Milliy istiqlolimizning 35 yillik tarixini o‘zining mohiyati, sur’ati va erishilgan natijalariga ko‘ra ikki yirik davrga bo‘lish mumkin.
Birinchi davr: 1991-2016-yillar — milliy davlat poydevorini qurish, suverenitet asoslarini shakllantirish va dastlabki taraqqiyot yo‘lini belgilab olish bosqichi bo‘ldi.
O‘zbekistonda amalga oshirilgan barcha o‘zgarishlarning debochasi va islohotlarning bosh manbai — 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan mustaqil O‘zbekiston Konstitutsiyasi hisoblanadi. Asosiy qonun davlat qurilishining uchta muhim ustunini, ya’ni hokimiyatlar bo‘linishi, inson huquqlari ustuvorligi hamda xususiy mulk daxlsizligini belgilab berdi. Mamlakatdagi keyingi barcha islohotlar aynan mana shu uchta tamoyilni amaliyotga tatbiq etishga yo‘naltirildi.
Umuman, 1991-2016-yillar O‘zbekistonning suveren huquqiy poydevori yaratilgan davr bo‘ldi. Bu jarayon Konstitutsiya qabul qilinishi bilan boshlanib, undagi tamoyillar asosida avval iqtisodiy munosabatlar, so‘ngra sud-huquq sohasi takomillashtirildi. Bu davr sobiq tuzum sarqitlaridan voz kechib, demokratik davlat va bozor iqtisodiyotining dastlabki huquqiy asoslarini shakllantirib berdi.
Ikkinchi davr: 2016-yildan to hozirgacha bo‘lgan bosqich esa o‘tmish xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda, shaffoflik, chuqur ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, tashqi siyosatda “yangi ishonch muhiti” hamda xalq va davlatning haqiqiy hamjihatligi yo‘lga qo‘yilgan yangi yuksalish davri sifatida tarixga kirdi.
2016-yildan keyin davlatimizni 2017-2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi hamda 2023-yilda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi, qolaversa, 2026-yilda “maqsad — harakat — natija” zanjiriga asoslangan yangi tahrirdagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi shakllantirildi.
O‘zbekiston o‘z mustaqilligining 35 yili davomida juda murakkab, ammo muvaffaqiyatli tarixiy yo‘lni bosib o‘tdi. Davlatimiz mustaqilligining chorak asrdan ziyod davrini tahlil qilar ekanmiz, mamlakatning har bir sohada o‘ziga xos rivojlanish yo‘lini ko‘rishimiz mumkin. Bu rivojlanishning bosh poydevori — 1992-yil 8-dekabrda qabul qilinib, 2023-yilda yangi tahrirda tasdiqlanib, O‘zbekistonni “ijtimoiy, huquqiy va dunyoviy davlat” sifatida kafolatlagan va “inson qadri” tamoyilini oliy darajaga ko‘targan asosiy qonunimiz bo‘ldi.
2023-yilda bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumi shunchaki asosiy qonunning qabul qilinishi emas, balki ushbu jarayon O‘zbekiston xalqining siyosiy yetukligi va fuqaroviy hamjihatligini namoyon etdi. Bevosita xalqimizning xohish-irodasi bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni haqli ravishda mustaqil davlatchiligimizning tayanch ustuni va milliy taraqqiyotimizning huquqiy kafolati deb atashimiz mumkin.
Konstitutsiyani yangilash g‘oyasi ilk bor Prezidentimiz tomonidan 2021-yilning 6-noyabrida — lavozimga kirishish marosimidagi nutqida rasman ilgari surildi. Davlatimiz rahbari Taraqqiyot strategiyasi markazida bevosita inson, uning qadr-qimmati, huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlab turishini, shuningdek, bundan buyon “davlat — jamiyat — inson” degan eski qoidani tubdan o‘zgartirib, “inson — jamiyat — davlat” degan yangi tamoyilni Konstitutsiya va qonunlarda, kundalik hayotda mustahkam belgilab qo‘yish zarurligini ta’kidladi.
