Xalqaro kuryerlik jo‘natmalari orqali narkotik moddalarni transchegaraviy o‘tkazishga urinishlarning oldini olish maqsadida respublikamiz bojxonachilari tomonidan doimiy tezkor chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, yaqinda “Toshkent-AERO” IBK Kontrabandaga qarshi kurashish sho’basi xodimlari tomonidan “Elektron tijorat” TIF bojxona posti hamda DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda xalqaro kuryerlik jo‘natmasi orqali giyohvandlik moddalarini noqonuniy olib kirishga urinish bartaraf etildi.
Gap shundaki, Tailanddan kelgan jo‘natmalardan birida hujjatlarga ko‘ra quruq meva va shirinliklar bo‘lishi lozim edi.
Ammo, jo‘natmadagi qadoqlangan yong‘oqlar bojxona xodimlarining diqqatini tortdi. Boz ustiga, o‘zimizda ham mo‘l-ko‘l bo‘lgan bu kabi oddiy yong‘oqlar xorijda yuboriladigan darajada tanqis mahsulot hisoblanmasa!
Xullas, shubhalar tasdig‘ini topdi – yong‘oqlardan ayrimlarining ichiga giyohvandlik moddalari mohirlik bilan xufiyona joylangani fosh etildi.
Poytaxtimizning Sergeli tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu jo‘natmani qabul qilib olishga kelgan 43 yoshli fuqaro ham qo‘lga olindi.
Holat yuzasidan “Toshkent-AERO” IBKning Surishtiruv va ma’muriy amaliyot sho’basi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborildi.