Mazkur inshoot transport oqimini samarali tashkil etish, yoʻl harakati xavfsizligini oshirish, tirbandliklarni kamaytirish hamda Toshkent shahri bilan Nurafshon oʻrtasidagi qatnov vaqtini 10-15 daqiqaga qisqartirishga xizmat qiladi.

Bektemir va Oʻrta Chirchiq tumanlari tutashgan hududda 14,1 gektar maydonda barpo etilgan loyihaning qiymati 240 milliard soʻmni tashkil etdi. Obyekt tarkibida uzunligi 66 metr, kengligi 46 metr boʻlgan koʻprik, 450 metrlik yer osti avtomobil yoʻli, ikkita ortga qayrilish yoʻlagi, toʻrtta yer osti piyodalar oʻtish yoʻlagi va 950 metrlik aylana halqa yoʻli qurildi. Shuningdek, 9,5 kilometr piyoda va veloyoʻlaklar, sakkizta jamoat transporti bekati, 240 ta tashqi yoritish chirogʻi hamda 6 kilometr yoʻl toʻsiqlari barpo etildi.

Yangi obyektning ishga tushirilishi natijasida yoʻnalishning kunlik oʻtkazuvchanlik quvvati bir necha barobarga oshib, 130 mingta avtotransport vositasiga yetadi. Bu esa poytaxt va Toshkent viloyati oʻrtasidagi transport aloqalarini yanada yaxshilash, tirbandliklarni bartaraf etish hamda aholi uchun qulay harakatlanish sharoitini yaratishga xizmat qiladi.

Prezidentimizga loyihaning texnik yechimlari, transport oqimini boshqarish imkoniyatlari hamda kelgusida Toshkent – Nurafshon yoʻnalishida tezyurar avtobuslar tizimini (BRT) yoʻlga qoʻyish boʻyicha rejalar haqida ham axborot berildi.