2022-yil 20-iyun kuni Prezidentimiz Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham islohotlarning to‘rtta asosiy yo‘nalishini belgilab berdi. Inson qadr-qimmati va huquqlarini oliy qadriyat darajasiga ko‘tarish, “ijtimoiy davlat” tamoyilini mustahkamlash, erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va xalqparvar davlat boshqaruvini shakllantirish shular jumlasidandir. Shu munosabat bilan inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish va munosib hayot sharoitini yaratish maqsadida “O‘zbekiston — ijtimoiy davlat” g‘oyasini Konstitutsiyada qat’iy belgilashni taklif etdi.
Prezidentimizning loyihani kabinetlarda emas, bevosita xalq bilan bamaslahat yozish haqidagi talabi natijasida aholidan 220 mingdan ortiq takliflar tushdi va “Yangilanayotgan Konstitutsiyamizning chinakam muallifi bu — xalqimizdir” degan g‘oya amalda o‘z isbotini topdi. Shu tariqa keng umumxalq muhokamalaridan so‘ng 2023-yilning 30-aprelida bo‘lib o‘tgan referendumda yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilindi.
Bu bilan, birinchidan, avvalgi yillarda yaratilgan huquqiy baza endilikda qog‘ozdan amaliyotga ko‘chib, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalar sezilarli darajada yangi bosqichga ko‘tarildi. Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan xususiy mulk daxlsizligini real hayotda ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga davlatning asossiz aralashuvlarini keskin cheklash hamda investorlarni himoya qiluvchi yangi institutlar, xususan, Biznes-ombudsmanning joriy etilishi erkin bozor munosabatlariga keng yo‘l ochdi.
Ma’lumki, 2016-yilgacha bo‘lgan davrda “kambag‘allik” degan atama rasmiy doiralarda deyarli tilga olinmas va umuman, bu muammoning borligi yashirilardi. Xalq va davlat birligining misoli sifatida davlat o‘z xatosini tan olishni o‘rgandi, bu muammoga tik qarab, unga qarshi kurash yo‘llarini izladi va asosiysi, bunga erishmoqda ham.
Jahon bankining O‘zbekiston bo‘yicha hisobotlarida shunday qayd etiladiki, “mamlakatda kambag‘allikni qisqartirish uchun tashkil etilgan noyob o‘zbek modeli — “Mahallabay” ishlash tizimi kutilganidan ko‘ra samaraliroq va tezroq natija berdi deb yuqori baholasak bo‘ladi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda 2020-yilda kambag‘allik darajasi 23 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich yillar davomida yuqorida ta’kidlangan tizimli islohotlar orqali 11 foizga va undan ham pastroq foizga tushirildi.
Shu bilan birga, 2017-yildagi valyuta bozorining liberallashtirilishi natijasida iqtisodiyotdagi “qora bozor” degan tushunchaga barham berildi. Iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha jazolarning yengillashtirilishi, tadbirkorlarga yetkazilgan zararni qoplash sharti bilan qamoq jazosini qo‘llamaslik amaliyotining kengayishi natijasida esa davlat va biznes vakillari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch yanada mustahkamlandi deb ayta olamiz. Shuningdek, Milliy statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston pandemiya va tashqi siyosiy inqirozlarga qaramay, 5-6 foizlik o‘sishni saqlab qoldi. So‘nggi yillarda yanada tez sur’atlarda o‘sishni qayd etmoqda”.
Ikkinchidan, inson huquqlari va erkinliklarini oliy qadriyat darajasiga ko‘targan huquqiy tizim ilm-fan, innovatsiya va ta’limga tayangan yangi taraqqiyot bosqichiga yo‘l ochdi. Davlatning inson huquqlarini kuchaytirishi jamiyatda erkin fikrlovchi va kelajakka ishonch bilan qaraydigan yangi avlodni shakllantirishga xizmat qildi. Buning ortidan davlatimizning ta’lim sohasidagi islohotlari o‘z natijasini asta-sekin ko‘rsatmoqda.
Xususan, maktab va oliy ta’limda erishilgan yutuqlarning eng muhim huquqiy va ijtimoiy sabablaridan biri yurtimizda bolalar mehnati va tizimli majburiy mehnatga to‘liq barham berilgani bo‘ldi. O‘qituvchi va o‘quvchilarning dalaga paxta tergani emas, balki auditoriyaga bevosita ta’lim va ilm-fanga qaytishi ta’lim sifatining o‘sishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatdi.
Bu tarixiy burilishning yaqqol isbotini quyidagi statistik ko‘rsatkichlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
Masalan, maktabgacha ta’lim qamrovini oladigan bo‘lsak, 2017-yilgacha bo‘lgan davrda qamrov darajasi 27,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib davlat va xususiy sektor sherikligida bu ko‘rsatkich 74 foizdan oshgan.
Maktab ta’limida infratuzilmani kengaytirish va ta’lim mazmunini xalqaro standartlarga tenglashtirish kabi asosiy yo‘nalishlardagi islohotlar natijasida bugungi kunda umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari 11 ming 118 tani tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich 2017-yilda 9671 ta edi.
Shuningdek, oliy ta’lim tizimidagi yangilanishlar, xususan oliy ta’lim tashkilotlariga moliyaviy mustaqillik berilishi tufayli yuqori o‘sish ko‘rsatkichlari qayd etildi. Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan talabalar soni 2021-2022-o‘quv yilidagi 808,4 ming nafardan so‘nggi o‘quv yili (2025-2026-yillar) boshida 1 million 535 mingga yetib, qisqa davr ichida deyarli ikki baravarga ko‘paydi.
O‘zbekistondagi bu islohotlar natijasida faqat ichki qamrovda yuksalish -bo‘libgina qolmay, balki xalqaro reytinglarda ham yuqori o‘rinlar qayd etildi.
Jumladan, nufuzli “QS World University Rankings by Subject 2026” natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning 7 ta oliy ta’lim muassasasi dunyoning eng kuchli TOP-1000 universitetlari ro‘yxatidan joy oldi. Xususan, Toshkent davlat texnika universiteti (ToshDTU) “neft va gaz muhandisligi” yo‘nalishi bo‘yicha dunyoda TOP-101-200 o‘rinlar guruhiga kirdi.
Shuningdek, “The Impact Rankings 2026”da, Buyuk Britaniyaning “Times Higher Edusation” agentligi tomonidan e’lon qilingan reytingda O‘zbekistonning 24 ta universiteti jahonning TOP-1000 taligidan joy oldi. Bu ko‘rsatkich bilan O‘zbekiston Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasida mutlaq yetakchiga aylandi.
Ta’lim islohotlarining amaliy samarasi yoshlarimizning xalqaro maydondagi yutuqlarida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Xususan, 2025 yilda o‘quvchilarimiz xalqaro olimpiadalarda jami 210 ta medal, jumladan, 40 ta oltin, 78 ta kumush va 92 ta bronza bilan mamlakat tarixida mutlaq rekord o‘rnatgan bo‘lsa, 2026 yili Kolumbiyadagi nufuzli fizika olimpiadasida yana 5 ta mukofotni qo‘lga kiritdi.
Uchinchidan, yangi O‘zbekistonning jahon maydonidagi shon-shuhrati va qudrati bugun sportdagi tarixiy zafarlarimizda ham o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Davlatimizni jahonga tanituvchi qudratli vosita bo‘lgan sport sohasidagi izchil islohotlar hamda kuchli iqtisodiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlashlarga sportchilarimiz xalqaro arenalardagi o‘zining qator rekordlari va tarixiy zafarlari bilan munosib javob bermoqda.
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining rasmiy yakuniy jadvaliga ko‘ra, 2024-yilgi Parij yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston tarixiy natijani qayd etib, 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Natijada O‘zbekiston umumjahon reytingida 13-o‘rin, Osiyoda kuchli to‘rttalik, MDH davlatlari orasida 1-o‘rin, Markaziy Osiyoda ham birinchi o‘rindan joy oldi.
Shuningdek, 2025-yil futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi “FIFA” Jahon chempionatiga yo‘llanma olgani va joriy yil Shimoliy Amerika davlatlarida o‘tkazilgan mundialda ishtirok etgani bu O‘zbekistonning mustaqillik davrida futboldagi eng katta yutug‘i bo‘ldi. O‘zbekiston bu yutug‘i bilan Markaziy Osiyodan Jahon chempionatiga chiqqan birinchi mustaqil davlatga aylandi.
