Prezidentning Surxondaryo viloyatiga 2023 yildagi tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlar asosida umumiy uzunligi 111 kilometr bo‘lgan «Darband — Boysun — Elbayon» avtomobil yo‘lini qurish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.
Loyihaning 1-loti doirasidagi 5–32,5 kilometrlik yo‘l qismi xalqaro pudratchi «Lankaran Yol Tikinti» MCHJ tomonidan to‘liq qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi.
Loyiha doirasida 7 ta ko‘prik, shuningdek, tungi yoritish tizimi bilan ta’minlangan 8 kilometrlik zamonaviy piyodalar yo‘laklari barpo etildi.
Shu munosabat bilan loyihaning 7,1-kilometrida joylashgan, uzunligi 60 metr, eni 15,7 metr va yer sathidan balandligi 9 metr bo‘lgan yo‘l o‘tkazgichda tantanali tadbir o‘tkazildi.
Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, nuroniylar, faollar, mutasaddilar, loyiha pudratchilari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mazkur yo‘lning birinchi bosqichi foydalanishga topshirilishi aholi va harakat ishtirokchilari uchun yanada qulay va xavfsiz transport qatnovini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Qurib bitkazilgan yo‘l, yo‘l o‘tkazgich va ko‘priklar, shuningdek, zamonaviy piyodalar yo‘laklari harakat xavfsizligini oshirish va hududning transport infratuzilmasini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.