Ushbu kelishuv asosida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti, Xuchjou texnika universiteti va XCMG kompaniyalar guruhi oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuzildi.

Shartnomaga muvofiq, 2026–2027 oʻquv yilidan boshlab texnika va mashinasozlik yoʻnalishlari boʻyicha 2+1+1 qoʻshma taʼlim dasturi yoʻlga qoʻyiladi. Dastur xalqaro standartlar asosida zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan boʻlib, unda dual taʼlim tizimi ustuvor yoʻnalish sifatida belgilangan.

Hamkorlikning amaliy bosqichlarini muhokama qilish maqsadida 20 iyun kuni XCMG kompaniyalar guruhi Global taʼlim va oʻqitish markazi direktori Chjan Lina hamda Xuchjou texnika universiteti vitse-prezidenti Xuan Chuansyuy boshchiligidagi delegatsiya Urganch davlat universitetiga tashrif buyurdi.

Universitet rektori Feruza Madraximova ishtirokida oʻtgan uchrashuvda qoʻshma taʼlim dasturining tashkiliy va akademik jihatlari, talabalarning tayyorlanishi, amaliyot jarayonlarini samarali tashkil etish hamda taʼlim va sanoat integratsiyasini yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif davomida delegatsiya aʼzolari Texnika fakultetidagi zamonaviy laboratoriyalar, ilmiy-innovatsion loyihalar va talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Shuningdek, qoʻshma dasturda tahsil olishi rejalashtirilayotgan talabalar bilan uchrashuv oʻtkazilib, ularga dasturining afzalliklari, XCMG korxonalarida amaliyot oʻtash imkoniyatlari hamda xalqaro kompaniyalarda faoliyat yuritish istiqbollari haqida maʼlumot berildi.

Qayd etilishicha, mazkur hamkorlik Urganch davlat universitetining xalqaro aloqalarini kengaytirish, taʼlim sifatini oshirish va mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.