Sud hujjatlarida keltirilishicha, 30 yoshli D.Yu. Urganch shahar IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi profilaktika kichik inspektori vazifasida ishlab kelgan.

Hodisa 2025 yil 23 dekabr kuni sodir bo‘lgan. D.Yu. do‘stining to‘y munosabati bilan tashkil etilgan ziyofatda spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Keyin u Cobalt avtomashinasida ikki nafar tanishini uyiga olib ketish uchun yo‘lga chiqqan.

Guvohlarning suddagi ko‘rsatmasiga ko‘ra, haydovchi mast holda yuqori tezlikda harakatlangan. Yo‘lovchilar undan tezlikni pasaytirishni so‘raganiga qaramay, u harakatni davom ettirgan. Avtomobil yo‘ldagi chuqurlikdan so‘ng boshqaruvni yo‘qotib, beton to‘siqqa urilib ag‘darilgan.

Oqibatda orqa o‘rindiqda ketayotgan yo‘lovchi og‘ir tan jarohati olib, shifoxonada vafot etgan.

Marhumning otasi sudda sudlanuvchi va uning yaqinlari kechirim so‘rab kelgani hamda moddiy yordam taklif qilganini, ammo ularni qabul qilmaganini bildirib, aybdorga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shovot tuman sudi hukmiga ko‘ra, D.Yu. 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Shuningdek, u 3 yil davomida transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan.