Bu haqda shahar hokimining «Axborot, hisobot, muloqot» shaklidagi uchrashuvi davomida ma’lum qilindi.
Ta’qdim etilgan yangi loyihaga ko‘ra, qurilish maydonlari maxsus to‘siqlar bilan o‘ralishi, obyekt pasporti o‘rnatilishi hamda piyodalar xavfsizligi uchun himoya soyabonlari tashkil etilishi belgilanyapti. Shuningdek, qurilish hududlarida changni kamaytirish maqsadida suv purkagichlar va mikroiqlim yaratish tizimlari o‘rnatiladi.
Qurilish jarayonlarini nazorat qilish uchun videokuzatuv kameralari Qurilish nazorati inspeksiyasining yagona tizimiga ulanadi. Loyiha doirasida ekologik datchiklar, tungi kuzatuv vositalari, avtotransportni yuvish maydonchalari va avtomatik elektr hisoblagichlarni joriy etish ham ko‘zda tutilgan.
Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, mazkur talablarni poytaxtdagi qariyb 1700 ta qurilish obyektida bosqichma-bosqich tatbiq etish rejalashtirilgan.
Shu kuni jamoatchilikka Bo‘zsuv kanali qirg‘og‘ida amalga oshirilishi rejalashtirilgan yirik ekologik loyiha ham taqdim etildi. Loyihada mavjud tabiiy muhitni saqlab qolish asosiy tamoyil sifatida belgilangan.
Unga muvofiq, hududdagi daraxt va butalar saqlanib qoladi, qo‘shimcha ko‘chatlar ekiladi, piyodalar va velosiped yo‘laklari, sport va dam olish zonalari barpo etiladi. Shuningdek, mahallalarni bog‘lovchi piyodalar ko‘prigi, yoritish tizimlari va xavfsizlik infratuzilmasi quriladi.
Loyihaning o‘ziga xos jihatlaridan biri sifatida yovvoyi qushlar va boshqa jonivorlar uchun maxsus ekologik orolchalar tashkil etilishi, suv sporti turlari uchun infratuzilma yaratilishi belgilangan.
Toshkent shahar hokimi mazkur ekologik loyihani amalga oshirish ishlari boshlanganini ma’lum qildi. Mutaxassislar fikricha, yangi hudud poytaxt aholisi uchun zamonaviy dam olish maskani va ekologik namuna maydoniga aylanishi mumkin.