Milliy ma’naviyatimiz quyoshi, nazm mulki sohibqironi Mir Alisher Navoiy ana shunday mumtoz siymolardan biridir. Ulug‘ mutafakkirning qariyb olti asrlik vaqt sinovidan o‘tgan merosi bugun ham insoniyatga ma’naviy ozuqa berib, komillik sari yo‘l ko‘rsatmoqda.
Yangi O‘zbekiston sharoitida hazrat Navoiyga ehtirom davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, tom ma’noda xalqaro miqyos kasb etdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ta’sis etilgan “Turkiy dunyo birligiga qo‘shgan hissasi uchun” Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti buning eng yorqin dalilidir.
* * *
Davlatimiz rahbarining mazkur tashabbusi 2021 yilda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullanib, amaliy ifodasini topdi. Nizomga ko‘ra, mukofot har ikki yilda bir marta turkiy madaniyatni targ‘ib etish, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, o‘zaro ishonchni mustahkamlash hamda turkiy xalqlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga ulkan hissa qo‘shgan shaxslarga topshiriladi.
Bir qarashda bu navbatdagi xalqaro mukofotlardan biri, xolos. Aslida, ushbu voqea zamirida teran ma’no mujassam. O‘zbek mutafakkiri nomi bilan atalgan mukofotning butun turkiy dunyoning mushtarak oliy e’tirofiga aylanishi, avvalo, tashabbusning xalqaro hamjamiyat tomonidan samimiy qabul qilinganidan dalolat. Mukofot, o‘z navbatida, yurtimiz yuritayotgan ochiq, do‘stona va tashabbuskor tashqi siyosatning amaliy samarasi o‘laroq namoyon bo‘ladi. Zero, turkiy xalqlar, qolaversa, butun dunyo hamjamiyati faqat iqtisodiy yoki siyosiy manfaatlar atrofidagina emas, balki mushtarak ma’naviy qadriyatlar tevaragida ham jipslashadi. Navoiy siymosi ana shunday birlashtiruvchi qudratga ega qadriyat ekanini bugun jahon ahli e’tirof etmoqda.
Xalqaro mukofot yakka tartibdagi tadbir emas, balki izchil tizimning uzviy bo‘g‘inidir. 2021 yil fevralida Prezidentimiz qarori bilan Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashkil etildi. Fond zimmasiga ulug‘ shoir hayoti, yuksak insonparvarlik g‘oyalari va ilmiy-adabiy merosini yurtimizda hamda xalqaro miqyosda keng o‘rganish va targ‘ib etish, asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish, mukammal ilmiy nashrlarini yaratish, har yili 9 fevral sanasida, ya’ni mutafakkir bobomizning tavalludi kuni xalqaro simpozium, yil davomida respublika va xorijda “navoiyxonlik kunlari”ni o‘tkazish kabi mas’uliyatli vazifalar yuklatildi.
* * *
Turkiy xalqlar tarixida ko‘plab fotih sarkardalar, mutafakkir allomalar, daho ijodkorlar yashab o‘tgan. Turkiy xalqlarning Nobel mukofoti, deya e’tirof etilayotgan bu mukofot nega aynan Alisher Navoiy nomida degan savol tug‘ilishi tabiiy. Ushbu savolga javob ul zotning beqiyos xizmatlarida mujassam. Bundan besh yarim asr muqaddam hazrat Navoiy “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida turkiy tilning cheksiz imkoniyatlarini ilmiy dalillar bilan isbotlab, ona tilimiz sha’nini butun dunyoga ulug‘ladi. O‘lmas “Xamsa”si va “Xazoyin ul-maoniy” kulliyoti bilan turkiy tilda ham jahon adabiyotining eng yuksak cho‘qqilarini zabt etish mumkinligini amalda ko‘rsatdi. Ijodida 26 mingdan ortiq so‘z qo‘llagan bu daho so‘z san’atkori turkiy adabiy tilning qudrati va latofatini olamga namoyon qildi.
