Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro B.R. 4 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni 5 000 AQSh dollari evaziga go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Kanada davlatiga ishga yuborishini va’da qilib, kelishilgan puldan 3 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olganligi aniqlangan.

Departamentning Yangihayot tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.T. fuqaro A.L.ning ishonchiga kirib, uni Yaponiya davlatiga ketish uchun viza hujjatlarini tayyorlab berishini va’da qilib, 1 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Uychi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi bosh mutaxassisi Sh.N. fuqaro S.S.ning ishonchiga kirib, uni 1 500 AQSh dollari evaziga Slovakiya davlatiga ishga yuborishini va’da qilib, kelishilgan pullar hisobidan 3,3 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlanib, tekshiruvda ushbu pullarning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Departamentning Uchtepa tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “M.G” MChJ mas’ul shaxslari fuqaro S.A.ning ishonchiga kirib, uni Germaniya davlatiga ishga yuborishni va’da qilib, 8 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.