlardagi ishtiroki hamda murabbiylar bilan ishlashi uning taktik hushyorligini sovuqqon strategik aniqlik bilan toʻldirishga xizmat qildi. Har bir partiyada chuqur nazariy tayyorgarlikni psixologik matonat bilan birlashtirgan shaxmatchi eng hayajonli lahzalarda ham oʻyin tizginini oʻz qoʻlida ushlab turishni oʻrgandi. Natijada shaxsiy xarakterdagi bunday sifat oʻzgarishi uni oddiy iqtidorli grossmeysterdan zamonaviy shaxmat elitasi safida har qanday choʻqqini zabt etishga qodir yetakchiga aylantirdi.

U grossmeysterlik unvonini 2018-yildayoq — 12 yoshida qoʻlga kiritib, tarixdagi eng yosh grossmeysterlardan biriga aylangandi. Shuningdek, Sindorov 2019 va 2021-yillarda ikki karra Oʻzbekiston chempioni boʻlgan. Asosiy yuksalish 2025-yilda yuz berdi. Sindorov Goada oʻtkazilgan FIDE jahon kubogi finalida xitoylik Vey Ini magʻlub etib, bosh sovrinni qoʻlga kiritdi va turnir tarixidagi eng yosh gʻolib boʻldi. Yarim finalda esa u terma jamoadagi sherigi Nodirbek Yoqubboyevdan ustun kelgandi.

Jahon kubogidagi gʻalaba uni 2026-yilgi nomzodlar turniriga olib chiqdi. U yerda Sindorov musobaqa tugashiga bir tur qolgandayoq 1-oʻrinni naqd qildi va amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukeshga qarshi jahon shaxmat toji uchun oʻyin oʻtkazish huquqiga ega boʻldi. Sentyabr oyiga kelib, Sindorov oʻz reytingini 2778 ga yetkazdi va dunyoning eng kuchli shaxmatchilari orasida 4-oʻrinni egallab turibdi.

Nodirbek Abdusattorov:

2021-yilning dekabrida 17 yoshli Abdusattorov rapid boʻyicha jahon chempioni boʻldi. Turnir davomida u, jumladan, Magnus Karlsenni magʻlub etdi, birinchilik uchun kurashda esa Karlsen, Fabiano Karuana va Yan Nepomnyaщiyni ortda qoldirdi. Chempion nomi tay-breykda aniqlandi va unda hamyurtimiz Nepomnyaщiydan ustun keldi.

Keyingi yozda Abdusattorov Chennaydagi olimpiadada gʻalaba qozongan terma jamoaning birinchi doskasida oʻynadi. U 11 ta partiyadan 8,5 ochko jamgʻarib, 2803 koʻrsatkichdagi performans qayd etdi va birinchi doskaning shaxsiy hisobida kumush medalga ega chiqdi.

2024-yilda Budapeshtda oʻtgan olimpiadada ham u terma jamoa yetakchisi sifatida musobaqani bronza bilan yakunlashga yordam berdi va yana shaxsiy kumush medalni oldi. 2026-yil fevralida Abdusattorov dunyoning eng nufuzli turnirlaridan biri — Veyk-an-Zeedagi Tata Steel Masters musobaqasida bosh sovrinni qoʻlga kiritdi. Keyinroq u London Chess Classic superturniri va Prague International Chess Festival da gʻolib chiqdi.

Nodirbek Yoqubboyev:

— Yoshi 24 da boʻlishiga qaramay, Yoqubboyev hozirgi jamoaning eng tajribali vakillaridan biri. U 2016, 2018 va 2020 yillarda Oʻzbekiston chempioni boʻlgan, 2025 yilning aprelida esa toʻrtinchi bor mamlakat birinchiligida gʻolib chiqdi. Soʻnggi chempionat finalida u Ortiq Nigmatovni taslim etgandi.

2022 yilgi olimpiadada Yoqubboyev ikkinchi doskada dona surib, 11 imkoniyatdan 8 ochko toʻpladi (performans reytingi 2759). Jamoaviy oltin bilan birga u oʻz doskasida shaxsiy bronza medalni ham qoʻlga kiritdi.

Shaxsiy turnirlardagi eng yirik natijalaridan biri 2025 yilgi jahon kubogida qayd etildi. Yoqubboyev yarim finalgacha yetib borib, Sindorov bilan toʻqnashdi. Klassik partiyalar durang bilan yakunlandi, tay-breykda esa Sindorov ustun keldi. Uchinchi oʻrin uchun bahsda Yoqubboyev Andrey Yesipenkoga imkoniyatni boy berib, yakunda 206 ishtirokchi orasida 4-oʻrinni egalladi.