Shuning uchun Navoiy merosi Bolqondan Oltoygacha, Onado‘lidan Hindistongacha bo‘lgan ulkan makonda yashovchi xalqlar uchun mushtarak ma’naviy xazinadir. Fuzuliy va Maxtumquli, Abay va To‘qay, Berdaq va Ajiniyoz singari o‘nlab buyuk shoirlar Navoiy maktabidan saboq olib, uning g‘azallariga naziralar bitgan. Ulug‘ bobomizning haykallari bugun Moskva, Vashington, Tokio, Boku, Seul, Dushanbe va Tbilisi kabi dunyoning yirik shaharlarida qad rostlab turibdi. Bularning barchasi Navoiy faqat o‘zbek xalqininggina emas, jamiki turkiy xalqlar, qolaversa, butun insoniyatning ma’naviy mulki ekanini yaqqol ko‘rsatadi.
Ulug‘ mutafakkirning:
Olam ahli, bilingizkim,
ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘lung bir-biringizga, erur yorlig‘ ish,
degan hikmatli da’vati esa bugungi notinch dunyoda har qachongidan ham dolzarb yangramoqda. Hazrat Navoiy nomi turkiy xalqlar ma’naviy birligi timsoli, yuksak bayrog‘idir. Ana shu bayroq ostida qardosh xalqlarni jipslashtirish g‘oyasi xalqaro mukofotning mazmun-mohiyatini tashkil etadi.
* * *
Mukofotning ilk sohibi Turkiy davlatlar tashkilotining 2022 yil noyabrda Samarqandda bo‘lib o‘tgan sammitida e’lon qilindi. U turkiy dunyo birligiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun buyuk adib va jamoat arbobi, ulug‘ gumanist Chingiz Aytmatovga vafotidan so‘ng berildi va tantanali ravishda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovga topshirildi.
Aytmatov ijodi — turkiy xalqlar badiiy tafakkurining jahon adabiyotidagi eng yorqin timsoli. Uning asarlari dunyoning yuzdan ortiq tiliga o‘girilib, millionlab kitobxonlar qalbidan joy olgan. Adib o‘z qahramonlari orqali turkiy xalqlarning ruhiyati, dardu armonlari va orzu-umidlarini umumbashariy adabiyot mulkiga aylantirdi.
Tashkilotning 2025 yil 21 mayda Budapeshtda o‘tkazilgan norasmiy sammitida esa mukofotning navbatdagi sohibi jahonga mashhur biokimyogar olim, kimyo sohasida Nobel mukofoti laureati, O‘zbekiston Milliy universiteti faxriy doktori Aziz Sanjar bo‘ldi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, nufuzli mukofotning ilmiy jamoatchilik vakiliga topshirilishi turkiy dunyo olimlarini, ayniqsa, yosh tadqiqotchilarni yangi marralarni zabt etishga ruhlantiradi.
Chingiz Aytmatov so‘z san’atida, Aziz Sanjar aniq fanlar olamida turkiy xalqlar salohiyatini butun jahonga namoyish etgan buyuk siymolardir. Demak, Alisher Navoiy nomidagi mukofot tor milliy doiradagi taqdirlov emas, balki turkiy xalqlarning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shayotgan munosib hissasini e’tirof etuvchi yuksak mezonga aylandi. Bunda ham o‘ziga xos hikmat bor: axir hazrat Navoiyning o‘zi ham shoir, ham olim, ham davlat va jamoat arbobi sifatida faoliyatning barcha sohalarida kamolot timsoli bo‘lgan edi. Uning nomidagi mukofotning ham adabiyot, ham ilm-fan namoyandalariga berilayotgani mana shu ko‘p qirrali dahoga munosib ehtiromdir.
* * *
Xalqaro mukofotning ta’sis etilishi mamlakatimizda so‘nggi yillarda navoiyshunoslik sohasida qilinayotgan ulkan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi va maxsus qaroriga muvofiq, ulug‘ shoir tavalludining 580 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlangani, poytaxtimizda Adiblar xiyoboni barpo etilgani madaniy hayotimizning unutilmas voqealariga aylandi. Har yili 9 fevralda o‘tkaziladigan an’anaviy xalqaro anjumanlar, jumladan, “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” xalqaro simpoziumi dunyoning o‘nlab mamlakatlaridan kelgan olimlarni bir davraga jamlamoqda. “Alisher Navoiy izidan” xalqaro ilmiy ekspeditsiyalari doirasida olimlarimiz Eron, Afg‘oniston, Turkiya, Misr, Xitoy, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlardagi qo‘lyozma fondlarida tadqiqotlar olib borib, nufuzli ilmiy markazlar bilan hamkorlik memorandumlarini imzolamoqda.
Mustaqillik yillarida yaratilgan eng sara tadqiqotlarni jamlagan 30 jildli “Istiqlol davri o‘zbek navoiyshunosligi” tadqiqotlar majmuasi nashr etilgani soha tarixida misli ko‘rilmagan hodisadir. Shuningdek, to‘rt jildli “Alisher Navoiy ensiklopediyasi” yaratildi, o‘nlab yangi monografiya va risola chop etildi, shoir ijodiga bag‘ishlangan ko‘plab doktorlik va falsafa doktori dissertatsiyalari himoya qilindi. Quvonarlisi, xorijiy mamlakatlarda navoiyshunoslik maktablari qaytadan tiklanmoqda: chet ellik olimlarning tadqiqotlari o‘zbek tilida, navoiyshunoslarimizning asarlari esa turk, fors, rus va boshqa tillarda nashr etilmoqda, xorijiy universitetlar bilan qo‘shma ilmiy loyihalar yo‘lga qo‘yilmoqda.
Maxsus qaror bilan 2025 yilning Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilingani esa bu boradagi ishlar yanada keng quloch yoyishiga zamin yaratdi. Ayni kunlarda Alisher Navoiy asarlarining 100 jildli ommabop nashrini tayyorlash bo‘yicha ishlar qizg‘in davom etmoqda. Ushbu misli ko‘rilmagan loyiha ulug‘ mutafakkir merosini har bir xonadonga, har bir kitobxonga yetkazish yo‘lidagi tarixiy qadamdir. Bularning barchasi navoiyshunoslik O‘zbekistonda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani, O‘zbekiston esa tom ma’noda jahon navoiyshunosligining markazi maqomini mustahkamlab borayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
* * *
Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotning ta’sis etilishi bir necha jihatdan strategik ahamiyat kasb etadi. Eng avvalo, mukofot mamlakatimiz madaniy diplomatiyasining samarali vositasiga aylandi. U O‘zbekistonning dunyo navoiyshunosligi markazi, turkiy sivilizatsiyaning ma’naviy o‘choqlaridan biri sifatidagi xalqaro mavqeini yanada mustahkamlaydi.
Ikkinchidan, mukofot turkiy davlatlar o‘rtasidagi integratsiya jarayonlariga mustahkam ma’naviy poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Siyosiy va iqtisodiy hamkorlik mushtarak qadriyatlar bilan yo‘g‘rilgandagina chinakam barqaror bo‘ladi. Navoiy siymosi esa qardosh xalqlarni birlashtiruvchi ana shunday bemisl qadriyatdir.
Uchinchidan, u yosh avlod tarbiyasida beqiyos ahamiyatga ega. Chingiz Aytmatov va Aziz Sanjar kabi buyuk shaxslarning e’tirof etilishi millionlab yoshlar uchun ibrat maktabi bo‘lib, ularni ilm-fan va ijod cho‘qqilarini zabt etishga ilhomlantiradi.
To‘rtinchidan, mukofot Navoiy ijodining mag‘zini tashkil etuvchi tinchlik, do‘stlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik g‘oyalarini jahonga targ‘ib etadi. Qarama-qarshiliklar kuchayib borayotgan bugungi murakkab davrda bu g‘oyalarning qadr-qimmati cheksizdir.
Ishonch bilan aytish mumkinki, vaqt o‘tgan sayin Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotning nufuzi tobora ortib, u jahonning eng e’tiborli mukofotlari qatoridan munosib o‘rin egallaydi. Zero, zamirida buyuk Navoiydek daho siymo, tinchlik va birlikdek ezgu g‘oyalar turgan har qanday tashabbus uzoq umr ko‘radi. Uchinchi Renessans poydevorini barpo etayotgan O‘zbekiston bu borada butun turkiy dunyoga, qolaversa, jahon hamjamiyatiga ma’naviy hamjihatlikning yorqin namunasini ko‘rsatmoqda.
Olimjon DAVLATOV,
Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi ijrochi direktori, professor