Yuqori malakali shifokorlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilib, ular uchun munosib sharoitlar yaratildi. Ilgari xorijda amalga oshirilgan 100 dan ziyod murakkab diagnostika va davolash usullari bugun yurtimizda ham mukammal bajarilmoqda.
– Aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991-yildagi 66,4 yoshdan 2025-yilda 75,4 yoshga yetgani, go‘daklar va onalar o‘limi ko‘rsatkichi 4 barobar kamaygani sohadagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir,
– dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari jonajon Vatanimiz azaldan ulug‘ mutafakkirlar, aziz avliyolar va buyuk allomalar yurti bo‘lib kelganini ta’kidladi.
Bu bebaho merosga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmualari kabi betakror ilmiy-ma’rifiy dargohlar barpo etildi.
Ushbu muhtasham va tabarruk maskanlar nafaqat yurtimiz va islom olami, balki butun jahon ahlining haqli e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Bunday bunyodkorlik ishlari jadal davom ettiriladi.