Suv haqida odatda u kamayganda oʻylaymiz. Joʻmrakdan suv oqayotganida esa qadrini yetarlicha his qilmaymiz. Aslida, har kuni behuda oqayotgan bir necha litr suv bir oyda yuzlab, bir yilda esa minglab litrga aylanadi. Bugun biz uchun oddiy tuyulayotgan obihayot masalasi ertaga butun jamiyatning eng katta muammolaridan biriga aylanishi mumkin. Shuning uchun suv tejashni tugaganidan keyin emas, hozirdan boshlash lozim.

Parkent tumanidagi xonadonlardan birida aynan shu gʻoya asosida kichik, ammo amaliy tajribani boshladik. Maqsadimiz oddiy — tomdan tarnov orqali oqib tushayotgan yomgʻir suvini shunchaki kanalizatsiyaga yoki koʻchaga oqizib yubormay, yigʻish, saqlash va ichimlik suv talab qilmaydigan ehtiyoj uchun qayta foydalanish edi. Tajriba oddiy, ammo natijalari bu masalaga boshqacha qarash kerakligini koʻrsatdi. Xonadon tomining sathi taxminan 200 kvadrat metr. Uning toʻrtta burchagida yomgʻir suvini chiqaruvchi tarnovlar mavjud. Hozircha ulardan faqat bittasi yigʻish tizimiga ulandi. Aprelda yomgʻir yoqqanida bir kunda faqat shu bitta tarnovdan taxminan 2 tonna, yaʼni 2000 litr suv yigʻildi.

Tasavvur qiling: avval koʻchaga oqib ketadigan suvning oʻzi birgina yomgʻirda 2 tonnali zaxiraga aylandi. Bu natija bizni yana bir savol xususida oʻylashga majbur qildi: agar bitta burchakdan 2 tonna suv yigʻilayotgan boʻlsa, tomning toʻrt burchagini yagona tizimga birlashtirsak, qancha suvni saqlab qolishimiz mumkin? Shu tufayli loyihamizning keyingi bosqichida tomning toʻrt burchagidan tushadigan suvni bitta — markaziy yigʻish nuqtasiga olib kelishni rejalashtirdik.

Bu shunchaki suv yigʻish emas, balki xonadonning oʻzida kichik suv zaxirasini yaratish deganidir. Ichimlik suvni texnik ehtiyojlarga sarflash zarur. Isteʼmol ­qilib boʻlmaydi. Chunki bunday suvni ichimlik maqsadida ishlatish uchun tegishli tozalash, dezinfeksiya va sanitariya talablari bajarilishi kerak. Ammo kundalik hayotimizda suv talab qiladigan juda koʻp boshqa ehtiyojlar bor. Masalan, kir, yuz-qoʻl va avtomobil yuvish, hovliga suv sepish, ekin va tomorqani sugʻorish, chorvani sugʻorish, quyosh panellarini tozalashda foydalanish mumkin. Demak, bir tomondan ichimlik suvni asrayapmiz. Ikkinchi tomondan esa yomgʻir suvini foydali resursga aylantiryapmiz.

Loyihaning yana bir muhim jihati, yigʻilgan suvni kerakli joylarga yetkazish uchun nasosdan foydalanilmoqda. U esa quyosh panellari ishlab chiqaradigan elektr energiyasi yordamida ishlaydi. Yaʼni bir tizimda ikki tabiiy resursdan foydalaniladi. Natijada xonadonning suv va energiya tejamkorligi yaxlit tizimga birlashtiriladi.

Bu qanchalik foydali?

Koʻpincha yangi gʻoyalar haqida gapirganda “Bu qanchalik foydali?” degan savol tugʻiladi. Tajribamizda bunga aniq raqamlar bilan javob berish mumkin.

Tizim oʻrnatilishidan avval xonadonda ichimlik suvga oyiga taxminan 150 ming soʻm toʻlanardi. Tizim oʻrnatilgandan soʻng bu mablagʻ 56 ming soʻmgacha kamaydi. Demak, bir oyda 94 ming soʻm tejalmoqda. Bir yil hisobida esa taxminan 1 million 128 ming soʻmni iqtisod imkoniyati paydo boʻldi.

Bundan tashqari, sugʻorish, avtomobil yuvish, hovliga suv sepish, quyosh panellarini tozalash kabi ehtiyojlarda ishlatilayotgan suvning qiymati bu hisobga toʻliq kiritilmagan. Shuning uchun loyihaning real iqtisodiy samarasi faqat suv toʻlovidagi kamayishdan ham kattaroq.

Loyihaga sarflangan mablagʻ

Tizimni yoʻlga qoʻyish uchun taxminan 3 million 700 ming soʻm sarflandi. Ikki dona 1 tonnali bochka — 1 million soʻm, nasos — 1 million 200 ming soʻm, quvurlar va tomchilatib sugʻorish uchun zarur jihozlar — 1 million soʻm, filtr — 200 ming soʻm, ish haqi — 300 ming soʻm.

Bu mablagʻni faqat dastlabki xarajat sifatida tushunmaslik kerak. Chunki qurilma yillar davomida ishlashi va suv xarajatlarini kamaytirishi mumkin. Faqat ichimlik suvga toʻlovning kamayishi hisobiga dastlabki xarajatning qoplanish muddati taxminan 3 yil atrofida boʻlishi mumkin. Boshqa xoʻjalik ehtiyojlaridagi tejamkorlik ham hisobga olinsa, loyiha yanada manfaatli boʻladi.

Endi masalaga bitta xonadon emas, butun Oʻzbekiston nuqtayi nazaridan qaraylik. Mamlakatimiz aholisi 39 milliondan ziyod. Agar bir kishiga kuniga oʻrtacha 99 litr ichimlik suv toʻgʻri kelsa, mamlakat miqyosida har kuni 3,861 million kub metr suv sarflanadi. Bir yilda esa taxminan 1,409 milliard kub metr boʻladi. Bu raqam Oʻzbekistondagi barcha suv isteʼmolining rasmiy umumiy hajmi emas. Faqat aholi soni va bir kishiga 99 litr kunlik isteʼmol koʻrsatkichidan kelib chiqadigan hisob-kitob, xolos.

Ammo uning oʻzi ham muammoning koʻlamini koʻrsatadi. Agar shu suvning hatto kichik bir qismini tejash imkoniyati yaratilsa ham mamlakat miqyosida sezilarli natijaga erishiladi. Suv taʼminotiga tushadigan bosim kamayadi.

Yashirin imkoniyat

Oʻzbekiston hududida yogʻingarchilik miqdori hududlarga qarab farq qiladi. Lekin har bir hududda yomgʻir yogʻadi. Bugun esa koʻplab xonadonlarda tomdan tushayotgan yomgʻir suvi foydalanilmay oqib ketadi. Bu yerda katta imkoniyat yashiringan. Tom aslida faqat uyni yomgʻirdan himoya qiladigan konstruksiya emas, balki suv yigʻish maydoni ham boʻlishi mumkin. Agar tomdan tushadigan suv tarnov orqali rezervuarga yoʻnaltirilsa, filtrdan oʻtkazilsa va xavfsiz foydalanish tizimi yaratilsa, xonadon oʻzining kichik suv zaxirasiga ega boʻladi. Buni qurilayotgan yangi uy-joy loyihalarida aynan shu imkoniyatni hisobga olish kerak.

Agar bunday tizim oddiy xonadonda 200 kvadrat metrli tomda samara berayotgan boʻlsa, katta tomli maktab, bogʻcha yoki poliklinikada uning imkoniyati yanada yuqori boʻladi. Maktab tomidan yigʻilgan yomgʻir suvini ichimlik uchun emas, balki hovli, yashil hududlar va texnik ehtiyojlar uchun ishlatish mumkin. Bogʻchalarda ham shu tamoyilni qoʻllash mumkin. Poliklinika va boshqa ijtimoiy obyektlarda esa suv sarfining muayyan qismini yomgʻir suviga oʻtkazish orqali texnik maqsadda ishlatiladigan ichimlik suvga talabni kamaytirish mumkin. Shu tufayli ushbu tashabbusni faqat xonadonlar uchun emas, ijtimoiy obyektlar uchun ham alohida pilot loyiha sifatida sinab koʻrish zarur.

