Lekin biz alohida faxrlanadigan natija bor. Toshkent inson kapitali bo‘yicha dunyoda 108-o‘rinni egalladi. 2024-yilda shahar 136-o‘rinda, 2025-yilda esa 123-o‘rinda edi. Reytingning ketma-ket uchta nashrida biz odamlarning bilimi, ko‘nikmasi va kasbiy salohiyatini aks ettiruvchi yo‘nalishda barqaror o‘sishni ko‘rib turibmiz.
Bu Toshkent dinamikasining yagona xalqaro e’tirofi emas. Boston Consulting Group kompaniyasining 2025-yilda o‘tkazilgan va 2026-yil 21-mayda e’lon qilingan "Built to Change: How Cities Compete for the Future" tadqiqotida Toshkent dunyoning 80 ta shahri orasida o‘zgarish tezligi bo‘yicha faqatgina Shenchjen va Ar-Riyoddan keyin uchinchi o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, iqtisodiy faollikdagi o‘zgarishlar tezligi bo‘yicha poytaxt birinchi o‘rinni egalladi. BCG nafaqat shaharning hozirgi holatini, balki uning qanchalik tez rivojlanayotganini, moslashayotganini va aholi uchun sharoitlarni yaxshilayotganini baholaydi. Tadqiqot 200 dan ortiq ko‘rsatkichlarni qamrab oladi va dunyo shaharlarining 24 ming nafar aholisi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalarini hisobga oladi.
Raqamlar ortida har kuni poytaxt kelajagini yaratayotgan insonlar turibdi: o‘qituvchilar va shifokorlar, muhandislar va tadbirkorlar, shahar xizmatlari mutaxassislari, talabalar va yosh mutaxassislar. Toshkent ularning bilimi, tashabbuslari va mehnati evaziga kuchliroq bo‘lib bormoqda. Aynan shuning uchun ham inson shaharni rivojlantirishga oid qarorlar markazida qolmoqda.
Ushbu natijalar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, Prezident Administratsiyasining poytaxtni rivojlantirishga qaratayotgan e’tibori, shahar va tuman jamoalarining hamjihatlikda ishlashi, biznesning sa’y-harakatlari va aholining bevosita ishtiroki tufayli mumkin bo‘ldi. Xalqaro tahlilchilar Toshkentni "Cities to Watch" — rivojlanishini kuzatib borish lozim bo‘lgan shaharlar ro‘yxatiga kiritdilar. Biz uchun bu umumiy mehnatimiz e’tirofi va shahrimiz bilan faxrlanish uchun asosdir.