Rejaning imzolanishi tomonlar o‘rtasidagi ko‘p yillik hamkorlikni rivojlantirishning navbatdagi bosqichi bo‘ldi. Joriy yilda ushbu hamkorlikka 33 yil to‘ldi.

Tadbirda xalqaro gumanitar huquq shakllanishining boshlang‘ich nuqtasi 1859-yildagi Solferino jangi voqyealari, Anri Dyunanning «Solferino jangi haqida xotira» kitobi hamda 1864-yil 22-avgustda birinchi Jeneva konvensiyasining qabul qilinishiga borib taqalishi qayd etildi.

Bugungi kunda 1949-yilgi Jeneva konvensiyalarining ishtirokchilari 196 ta davlat hisoblanadi, bu esa ularni zamonaviy xalqaro shartnomalar orasida chinakam universal hujjatlardan biriga aylanganidan dalolat beradi. Gumanitar ananalarning rivojlanishi O‘zbekistonda ham chuqur tarixiy ildizlarga ega. Xususan, 1925-yilda Samarqandda tashkil etilgan O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati 2025-yilda 100 yilligini nishonladi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov imzolangan Reja Milliy markaz va XQXQ o‘rtasidagi ko‘p yillik hamkorlikning mantiqiy davomi ekanini qayd etdi. Eng muhim qo‘shma loyihalar qatorida 2014-yilda «Xalqaro inson huquqlari huquqi va xalqaro gumanitar huquq» o‘quv-uslubiy qo‘llanmasi tayyorlangani, shuningdek, 2024-yil dekabr oyida Jeneva konvensiyalari va Qo‘shimcha protokollarning lotin imlosiga asoslangan o‘zbek alifbosidagi nashri taqdim etilganiga etibor qaratildi.  

XQXQning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy delegatsiyasi rahbari Bilyana Miloshevich Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining xalqaro gumanitar huquq normalarini milliy amaliyotga integratsiya qilishga qo‘shgan salmoqli hissasini ta'kidladi. Ixtisoslashtirilgan adabiyotlarni tayyorlash, tarjima qilish va nashr etish, shuningdek, talabalar, o‘qituvchilar va yosh mutaxassislar uchun talim dasturlarini tashkil etish orqali yosh avlod bilan ishlash alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Bilyana Miloshevichning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro gumanitar huquqni ilgari surish Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Tashkilot qurolli mojarolar hududlarida gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirmoqda, biroq tinchlik davrida xalqaro gumanitar huquqqa doir bilimlarni tarqatish ham bundan kam ahamiyatli bo‘lmagan vazifa bo‘lib qolyapti.

Shu manoda, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlik ushbu yo‘nalishdagi izchil va samarali ishning muvaffaqiyatli namunasi bo‘lib xizmat qilyapti. Yangi Harakatlar rejasi to‘rtta asosiy yo‘nalish, yani:

        nashriyot faoliyati;

        ilmiy-amaliy, talimiy va marifiy tadbirlarni o‘tkazish;

        xalqaro gumanitar huquq sohasidagi qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish;

        Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida o‘qitish, ilmiy almashinuv va bilimlarni tarqatish uchun doimiy maydonga aylanadigan xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha ixtisoslashtirilgan kabinet tashkil etish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadi.

Tadbir yakunida tomonlar Harakatlar rejasida nazarda tutilgan tadbirlarning to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishini taminlashga tayyor ekanini tasdiqladilar.  Imzolangan hujjatning amalga oshirilishi hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqaro gumanitar huquqni ilgari surish va O‘zbekistonda gumanitar talimni rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi matbuot xizmati.