Maʼlum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmati hamda ichki ishlar organlari hamkorligida ikki alohida holat aniqlangan.

Birinchi holatda Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs Urganch tumani hududida to‘xtatilib tekshirilganda, uning yonidan 4 kg 407 gramm «opiy» giyohvandlik vositasi topilib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Ikkinchi holatda esa «BeruniyUrganch» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Lacetti» avtomashinasi Urganch tumanidagi «Cholish» YPX maskanida to‘xtatildi. Tekshiruv davomida avtoulovda bo‘lgan yana bir shaxsdan 4 kg 541 gramm «opiy» aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.

Tergov maʼlumotlariga ko‘ra, har ikki holatda ham ushbu giyohvandlik vositalari Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan bo‘lib, ularni Xorazm viloyatida sotish orqali daromad topish rejalashtirilgan.

Hozirda gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi kurashishda jamoatchilikning faolligi muhim ahamiyatga ega.