Yaqinda Toshkentda Yoqubboyev Eron terma jamoasi yetakchisi, dunyoning top 15 taligiga kiruvchi Amin Tabatabaiy bilan bahsda gʻalaba qozondi. Onlayn reytingda esa u super grossmeysterlik mezoni boʻlmish 2700 ga yaqinlashib qoldi.

 

Shamsiddin Vohidov:

— Vohidov katta sahnada ilk bor oʻsmirlar shaxmatida porlagan: 2015-yilda u 14 yoshgacha boʻlganlar oʻrtasida jahon chempionligiga erishdi. Oradan uch yil oʻtib, oʻzbekistonlik 16 yoshli shaxmatchi rapid boʻyicha jahon chempionatida Magnus Karlsenni dogʻda qoldirdi.

2023 yilda u shaxsiy faoliyatidagi eng katta muvaffaqiyatlardan biriga erishdi: klassik shaxmat boʻyicha Osiyo chempioni boʻldi. Olmaotadagi musobaqada Vohidov 9 imkoniyatdan 7 ochko jamgʻarib, eng yaqin taʼqibchilarini yarim ochko ortda qoldirgan holda yakkapeshqadam boʻldi. 2024 yilgi olimpiada esa uning faoliyatidagi eng yorqin musobaqalardan biriga aylandi. Vohidov Oʻzbekistonga jamoaviy bronzani taqdim etish bilan birga toʻrtinchi doskada shaxsiy oltin medalni ham qoʻlga kiritdi.

Muhiddin Madaminov:

Madaminov — terma jamoa safida kattalar olimpiadasida qatnashmagan yagona shaxmatchi. U 2024-yilda grossmeysterlik unvonini olgan boʻlsa, keyingi ikki mavsum ichida 2600 lik dovonga yaqinlashib keldi. 2023-yildayoq 2431 reytingga ega xalqaro master boʻlgan Madaminov Osiyo chempionatida 9 partiyadan 6 ochko jamgʻarib, 8-oʻrinni egallagan edi.

Eng ulkan muvaffaqiyatiga u 2026-yil yozida erishdi. Madaminov UzChess Cup Masters musobaqasining eng kuchli guruhida zafar quchdi. Toʻqqiz turdan soʻng u Vohidov bilan 1-oʻrinni boʻlishib oldi, soʻngra tay-breykdagi har ikkala partiyada ham gʻalaba qozondi. Turnirda Nodirbek Abdusattorov, Arjun Erigaysi, Yan Nepomnyaщiy, Shahriyor Mamedyarov va boshqa mashhur grossmeysterlar ham bahs olib borgan edi. FIDE bu gʻalabani Madaminov faoliyatidagi eng katta yutuq deb atadi.

Shuningdek, u jahon kubogi va nomzodlar turnirida Javohir Sindorovning sekundanti (grossmeysterning partiyalarga tayyorlanuvchi yordamchisi va tahlilchisi) sifatida ham ishlagan. Shu tariqa kattalar olimpiadasi tajribasi nuqtayi nazaridan eng yosh va eng kam tajribaga ega boʻlgan jamoa aʼzosi Samarqanddagi bahslarga oʻz faoliyatidagi eng yuqori sport natijasi bilan kirib kelmoqda.

Ikkinchi terma jamoa 2532 oʻrtacha reytingga ega va saralashda 31-oʻrinni egallagan. Jamoa sardori — Oʻzbekiston shtabidagi eng tajribali mutaxassislardan biri boʻlgan ukrainalik grossmeyster Pavel Elyanov. Ukraina terma jamoasi tarkibida u ikki marta — 2004 va 2010-yillarda shaxmat olimpiadasida gʻolib boʻlgan.

Uchinchi terma jamoaning oʻrtacha reytingi — 2424, saralash raqami — 55. Qozogʻistonlik grossmeyster Murtas Kajgaleev jamoa sardori sifatida qayd etilgan. Ushbu terma jamoaning har birida xalqaro yoki oʻsmirlar oʻrtasidagi musobaqalarda qoʻlga kiritilgan yutuqlar mavjud.

Ayollar seksiyasida asosiy favoritlar doirasi bir oz boshqacharoq. Birinchi raqam ostida amaldagi chempion Hindiston qayd etilgan boʻlsa, undan keyin Gruziya, Xitoy, Qozogʻiston va AQSH bormoqda. Shuningdek, Ukraina va Ozarbayjon terma jamoalariga qarshi bahslar ham oson kechmaydi.

Ayniqsa, Qozogʻiston alohida eʼtiborga loyiq. Oʻtgan olimpiadada jamoa kumush medalga ega chiqib, ayollar turniri tarixidagi ilk medalini qoʻlga kiritgan edi. Oʻshandan buyon jamoaning yosh yetakchilari yanada kuchaydi, shu bois, ulardan kamida avvalgi yuqori natijani takrorlashni kutish mumkin. Birinchi doskada Bibisara Asaubayeva, keyingi doskalarda esa Alua Nurman, Meruyert Kamalidenova, Elnaz Kaliaxmet va Zarina Nurgaliyeva bahs olib boradi.

Biroq 13-start raqamiga ega Oʻzbekiston birinchi ayollar terma jamoasining ham muhim oʻrinlar uchun kurashish imkoniyati ancha yuqori. Jamoa safidan Afroʻza Hamdamova, Gulruhbegim Tohirjonova, Umida Omonova, Nilufarxon Imomqoʻziyeva va Guldona Karimova joy olgan.

Birinchi ayollar terma jamoasiga mamlakatning eng taniqli shaxmatchilaridan biri, koʻp yillar davomida Oʻzbekiston sharafini xalqaro musobaqalarda himoya qilgan Nafisa Moʻminova sardor hisoblanadi.

— Ilgari bunday sharoitlar boʻlmagan, ayni paytda qizlarda toʻlaqonli tayyorgarlik koʻrish uchun barcha imkoniyatlar va qoʻllab-quvvatlov mavjud, — deydi Nafisa Moʻminova. — Qizlar stipendiya olmoqda, turnirlardagi ishtiroki, murabbiylar va jismoniy tayyorgarlik boʻyicha mutaxassis xizmatlari toʻlab berilyapti. Ularga faqat shaxmatga diqqatni qaratish qoldi, xolos. Bundan tashqari, tashkiliy tashvishlarning barchasi ularning yelkasidan olindi: turnirlarga roʻyxatdan oʻtish, chiptalar xarid qilish, yoʻnalishlarni rejalashtirish, tashkilotchilar bilan muzokaralar oʻtkazish va mehmonxona topish kabi ishlar bilan maxsus hamrohlik guruhi shugʻullanmoqda. Jamoa uchun oʻynaganda masʼuliyat ancha yuqori boʻladi. Olimpiadalarda men birinchi doskalarda oʻynaganman va yetakchi sifatida buni doim juda teran his qilganman. Asosiysi, oʻz taxtangni mustahkam ushlab turish.

Shaxmat olimpiadasi — mazkur sport turidagi eng muhim jamoaviy musobaqa. U har ikki yilda bir marta oʻtkaziladi. Har bir jamoa toʻrt asosiy va bir zaxira oʻyinchisidan iborat boʻladi.

Vaqt nazorati dastlabki 40 ta yurish uchun 90 daqiqani tashkil etadi, shundan soʻng oʻyinchiga yana 30 daqiqa qoʻshib beriladi. Birinchi yurishdan boshlab har bir amalga oshirilgan yurish uchun 30 soniyadan qoʻshib boriladi. Matchdagi gʻalaba uchun jamoaga ikki ochko, durang uchun bir ochko beriladi. 11 tur davomida eng koʻp match ochkosi jamgʻargan jamoa gʻolib deb topiladi. Ochkolar teng kelib qolgan taqdirda qoʻshimcha koʻrsatkichlar tizimi ishga tushadi — Berger koeffitsiyenti (raqiblar toʻplagan ochkolar miqdori) hamda jamoaning har bir aʼzosi toʻplagan individual ochkolar yigʻindisi hisobga olinadi.

Bundan oldin Samarqand rapid va blis boʻyicha jahon chempionati hamda Grand Swiss turniriga mezbonlik qilgan, biroq olimpiada koʻlami jihatidan ushbu yirik musobaqalardan ham ancha ustun turadi.

Dastlabki olti tur 16-sentyabrdan 21-sentyabrga qadar har kuni soat 15:00 da boshlanadi. 23-sentyabrdan 26-sentyabrgacha 7-turdan 10-turgacha boʻlgan bahslar oʻtkaziladi. Soʻnggi, hal qiluvchi 11-tur esa 27-sentyabr kuni boʻlib oʻtadi va odatdagidan ertaroq — soat 11:00 da boshlanadi.

Ayni kunlarda Samarqand oʻzida butunjahon shaxmati energiyasini jamlab, global aql-idrok markaziga aylanmoqda. Allaqachon bu yerda nogironligi boʻlgan insonlar oʻrtasidagi uchinchi FIDE olimpiadasi rekord darajadagi 41 ta jamoa ishtirokida oʻtkazilmoqda. Asosiy olimpiada kunlarida FIDE ­kon­gressi va saylovi, 24-sentyabrda esa shaxmat taʼlimiga bagʻishlangan sammit ham tashkil etiladi.

Azizbek YUSUPOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri