“Yangi Oʻzbekiston” gazetasida “Yangilanishlar xaritasi” loyihasini boshlagan edik. Unda mamlakatimizdagi islohotlarning hududlarda qay yoʻsin amalga oshayotgani, oddiy odamlar hayotidagi yangilanishlar, olis qishloq va ovullarda yashaydigan yurtdoshlarimiz oʻy-fikrlari, orzulari kabi masalalarga javob topish uchun gazetamizning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi muxbirlari bilan onlayn gurung tashkil etib borishni maqsad qilganmiz.
Bu
safargi suhbatimiz “Yangi Oʻzbekiston” massivlari haqida boʻldi. Unda yangi
massivlar oddiy insonlar turmush tarzida qanday oʻzgarish yasaganini ochib
berishga urindik. Suhbat chogʻida mavzuning koʻlami kengligi, bu borada
aytiladigan fikrlar koʻpligini sezdik. Shu bois, eng muhim deb hisoblangan
faktlar asosidagi fikrlarga koʻproq eʼtibor berdik. Umid qilamizki, poytaxtdan
olisda, oddiy odamlar orasida yurgan jurnalistlar nigohi ila mamlakat boʻylab
quloch yozgan yangilanishlar xaritasini koʻrish, tasavvur etish yoʻlidagi
navbatdagi suhbatimiz siz, aziz oʻquvchilarga manzur boʻladi.
Tahririyat
Gʻolib ABDUSALOMOV:
—
Mamlakatimiz hayotida soʻnggi 10 yil ulkan bunyodkorlik davri sifatida tarixga
muhrlanyapti. Ushbu yangilanishlar shiddati olisu yaqin manzillarda birdek
koʻzga tashlanmoqda. Xususan, Navoiy viloyatida ham oʻtgan qisqa davrda shaharu
qishloqlar, chekka ovul va qoʻrgʻonlarda katta hajmdagi qurilish, bunyodkorlik
ishlari bajarildi. Mahallalar obod boʻldi.
“Yangi
Oʻzbekiston” massivlarini barpo etish dasturi ana shu bunyodkorlik ishlariga
yangicha ruh berdi. Shunchaki ruh berdi deyish kamlik qiladi. Dastur
xalqimizning uy-joyga ehtiyoji qatori yana bir qancha ijtimoiy-iqtisodiy
masalalarga yechim boʻldi. Taraqqiyot shiddatini oʻzida jamlagan yirik loyiha
sifatida hayotimizga kirib keldi.
Shu
oʻrinda bir jihatni esga olsak. Dastlab qishloq joylarda, ochiq dalalarda koʻp
qavatli uylar qurila boshlaganida ayrim yurtdoshlarimiz bunga bir oz ajablanish
bilan qaragan edi. Shuncha keng joyda koʻp qavatli uylar qurish nimaga kerak
degan savollar quloqqa chalingani bor gap. Negaki koʻp qavatli uyni qishda
isitish, yozda salqin saqlash bilan bogʻliq masalalar koʻpchilikni
oʻylantirardi. Shu paytgacha ayrim shaharchalarda ham oqova suv tizimi yoʻqligi
bunga sabab edi.
“Yangi
Oʻzbekiston” massivlari qarashlarimizni butkul oʻzgartirdi. Chekka, qarovsiz
yotgan yerlardan ham oqilona foydalanish, zamonaviy shahar bunyod etish
mumkinligini isbotladi. Xususan, Navoiy viloyati markazidan qariyb 200 kilometr
uzoqdagi Zarafshon shahrida katta bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari
bajarildi. Yoʻllar ravon boʻlib, chiroqlar oʻrnatildi. Yoʻl chetlariga
manzarali gul va daraxt koʻchatlari ekildi. Zarafshon shahri tashkil etilganida
50 ming aholi yashashi moʻljallangan. Soʻnggi 20 yilda shaharda aholi soni
qariyb 2 baravar koʻpaydi. Oʻz-oʻzidan uylar va infratuzilma obyektlari quvvati
oshishi talabga aylandi. Sodda aytganda, bitta xonadonda bir necha oila tiqilib
yashardi. Poliklinikaga borgan kishi uzoq navbatda turishga, qoniqarli
boʻlmagan sharoitda davolanishga majbur edi. Negaki talab oshgani sari
moddiy-texnik baza sabab xizmat sifatiga taʼsir qiladigan omillar koʻpayib
borayotgandi.
Mamlakatimiz
yetakchisining Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida hudud faollarining Zarafshon
shahrini kengaytirish va shahar markaziy poliklinikasi uchun yangi bino qurish
taklifi maʼqullandi. Oʻtgan qisqa muddat ichida shaharda 7-12 qavatli turar joy
binolari qad rostladi. Hozir sanoatchilar shahri kun sayin kengayib bormoqda.
Shahardagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida 2024-yilda 100 ga yaqin koʻp qavatli
turar joy qurilgan edi. Ular 2025-yilda 180 taga yetkazildi. Joriy yilda ham
qurilish davom etyapti.
Yana
bir misol. Karmana tumanining Doʻstlik mahallasida 21 gektarda “Yangi
Oʻzbekiston” massivi barpo etildi. Uning birinchi bosqichi — 2022-2024-yillarda
420 xonadonli 18 ta koʻp qavatli uy qad rostladi. Oʻtgan 2025-yilda 40
xonadonli yana 2 ta uy foydalanishga topshirildi. Yurtdoshlarimizda ushbu
massivlardan xonadon sotib olishga ishtiyoq baland. Negaki ular boshqa uylardan
tubdan farq qiladi. “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini shahar ichidagi alohida
kichik shaharcha desak, toʻgʻri boʻladi. Yaʼni aholiga yashashi uchun nima
kerak boʻlsa, qanday xizmatga zarurat boʻlsa, massivlarning oʻzida
yaratilyapti. Bu xususda hamkasblarimiz ham fikrini batafsil aytadi.
Demoqchimizki, “Yangi Oʻzbekiston” massivi timsolida insonga eʼtibor, uni
qadrlashning amaliy ifodasini koʻrish mumkin.
Ushbu
massivlarning oʻziga xosligi loyihada koʻp qavatli uylar yoniga maktab,
bogʻcha, poliklinika, savdo nuqtalari kompleks tartibda qurilganida. Shunga
asosan, tumandagi yangi massivda ham maktabgacha taʼlim tashkiloti, maktab va
poliklinika qurilib, foydalanishga topshirildi.
—
Bosh rejaga koʻra, tumanimizdagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida 1180 xonadonli
56 ta koʻp qavatli uy qurish reja qilingan, — deydi Karmana tumani hokimi
oʻrinbosari Anvar Toshnazarov. — Shuningdek, 1 ta 330 oʻrinli, 1 ta 660 oʻrinli
umumiy oʻrta taʼlim maktabi, 180 oʻrinli 2 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti,
mahalla binosi, madaniyat uyi, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish majmuasi,
avtomobillar uchun turargoh, bolalar va sport maydonchalari, istirohat bogʻi,
umumiy ovqatlanish hamda boshqa koʻngilochar shoxobchalar qurilishi koʻzda
tutilgan. Yangi massivda binolar belgilangan standartlar asosida, shaharsozlik
normalariga amal qilingan holda mustahkam va sifatli qilib qurilishi tegishli
tashkilotlar nazoratiga olingan. 2022-2025-yillar davomida qurilishi
yakunlangan koʻp qavatli uylar va binolar isitish tizimiga ulangan, gaz, suv,
elektr bilan taʼminlangan va yangi xonadonlar aholiga zamonaviy dizaynda,
toʻla-toʻkis taʼmirlangan holatda topshirildi.
Qiziltepa
tumanining Malikobod mahallasida ham “Yangi Oʻzbekiston” massivi bunyod
etilyapti. Unda 52 ta koʻp qavatli uy, maktab, bogʻcha, oilaviy poliklinika,
savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari, istirohat bogʻlari boʻladi.
Ichimlik suv, elektr, tabiiy gaz, issiqlik va kanalizatsiya tarmoqlari
tortilib, ichki yoʻllar taʼmirlanyapti.
Qiziltepa
tumani hokimi oʻrinbosari Hasan Aliyevning maʼlum qilishicha, massiv uchun 20,1
gektar yer ajratilgan. Loyihaning 1-bosqichida 200 xonadonli 8 ta 5 qavatli uy
qurilib, foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, 180 oʻrinli umumiy oʻrta
taʼlim maktabi, 50 qatnovli tibbiyot muassasasi qurildi. Bu ishlar qisqa vaqt —
2022-2024-yillar davomida bajarildi. Ayni vaqtda 2-bosqich ishlari davom
etmoqda. Uning doirasida 252 ta xonadonli 7 ta 9 qavatli uy qad rostlayapti.
Bosh rejaga koʻra, 1112 xonadonli 50 ta koʻp qavatli uy, maktablar, mahalla
binosi, madaniyat uyi, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish majmuasi,
avtoturargoh, bolalar va sport maydonchasi quriladi.
“Yangi
Oʻzbekiston” massivlari olis hududlarga ilgari shaharlarimizda ham boʻlmagan
zamonaviy hayot tarzini olib kirdi. Shaxsan men shu paytgacha Toshkentda yoki dunyoning
boshqa shaharlarida ham barcha imkoniyat, xizmatlar bir joyda jamlangan ixcham,
zamonaviy, barcha talablarga javob beradigan shaharcha bunyod etilganini
eshitmaganman. Toʻgʻri, bu borada izlanib muayyan oʻxshashliklarni topdim.
Masalan, Singapur kabi rivojlangan davlatlarda shunga yaqin loyihalar bor.
Ularda xizmat koʻrsatish tizimi bir joyda, yopiq bino ichida joylashgan. Massiv
ichida ish oʻrinlari yaratilgan binolar esa faqat yotoqxona shaklida qurilgan.
“Yangi
Oʻzbekiston” massivlari tom maʼnodagi shaharcha. Uning ish oʻrni ham, xizmat
koʻrsatish sohasi ham, madaniy hordiq chiqarishga sayilgoh va choyxonalari ham
bor. Xavfsizlik tizimi, aholini qiynaydigan savollarga javob shu mahallaning
oʻzida jamlangan.
Akbar RAHMONOV:
—
Toʻgʻri aytdingiz, Gʻolib aka! Bugun olis hududlar obod maskanga aylanyapti.
Uch-toʻrt oy oldin borgan manzilga yana yoʻlingiz tushsa, oʻzgarishlardan
hayratlanasiz. Uzoq yillar qarovsiz yotgan joylar qisqa fursatda goʻzal maskan
boʻlib boryapti.
Ushbu
yirik loyiha aniq huquqiy asos, iqtisodiy yechimlar bilan amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2021-yil 9-dekabrda davlatimiz rahbari “Yangi Oʻzbekiston”
massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini
taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonni imzolagan edi. Mazkur hujjatga
koʻra, 2022-yildan manzilli roʻyxat asosida joylarda “Yangi Oʻzbekiston”
massivlari qurilishi boshlandi.
Qashqadaryoda
dastlab Koson va Yakkabogʻ tumanlarida zamonaviy uylar qurilishiga kirishilgan
edi. Belgilangan muddatda sifatli, talab darajasida barpo etilgan imoratlar
bugun aholiga xizmat koʻrsatmoqda.
Yakkabogʻ
tumani hokimligi bergan maʼlumotga koʻra, “Yangi Oʻzbekiston” massivi uchun
ajratilgan 18 gektar yerda jami 1340 xonadonli 54 ta 5 qavatli uy qurilib,
foydalanishga topshirilgan. Loyiha doirasida 36 xonadonli 15 ta, 40 xonadonli 1
ta, 20 xonadonli 38 ta uy-joy barpo etilgan. Shuningdek, byudjet mablagʻlari
evaziga 15 milliard soʻmga 330 oʻrinli 1 ta yangi maktab hamda 6,5 milliard
soʻmga 120 oʻrinli 1 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti va 1,7 milliard soʻmga
mahalla binosi qurilgan.
Bu
bitta hududdagi zarur inshootlar uchun sarflangan mablagʻ. Endi quyidagi
faktlarga eʼtibor qiling. Ikki yoʻlakli koʻp qavatli oʻn beshta uyning
1-qavatidan tadbirkorlar uchun 3750 kvadrat metr joy ajratilgan. Ularda
tadbirkorlarning 43 milliard soʻm mablagʻi hisobidan 45 dan ortiq yangi
tadbirkorlik subyekti tashkil etilgan. Natijada 120 ta yangi ish oʻrni
yaratilgan.
Biz
bunday raqamlarni osongina aytib ketaveramiz. Ammo ularning har biri ortida
juda katta mehnat, ishonch, ragʻbat va intilish bor. Masalan, hozir dunyoda
geosiyosiy va geoiqtisodiy jarayon juda murakkab. Bunday vaziyatda har bir
mamlakat ichki imkoniyatidan kelib chiqib, iqtisodiy barqarorlikni saqlash choralarini koʻradi. Demoqchimizki,
bitta massiv uchun mana shunday yirik miqdorda sarmoya ajratish oson emas.
Tadbirkorlar
yangi binolarning birinchi qavatiga milliardlab pulini sarmoya qilishi ham
bejiz emas. Chunki shu mablagʻ ortigʻi bilan qaytib kelishiga ishonadi. Negaki uylar
xaridorgir. Xalqimiz uylarni toʻldirib yashay boshlashi hamon tadbirkorlar
daromadi koʻpayaveradi. Bir tomonda esa ishbilarmonlarga katta imtiyoz va
imkoniyatlar berilmoqda. Bu ularni ishini yanada kengaytirish, yangi ish
oʻrinlari yaratishga ragʻbatlantirmoqda.
“Yangi
Oʻzbekiston” massivlaridagi uylar nega xaridorgir? Sabab oddiy, u yerda barcha
sharoit bor! Masalan, Yakkabogʻ tumanidagi massivda 3,1 kilometr ichimlik suv
tarmogʻi uchun 2 ta suv inshooti hamda 8,4 kilometr oqova suv tarmogʻi uchun 1
ta inshoot va 6 kilometr ichki yoʻl qurilgan. Tagʻin 3,8 kilometr issiqlik
tarmogʻi tortilib, qozonxona barpo etilgan. Tabiiy gaz uchun 1,5 kilometr quvur
tortilib, 6 ta taqsimlash punkti, 50 kVt quyosh panellari va 140 ming litr
sigʻimga ega 700 dona geliokollektor oʻrnatildi. Bunday ishlarni yana uzoq
sanash mumkin.
Mana
shu raqamlarning oʻzini bir joyda jamlab qarasangiz, ulkan bunyodkorlikni his
etasiz. Zamonaviy shahar koʻrinishiga kelgan bu manzil bir paytlar qarovsiz
maydon boʻlganiga ishonmaysiz. Yana bir gap. Mazkur massivda boshqa tuman va
shaharlardagidan farqli oʻlaroq, yetakchi tadbirkor tashabbusi bilan yirik
loyiha asosida ekobozor tashkil etilgan. Qiymati 6 million dollardan ortiq
boʻlgan ushbu majmua uch qavatdan iborat boʻlib, 80 ta ish oʻrni yaratilgan.
Muhimi, bozorda oziq-ovqat mahsulotlari ham, kiyim-kechaklar ham, dam olish va
ovqatlanish nuqtalari ham bor.
Sarvar TOʻRAYEV:
—
Surxondaryo viloyatining Angor, Boysun, Jarqoʻrgʻon, Sariosiyo va Termiz
tumanlarida “Yangi Oʻzbekiston” massivlari bunyod etilgan. Ushbu uylardagi
yangi xonadon kalitini qabul qilib olayotgan har bir yurtdoshimiz inson
qadrini ulugʻlash yoʻlidagi islohotlardan mamnun.
Yuqorida
hamkasblarimiz toʻgʻri aytdi: massivlardagi kenglik, muhtashamlik, obodlik va
saranjom-sarishtalikdan dilingiz yayraydi. Har bir bino-inshootda xalqimizga
xos yaratuvchanlik va bunyodkorlik salohiyati toʻliq namoyon boʻlayotgandek
goʻyo. Sariosiyo, Boysun, Jarqoʻrgʻon, Angor va Termiz tumanlaridagi “Yangi
Oʻzbekiston” massivlarida qad rostlayotgan 5 va 9 qavatli uylar ikki va uch
xonadan iborat, zamonaviy hamda shinam. Bu binolar 9 balli zilzilaga chidamli
qilib qurilgan.
Har
bir xonadonda alohida issiqlik va suv isitish tizimi oʻrnatilgan. Bu xona
haroratini mustaqil boshqarish, energiya sarfini 2 barobargacha qisqartirish
imkonini beradi. “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini bunyod etish borasidagi qaror
va farmonlar qogʻozdagina emas, balki hayotda, kundalik turmush tarzida aksini
topayotgani insonlarda ertangi kunga ishonchni, yurtga muhabbat va islohotlarga
ishtiyoqni yanada mustahkamlayapti. Massivlardagi xonadonlarda yaratilgan har
bir qulaylik, har bir innovatsion yondashuv xalqning yashash sifati oshishiga,
oilaviy osoyishtalik va ijtimoiy barqarorlikka xizmat qilmoqda.
“Yangi
Oʻzbekiston” massivi va uning atrofidagi obyektlar rejasini tuzishda istiqbolda
aholi oʻsishi, hudud infratuzilmasi va ishlab chiqarish kengayishi kabi
jihatlar ham nazarda tutilgan. Bu juda muhim omil. Shu bilan birga, massivlarga
yondosh hududlarda foydalanishdan chiqqan yer maydonlarini qayta oʻzlashtirish
hisobiga issiqxonalar qurish, savdo va xizmat koʻrsatish nuqtalari bunyod etish
orqali yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda.
Xususan,
Jarqoʻrgʻondagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida hozirga qadar 7 ta mikromarkaz,
29 ta savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchasi qurilib, foydalanishga
topshirildi. Bundan tashqari, massiv hududida 50 qatnovli oilaviy poliklinika,
180 oʻrinli bolalar bogʻchasi, 330 oʻringa ega maktab va AT markaz qurilgan.
Infratuzilma obyektlarini qurish va obodonlashtirish shu bilan yakun topgani
yoʻq. Massivga 1,9 kilometr ichimlik suv, 3,9 kilometr oqova suv, 2,3 kilometr
issiqlik tarmoqlari, 2,8 kilometr gaz quvuri tortildi. 5 ta transformator
oʻrnatildi. Piyodalar yoʻlakchalari qurilib, 4,5 gektar yerga manzarali va
mevali daraxtlar hamda 300 gektar dasht hududiga saksovul ekildi.
Jarqoʻrgʻon
tumanida qurilishi 2022-yilda boshlangan “Yangi Oʻzbekiston” massivida shu yil
oxiriga qadar jami 86 ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshirilishi
belgilangan.