Loyihaning biz uchun eng muhim jihatlaridan biri shundaki, ish faqat qurilmani oʻrnatish bilan toʻxtab qolmayapti. Amaliy tajriba bilan bir vaqtda qonunchilik boʻyicha ham ish olib borilmoqda. Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasidagi deputatlar bilan birga yomgʻir suvini yigʻish, undan samarali foydalanish va suvni tejash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qonunchilikka takliflar tayyorlash ishlari bajarilmoqda. Bu juda muhim bosqich. Chunki bitta xonadon oʻz tashabbusi bilan tizim oʻrnatishi mumkin. Ammo bunday amaliyotni minglab va millionlab xonadonlarga yetkazish uchun huquqiy, tashkiliy va iqtisodiy mexanizmlar zarur.

Shu bois, biz oʻz tajribamizni qonunchilik takliflari bilan bogʻlashga harakat qilyapmiz. Loyihaning gʻoyasini rivojlantirish, tizimli shaklga keltirish, takliflarni tahlil qilish va kelgusidagi yoʻnalishlarni belgilash juda muhim.

Maqsad qonun yozishning oʻzi emas

Bu yerda asosiy maqsad yangi talablarni shunchaki joriy qilish emas. Avvalo, savolga javob topish kerak. Qanday qilib aholi uchun qulay, arzon va samarali yomgʻir suvini yigʻish tizimini yaratamiz? Buning uchun pilot loyihalar kerak. Masalan, dastlab ayrim mahallalarda xonadonlar tanlanadi. Ularning tomi maydoni, yil davomida yigʻilgan suv miqdori, suv sarfi, iqtisodiy tejamkorligi va qurilmaning xizmat koʻrsatish xarajati oʻrganiladi. Keyin natijalar taqqoslanadi. Shundan soʻng eng samarali modelni boshqa hududlarga joriy etish mumkin.

Loyihaning yana bir yoʻnalishi innovatsiya. Ushbu loyiha boʻyicha patent olganmiz. Endi bu tajribani yanada takomillashtirib, aholiga qulayroq, ixchamroq va samaraliroq yangi foydali qurilma yaratish hamda unga belgilangan tartibda patent olish harakatidamiz. Maqsad faqat patent hujjatiga ega boʻlish emas, balki odamlar real hayotda foydalanadigan qurilma yaratish. U oddiy, narxi imkon qadar arzon boʻlishi kerak. Oʻrnatish oson, texnik xizmat koʻrsatish esa qulay boʻlishi lozim.

Bugun Parkentdagi bir xonadonda bu tizim ishlamoqda. Bir yomgʻirda 2 tonna suv. Bir oyda 94 ming soʻm tejamkorlik. Bir yilda

1 million 128 ming soʻm. Lekin bu raqamlarning eng katta qiymati pulda emas, balki shunday tajriba mavjudligida. Biz “buni qilish mumkinmi?” degan savolga endi nazariy emas, amaliy javob bera olamiz. Ha, mumkin. Yomgʻir suvini yigʻish, saqlash, texnik ehtiyojlarga yoʻnaltirish va hatto nasos orqali kerakli joyga yetkazish mumkin.

Endi navbatdagi savol: buni qanday qilib minglab xonadonlarga yetkazamiz? Bugunning eng muhim vazifasi ham shu. Chunki suv masalasi ertangi kunning muammosi emas. U bugunning muammosi. Bugun yomgʻir yogʻayotgan paytda biz suvni oqizib yuborsak, ertaga qurgʻoqchilik kelganda uni izlashimiz tayin. Shu bois, ertaga suvni qidirmaslik uchun bugun yomgʻirni yigʻaylik.

Muhsiddin NIZOMIDDINOV,

Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi deputati