Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, xalqimizni ulugʻ ayyom bilan samimiy tabrikladi.

Davlatimiz rahbari eng ulugʻ bayramimiz Yangi Toshkentda oʻtkazilayotgani bayram shukuhini yanada oshirayotganini taʼkidladi. Yangi Toshkent poytaxtimizning koʻrkiga koʻrk qoʻshib, Yangi Oʻzbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanishiga ishonch bildirildi.

Prezidentimiz xalqimiz 1991-yilda oʻz xohish-irodasi va qatʼiyati bilan davlat mustaqilligini qoʻlga kiritganini qayd etdi. Buyuk istiqlolimiz ildizlari uch ming yildan ziyod davlatchilik anʼanalarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqalishi taʼkidlandi.

Mustaqillik xalqimizga shon-u sharafini, muqaddas dinini, ona tilini va unutilayotgan milliy qadriyatlarini qaytardi. Marosimda bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulugʻ ajdodlarimiz va jadidlar xotirasiga taʼzim bajo keltirilib, mustaqilligimizni mustahkamlashga hissa qoʻshgan barcha marhum yurtdoshlarimizning mehnati va jasorati eʼtirof etildi.

Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdugʻaniyevich Karimovning yorqin xotirasi ehtirom bilan yod etildi.

Davlatimiz rahbari mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon boʻlishini taʼkidladi.

Islohotlarning dastlabki kunlaridan xalqning qalbiga quloq solish, aholining dardiga darmon boʻlish ustuvor maqsad etib belgilandi va “Inson qadri uchun!” gʻoyasi davlat siyosatining markaziga olib chiqildi. Birinchi galda “paxta qulligi”, “majburiy mehnat va bolalar mehnati”, “konvertatsiya cheklovi”, “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berildi.

Eng muhimi, fuqarolar yuragidagi qoʻrquv va hadik oʻrnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Katta siyosiy iroda bilan Oʻzbekiston dunyoga keng ochildi, chegara muammolari hal qilinib, qoʻshni davlatlar bilan doʻstlik va hamkorlik mustahkamlandi.

Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatidagi tub oʻzgarishlar natijasida mamlakatimizning Iqtisodiy erkinlik indeksidagi oʻrni 80 pogʻona yaxshilandi. Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan boʻlsa, hozir mazkur koʻrsatkich 40-50 milliard dollarni tashkil etmoqda. Investitsiyalar bilan birga yurtimizga ilgʻor texnologiyalar, zamonaviy bilim va yangi iqtisodiy imkoniyatlar ham kirib kelmoqda.

Uch yil oldin 2030-yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish reja qilingan edi. Global logistikadagi uzilishlar va dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, ushbu marra joriy yilning oʻzida ortigʻi bilan bajarilishi va Oʻzbekiston daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga kirishi qayd etildi.

Bunday natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati, millat va davlat birdamligi tufayli erishilayotgani alohida taʼkidlandi.

Yangi davrda 650 mingdan ziyod oila zamonaviy uy-joyga ega boʻldi, minglab mahallalarga Yangi Oʻzbekiston qiyofasi kirib bormoqda. Kambagʻallik masalasi ochiq tan olinib, ehtiyojmand oilalarning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining taʼlimi va yashash sharoitini yaxshilash boʻyicha “mahallabay” ishlash tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Izchil saʼy-harakatlar tufayli kambagʻallik darajasi 2017-yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirildi. Bu raqamlar zamirida roʻzgʻoriga baraka kirib, turmush sifati yaxshilangan 10 million insonning quvonchi va shukronalik tuygʻulari mujassam ekani taʼkidlandi. Shu tariqa ijtimoiy siyosatning asosiy oʻlchovi raqamlar emas, inson va oila hayotidagi aniq oʻzgarish boʻlishi mustahkam qaror topdi.

Prezidentimiz dunyo hamjamiyatida munosib oʻrin egallash uchun bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan va mustaqil fikrlaydigan yangi avlod mutaxassislari zarurligini taʼkidladi. Shu bois, taʼlimga sifat va mazmun olib kirilib, muallimning obroʻ-eʼtibori tiklanmoqda, daromadi oshirib borilmoqda.

Oʻtgan oʻn yilda aholi 8 millionga koʻpaygan sharoitda ham maktabgacha taʼlim qamrovi 78 foizga yetkazildi, maktablarda 1,5 million qoʻshimcha oʻquvchi oʻrni yaratildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar, shuningdek, xorijiy tillar va kasb-hunar oʻrganish uchun yaratilgan imkoniyatlar taʼlim tizimiga yangi mazmun olib kirdi.

Oliygohlardagi talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Ota-onalar uchun farzandini oliy maʼlumotli qilish faqat orzu emas, erishsa boʻladigan maqsadga aylandi.

Taʼlim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalar taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili sifatida belgilandi. AT, sunʼiy intellekt va kreativ iqtisodiyot rivojiga yangi ruh berilib, 10 million yoshni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kirish maqsad qilindi.

Prezidentimiz Oʻzbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilgʻor tashabbuslarni taklif etadigan markazga aylanishi, oʻzbek tili esa raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til boʻlishi lozimligini taʼkidladi.

Aholi salomatligini muhofaza qilishga ajratilayotgan mablagʻ soʻnggi yillarda 8 karradan ziyod oshirildi. Sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyati markazda ham, hududlarda ham kengayib, 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etildi va xususiy sektorga keng imkoniyat berildi.

Natijada tibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi, ilgari xorijda bajarilgan 100 dan ziyod murakkab diagnostika va davolash usullari yurtimizda yoʻlga qoʻyildi. Aholining oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 1991-yildagi 66,4 yoshdan 2025-yilda 75,4 yoshga yetdi, goʻdaklar va onalar oʻlimi 4 barobar kamaydi.

Xalqimizning bebaho maʼnaviy merosiga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Burhoniddin Margʻinoniy yodgorlik majmualari kabi betakror ilmiy-maʼrifiy dargohlar barpo etildi. Ushbu maskanlar yurtimiz va islom olamida, butun jahonda katta eʼtirofga sazovor boʻlayotgani qayd etildi. Ulugʻ ajdodlarimizning ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish va dunyoga keng targʻib etishga qaratilgan bunday bunyodkorlik ishlari izchil davom ettiriladi.

Davlatimiz rahbari Yangi Oʻzbekiston yoshlarini mamlakatimizning eng katta boyligi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi deb atadi.

Tokio va Parij Olimpiya hamda Paralimpiya oʻyinlaridagi tarixiy yutuqlar, futbolchilarimizning ilk bor jahon chempionatida ishtirok etgani, yoshlarning xalqaro fan olimpiadalari, tanlov va festivallardagi gʻalabalari xalqimizga katta iftixor bagʻishlamoqda. Samarqandda oʻtadigan Jahon shaxmat olimpiadasi va grossmeyster Javohir Sindorovning jahon shaxmat toji uchun kurashi oldidan yoshlarimizga ulkan zafarlar tilab qolindi. Oʻgʻil-qizlarimiz oldinga intilish va doimiy izlanishdan hech qachon toʻxtamaslikka daʼvat etildi.

Prezidentimiz mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qoʻyayotganini taʼkidladi. “Kelgusi oʻn yillik biz uchun milliy yuksalish davri boʻladi”, dedi davlatimiz rahbari va bu maqsadga xalqimizning aql-zakovati, mehnati hamda birdamligi orqali erishilishini qayd etdi.

Shu maqsadda kelgusi yillarda inson qadrini yanada yuksaltiradigan yettita milliy dastur amalga oshiriladi. Ular taʼlim va tibbiyotdan tortib, yuqori texnologiyali iqtisodiyot, ekologiya, adolat, mahalla va tashqi siyosatgacha boʻlgan ustuvor yoʻnalishlarni yagona maqsad atrofida birlashtiradi.

Birinchi milliy dastur bilim va malakani taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishga qaratilgan.

Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sogʻlom boʻlishi va uzoq umr koʻrishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Uchinchi milliy dastur iqtisodiyotni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga oʻtkazishga qaratilgan.

Toʻrtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan oʻzgartirishga yoʻnaltiriladi.

Beshinchi milliy dastur sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini umumiy qadriyatga aylantirishga qaratiladi.

Oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantiradi.

Yettinchi milliy dastur Oʻzbekistonning tinchlik va doʻstlik diyori, bagʻrikeng oʻlka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishga qaratilgan.

Yurtimizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosati uzoq muddatli taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qilmoqda. Markaziy Osiyoda ahil qoʻshnichilik, strategik sheriklik va doʻstlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishilib, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan munosabatlar mustahkamlandi.

Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasida yangi hamkorlik yoʻnalishlari ochildi, Oʻzbekiston bilan diplomatik munosabat oʻrnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi. Koʻp qirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosat hamda iqtisodiy diplomatiya izchil davom ettiriladi.

Mamlakatimiz 2027-2029-yillarda Qoʻshilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi va 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan ushbu global tuzilma samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari suradi. Afgʻoniston boʻyicha konstruktiv siyosat qatʼiy davom ettirilishi qayd etildi.

Prezidentimiz tantanada ishtirok etgan diplomatik korpus vakillari, xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda AQSh, Turkiya va Singapurdan kelgan yuqori martabali mehmonlarga samarali hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Mamlakatimiz yetakchisi nutqining yakunida xalqimizga ishonch bilan murojaat qildi: “Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli boʻlamiz. Oʻttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yoʻli bir haqiqatni koʻrsatdi: xalq va davlat yagona maqsad yoʻlida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib boʻlmaydigan marraning oʻzi yoʻq”.

Prezidentimiz yagona Vatan va yagona xalq boʻlib, yangi hayot va buyuk kelajakni birgalikda barpo etishga chaqirdi. Vatanimizning oltin davri va yangi buyuk tarixi xalqimizning matonati, mehnati va birdamligi bilan yaratilishiga qatʼiy ishonch bildirildi.

Davlatimiz rahbari butun xalqimizni Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan yana bir bor tabriklab, yurtimiz tinch, xonadonlarimiz obod va farovon boʻlishini tiladi. Istiqlolimiz ijodkori va haqiqiy bunyodkori boʻlgan xalqimizga shon-sharaflar tilab, “Yashasin Oʻzbekiston Respublikasi! Yashasin Oʻzbekiston xalqi!” deya murojaatini yakunladi.