Surxon
vohasining tabiiy-iqlim sharoitidan kelib chiqib, joylarda bunyod etilayotgan
massivlarda yashil belbogʻlar, bogʻ yaratish, uylar atrofida turli mevali va
manzarali daraxt koʻchatlari ekish, ularni sugʻorish tizimiga alohida eʼtibor
berilyapti. Ochigʻi, bugun bu yerga kelgan kishi odamlari samimiy, atrofi
yashillikka burkangan, infratuzilmasi rivojlangan kichik shaharchaga tushib
qolgandek sezadi oʻzini. Massiv hududi yaqin vaqtlargacha biyday choʻl edi. Shu
yerdan oʻtib-qaytayotganlar choʻlda ham koʻp qavatli uy boʻladimi, yozning
issigʻida, qishning qora sovugʻida qanday yashash mumkin degan savollar
berardi. Yashil belbogʻ ana shu masalaga tabiiy yechim boʻldi. Suv, gaz, elektr
olib kelindi. Mana shu omillarning oʻziyoq massivlar uzoq kelajakni oʻylab,
puxta reja bilan qurilayotganini anglatadi.
Bugun
Surxondaryoda qurilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivlari misolidagi bunyodkorlik
ishlari nafaqat arxitekturada, balki inson qalbida ham yangi nafas, yangi ruh,
yangi orzu-umidlarni uygʻotayotgani shubhasiz. Zero, farovon hayot xalq
roziligidan boshlanadi.
Sariosiyo
tumanining Lutfikor mahallasida 31 gektardan ortiq maydonda ham “Yangi
Oʻzbekiston” massivi bunyod etilyapti. Bu yerda 2026-yil oxirigacha 5, 7, 9
qavatli, jami 2322 xonadonga ega 78 ta koʻp qavatli uy foydalanishga
topshiriladi. Aholi ancha zich yashaydigan hududlar uchun bunday massivlar
muhim ijtimoiy ahamiyatga ega. Uy-joylarning sifati va tannarxi ham xalqning
imkoniyatiga mos ekani eʼtiborga molik.
Angor
tumanidagi Sharq guli mahallasida 11,2 gektarda 1005 xonadonli jami 43 ta uy
qurilishi reja qilingan. Bu yerda ham energiya tejamkor materiallar
ishlatilyapti, ekohududlar yaratishga, elektr, suv, gaz va yoʻl tarmoqlarini
tortishdagi yangi standartlarga jiddiy eʼtibor berilgan. Shu maʼnoda, yangi
massivlarni energiya tejamkorlik jihatdan ham namuna qilib koʻrsatish mumkin.
Minajatdin QUTLIMURATOV:
—
Insonning baxti, avvalo, tinch va osoyishta, farovon xonadondan boshlanadi. Shu
bois, xalqimiz uyni vatan ichidagi vatan deya qadrlaydi. Yurtning obodligi esa
dilni ravshan qiladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qonlikoʻl tumanidagi “Yangi
Oʻzbekiston” massivi shunday ezgu maqsadlar mahsulidir. Mazkur massivda
istiqomat qilayotgan Nigora Zoyirova hayotidan rozi ekanini bot-bot
takrorlaydi. Zamonaviy, barcha qulayliklarga ega xonadonda farzandlari bilan
baxtli umr kechirmoqda.
—
Yangi uyga koʻchib kelganimizdan buyon hayotimiz butunlay oʻzgardi, — deydi
Nigora Zoyirova. — Xonadonimiz keng va yorugʻ. Elektr, tabiiy gaz, ichimlik suv
kabi barcha qulayliklar muhayyo. Atrof obod, koʻchalar keng va ravon.
Farzandlarimiz xavfsiz muhitda oʻynab, taʼlim-tarbiya olmoqda. Bunday eʼtibor
va gʻamxoʻrlik uchun minnatdor boʻlmaslik mumkin emas!
