Buni Janubiy Koreyada tahsil olgan Oʻzbekiston fuqarosining taqdiri ham koʻrsatib turibdi.
1995-yilda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan fuqaro 2017-yilda Janubiy Koreya Respublikasidagi nufuzli universitetga oʻqishga kirgan. Xorijda tahsil olish davrida u ijtimoiy tarmoqlar orqali «jihod», «hijrat» va «shahidlik»ni targʻib qiluvchi shaxslarning audio-video maʼruzalarini bilan tanishgan.
Suriyadagi qurolli toʻqnashuvlar aks etgan videolar taʼsirida u aqidaparastlik gʻoyalari taʼsiriga tushgan. Keyinchalik Instagram va Telegram orqali Suriya hududida faoliyat yuritayotgan «Tavhid va jihod katibasi» hamda «Gʻuroba katibasi» kabi terrorchilik tashkilotlariga aloqador shaxslar bilan muloqotga kirishib, ularga taalluqli materiallarni tarqata boshlagan.
Universitetni tamomlaganidan keyin ham Janubiy Koreyada qolgan fuqaro «Gʻuroba katibasi» terrorchilik tashkilotining media blogeri «Saad Muxtor»ning internet orqali amalga oshirgan aldovlariga ishonib, unga pul yuborgan.
2023-yil dekabr oyida Oʻzbekistonga qaytib kelgan. 2024-yil iyul oyida esa Suriyadagi jangarilar safiga qoʻshilish maqsadida Turkiyaga borgan, ammo rejasi amalga oshmay ortga qaytgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida u qoʻlga olingan va unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Sud hukmi bilan fuqaro Jinoyat kodeksining 244¹, 244², 155² va 155³-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlardagi yolgʻon va buzgʻunchi gʻoyalarga ishonish, terrorchilik tashkilotlari va ularning vakillari bilan aloqa oʻrnatish ogʻir huquqiy oqibatlarga olib kelishini yana bir bor koʻrsatadi.