Bu tarixiy onlarni faqat sportchilarning kuchi emas, balki butun jamiyatimizning umummilliy g‘alabasi deyish o‘rinlidir. Zero, qaysi hududdan bo‘lishidan qat’i nazar, barcha yagona O‘zbekiston nomi bilan hamohang bo‘ldi va Vatan bayrog‘ini yuksaltirish maqsadida barcha bir jamoaga birlashdi.
Shu bilan birga, 2022-yil Hindistonning Chinnay shahrida o‘tkazilgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritdi. Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov kabi yosh grossmeysterlarimiz o‘zlarining ulkan natijalari orqali intellektual salohiyati tengsiz ekanini namoyon etdi.
To‘rtinchidan, turli sinovli davrlarda xalqimiz o‘zining birdamligini ko‘rsatganini alohida e’tirof etish joiz. Jumladan, 2020-yilda butun dunyo singari O‘zbekiston ham koronavirus pandemiyasi bilan yuzlashib, katta inqirozli holatlarni boshidan kechirdi. Bunday og‘ir vaziyatda turli qiyinchiliklarga qaramay qisqa vaqt ichida maxsus shifoxonalar qurildi, “Saxovat va ko‘mak”, 1197 qisqa raqamli qo‘ng‘iroq markazlari va Volontyorlik platformalari, “Milliy taomlar karvoni”, “Ruhiy birdamlik”, “Mahalliy sanoatning tezkor safarbarligi” kabi umummilliy harakatlar orqali ehtiyojmand oilalar qo‘llab-quvvatlandi, minglab shifokorlar va ko‘ngillilar jamoalari tuzilib, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib xalq uchun birlashdi. Bunday harakatlarni mustaqillik yillarida shakllangan demokratik va huquqiy jamiyatning eng oliy natijasi bo‘lmish fuqarolik birdamligi deya e’tirof etish mumkin.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, aynan inson qadrining oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilishi, jamiyatning majburiy mehnatdan ozod qilinishi, odil sudlov hamda Ombudsman institutlari orqali xalqning huquqiy himoyasi kuchaytirilishi ochiq va erkin muhitni shakllantirdi. Yuqorida tilga olingan ilm-fan, ta’lim va sportdagi tarixiy zafarlar ana shu huquqiy va strategik yo‘lning amaliy natijasidir hamda bu yutuqlar bugungi kunda yangilangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida belgilangan yanada ulkan marralar uchun mustahkam zamin bo‘ladi.
Bu ulkan va tarixiy yutuqlar faqat davlat yoki xalqning bir tomonlama harakati emas, balki ikki tomonning hamjihatlikdagi harakatlari mahsulidir. Chunki yuqorida ta’kidlangan har bir soha va ulardagi yutuqlarda davlatning ham, xalqning ham o‘ziga yarasha katta o‘rni va mehnati borligi yaqqol ko‘rinib turadi. Umuman, hozirda erishilayotgan barcha yutuq va natijalar o‘zaro ishonch va hamjihatlik samarasidir va bu yanada mustahkamlanib bormoqda.
Shu o‘rinda buyuk bobomiz Amir Temurning quyidagi hikmati yodga tushadi: “Boshsiz mamlakat jonsiz tanaga o‘xshaydi. Bejon tanning ahvoli vayronalikka yaqindir”.
Tarix va bugungi kun ko‘rsatib turibdiki, yurtning farovonligi adolatli va xalqparvar yo‘lboshchiga bevosita bog‘liq. Chindan ham bugun davlatimiz rahbari olib borayotgan oqilona siyosat, tinimsiz zahmat va Vatan ravnaqi yo‘lidagi tizimli islohotlar tufayli jamiyatimiz hur, mahallalarimiz osoyishta, mamlakatimiz tinch va obod. Bu esa mustaqilligimizning eng oliy ne’matidir.
Sherzod ZOKIROV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti bosh ilmiy xodimi,
Sevara MIRALIYEVA,
institut tayanch doktoranti