Xo‘sh, bu hujjatni rasmiylashtirish tartibi qanday? U yo‘qotilgan, shikastlangan, yaroqsiz holga kelgan taqdirda almashtirib beriladimi? Vaucher qaysi hollarda bekor qilinadi?

Sog‘liqni saqlash vazirining 2026-yil 16-iyundagi 195-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Vaucherni rasmiylashtirish, berish, almashtirish va bekor qilish Tartibida buning huquqiy asoslari keltirilgan.

Hujjatga ko‘ra, bemorga taqdim etilgan vaucher raqami tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar (tuman (shahar) maslahat-diagnostika bo‘limlari) tomonidan belgilangan tartibda elektron tizimga kiritiladi hamda bemorning JSHSHIR raqami va tegishli kod bilan biriktiriladi.

Vaucher yo‘qotilgan, shikastlangan, ma’lumotlari o‘qib bo‘lmaydigan holatga kelgan yoki boshqa sabablarga ko‘ra undan foydalanish imkoni bo‘lmagan taqdirda bemor yoki uning qonuniy vakili tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar (tuman (shahar) maslahat-diagnostika bo‘limlari) yoki vakolatli organga murojaat qiladi.

Mas’ul xodim bemor to‘g‘risidagi ma’lumotlarni axborot moduli orqali tekshiradi hamda vaucherning haqiqiyligi va undan foydalanilganligi holatini aniqlaydi.

Vaucher bo‘yicha tibbiy xizmatlar ko‘rsatilmaganligi tasdiqlangan taqdirda tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar (tuman(shahar) maslahat diagnostika bo‘limlari) mas’ul xodimi tuman (shahar) darajasidagi rahbarga va ular tomonidan rasmiy ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi va hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalariga murojaat qiladi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi va hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari Sog‘liqni saqlash vazirligi Davolash-profilaktika yordamini tashkillashtirish departamentiga rasman murojaat qiladi. Bunda, vazirlik tomonidan avval berilgan vaucher bekor qilinadi va bemorga takroriy vaucher rasmiylashtiriladi. Takroriy vaucher avvalgi vaucherning huquqiy kuchiga ega bo‘lib, unda takroriy rasmiylashtirilganligi haqidagi belgi va avvalgi vaucherning identifikatsiya raqami ko‘rsatiladi.Vaucherdagi ma’lumotlar noto‘g‘ri kiritilganligi aniqlangan taqdirda, noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan vaucher bekor qilinib, to‘g‘rilangan ma’lumotlar asosida yangi vaucher shakllantiriladi.

Bemorga nisbatan tibbiy tekshiruv, davolash yoki jarrohlik amaliyoti to‘liq amalga oshirilgan hollarda mazkur vaucher ijro etilgan deb hisoblanadi va takroriy vaucher rasmiylashtirilmaydi.