Bu haqida Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati ma'lum qildi. 

Ochilish marosimi tadbir doirasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi boshlangan brendning ilk modeliJAC M3 avtomobilini yig‘ish liniyasi rasman ishga tushirildi.

JAC Motors ToshkentMCHJ Xitoyning JAC Motors kompaniyasi hamda Toshkent invest kompaniyasi AJ hamkorligida qo‘shma korxona shaklida tashkil etildi. Zavod ichki yonuv dvigatelli, gibrid va elektromobillar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Loyihaning umumiy qiymati 135 million AQSh dollarini tashkil etib, u 30 gektar maydonda ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda 35 million dollar investitsiya o‘zlashtirilib, yiliga 10 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega SKD zavodi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, 100 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Ikkinchi bosqichda esa to‘liq ishlab chiqarish tsikliga ega CKD zavodini barpo etish, yillik quvvatni 30 ming dona avtomobilga etkazish hamda qariyb 1000 ta qo‘shimcha ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Kelgusida Toshkentda JAC M4, Sunray, JS8, RF8, T8 va T9 rusumli avtomobillarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilmoqda.

Mutasaddilarga ko‘ra, mazkur loyiha poytaxtda yuqori texnologiyali sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, avtomobil bozorida raqobatni kuchaytirish, aholiga sifatli va hamyonbop transport vositalarini taqdim etish hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qiladi.