Qonlikoʻl
tumaniga kirib kelishingiz bilan koʻp qavatli uylar koʻzga tashlanadi. Ilgari
tumanda bunday uylar boʻlmagan. Katta magistral yoʻlning boʻyida iqtisodiy va
ijtimoiy infratuzilmaga ega 11 ta 5 qavatli uy qad rostlagan. Qulay
sharoitlarga ega uylarda 330 xonadon bor. Bu bitta tumandagi ana shuncha
oilaning quvonchi, baxtli hayot tarzining bir koʻrinishi.
—
Qoʻngʻirot tumanidan ushbu koʻp qavatli uylarning biriga oilamiz bilan koʻchib
oʻtdik. Ish joyim Qonlikoʻl tumanida. Imtiyozli kredit hisobidan 3 xonali uyni
20 yilga sotib oldik, — deydi “Yangi Oʻzbekiston” massivida istiqomat qiluvchi
Furqat Rahimberdiyev. — Yosh oilalar uchun juda qulay. Issiq va sovuq suv bor.
Qoʻshnilar ham yosh oilalar. Bir-birimiz bilan kirdi-chiqdi qilamiz. Muhimi,
maktab, bogʻcha yonimizda.
Qonlikoʻl
tumani Navroʻz mahallasidagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida 12 milliard 830
million soʻm evaziga 3 qavatli, 330 oʻringa ega yangi maktab qurilgan. U eng
zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlagan. Yashil qoplamali stadion, sport
zali, oshxona, chiroyli sinflar ushbu massivda istiqomat qiluvchi aholi
bolalariga xizmat qilmoqda. Maktab 2024-2025 oʻquv yilida foydalanishga
topshirilgan. Shuningdek, maktabning yonginasida 7,7 milliard soʻmga qurilgan,
180 oʻringa moʻljallangan bogʻcha ham faoliyat koʻrsatmoqda. Yangi
massivlarning muhim jihatlaridan biri hududda alohida taʼlim maskanlari barpo
etilayotganidir.
—
Qonlikoʻl tumanidagi 25-umumtaʼlim maktabiga Hindistondan kelib dars oʻtyapmiz,
— deydi xorijlik mutaxassis Saini Akansha xonim. — Turmush oʻrtogʻim Amir Ali
bilan “Yangi Oʻzbekiston” massividagi koʻp qavatli uylarning birida
yashayapmiz. Xonalari toza, barcha qulayliklar mavjud. Asosiysi, maktabning
yonginasida.
Massiv
yonida yirik korxonalardan biri — “Kanteks invest” masʼuliyati cheklangan
jamiyati joylashgan. Ip-kalava ishlab chiqaruvchi ushbu korxona 2019-yil ishga
tushirilgan boʻlib, yiliga 9 ming tonna mahsulot tayyorlaydi. Korxonada 600 ga
yaqin mahalliy aholi ish bilan taʼminlangan. Germaniya, Turkiya va Hindistondan
olib kelingan asbob-uskunalar oʻrnatilgan korxona toʻliq quvvatda ishlamoqda.
Jamoaning aksariyatini yoshlar tashkil etadi.
Qonlikoʻl
tumani ilgari ijtimoiy-iqtisodiy holati ogʻir tumanlardan biri edi.
Oʻzbekistondagi yangilanishlar sabab u bugun butunlay oʻzgardi. Korxonalar ish
boshlab, tumanning tadbirkorlar sinfi shakllanib boryapti. Bu iqtisodiyot bilan
birga ijtimoiy muhit ham yaxshilanishiga xizmat qilmoqda. Bir paytlar
Qonlikoʻlda tugʻilgan yoshlar shaharlarga koʻchib ketish orzusida yashardi.
Endi ular oʻz uyi oldidagi maktabda xorijlik mutaxassislardan dars olmoqda.
“Yangi Oʻzbekiston” massivlari kabi yirik loyihalar esa ana shu yangilanishlar
ruhiga yanada koʻtarinkilik bagʻishlamoqda.
Suhbatni “Yangi Oʻzbekiston”
muxbiri
Boboravshan GʻOZIDDINOV
uyushtirdi.