Loyihaning mazkur bosqichi Shahrisabz, Mirobod va Shota Rustaveli koʻchalari tutashgan aylанma chorrahadan Amir Temur shoh koʻchasi bilan kesishmagacha boʻlgan 1,2 kilometrlik hududni qamrab oldi.
Qurilish jarayonida mavjud asfalt qoplamasini yangilash bilan cheklanilmadi. BRT yoʻlagida katta sigʻimli avtobuslarning muntazam harakati va doimiy yuklamasi hisobga olinib, yoʻlning ostki konstruktsiyasi toʻliq qayta qurildi.
Buning uchun ayrim qismlarda 2 metrdan ortiq chuqurlikkacha qazish ishlari bajarilib, mavjud asos olib tashlandi va yoʻl poydevori qayta shakllantirildi. Grunt namligi, tuproqning siljishi va keyinchalik choʻkish xavfini kamaytirish maqsadida geotekstil qoplamasi yotqizildi.
Shundan soʻng yoʻl asosi bosqichma-bosqich mustahkamlandi. Xususan, 35 santimetr qalinlikdagi qum-shagʻal aralashmasi yotqizildi, M-75 markali mustahkamlovchi qatlam tashkil etildi. Keyin 9 santimetr qalinlikdagi yirik donali asfalt-beton qatlam yotqizilib, yakuniy qoplama sifatida 5 santimetr qalinlikdagi PShMA-20 qoʻllanildi.
BRT infratuzilmasi doirasida 5 ta yangi avtobus bekati tashkil etilib, jamoat transporti uchun alohida harakat yoʻlagi shakllantirildi. BRT yoʻlagi umumiy transport oqimidan bordyurlar orqali jismonan ajratildi.
1,2 kilometrlik mazkur uchastka Shahrisabz koʻchasida BRT infratuzilmasini shakllantirishning birinchi bosqichi hisoblanadi. Umumiy loyiha doirasida Shahrisabz koʻchasining qariyb 3 kilometrlik qismida BRT yoʻlagini tashkil etish koʻzda tutilgan.