Vazirning ta’kidlashicha, joriy yilda 1 avgust kuni har gektarga 2 litrdan etefon sepgan va uch bosqichli «erta pishirish» dasturiga amal qilgan fermerlarning dalalarida paxta hosili barvaqt ochilgan.
U bu borada Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanidagi «Xumo» fermer xo‘jaligi rahbari Sharofiddin Ismoilovning tajribasini misol sifatida keltirdi.
«Sharofiddin akada esa 16 sentyabrda qordek oppoq, qarsillagan dala», — deb yozadi vazir.
Ma’lum qilinishicha, mazkur usuldan foydalanaayotgan ilg‘or fermerlarning paxta dalalari maydoni qariyb 450–500 ming gektarni tashkil etadi.
Vazir Qoraqalpog‘istondagi ayrim dalalarda esa ushbu tavsiyalarga amal qilinmagani sababli paxtaning ochilishi nisbatan kechikayotganini qayd etgan. Xususan, u kirgan xo‘jaliklardan birida ko‘saklarning qariyb 70 foizi hali ochilmagani, barglar yashil holda ekani va o‘simlikning yuqori qismida gullash davom etayotganini aytgan.
«Erta pishitish» dasturi doirasida «Xumo» fermer xo‘jaligida ham bir qator agrotexnik tadbirlar amalga oshirilgan.
Xo‘jalik rahbari Sharofiddin Ismoilovning ma’lum qilishicha, 2026 yilda maydonga «Sakson yetti» xorijiy g‘o‘za navi ekilgan.
1 avgust kuni birinchi defoliatsiya ishlari bilan bir vaqtda maydonga 1,5–2 litrdan etefon bilan ishlov berilgan. 12 avgust kuni esa 100 gramm «Avguron» hamda 1 litrdan etefon bilan qayta ishlov o‘tkazilgan.
21–22 avgust kunlari maydonga yana 150–200 gramm dan «Avguron» bilan ishlov berilgan. 1–2 sentyabr kunlari esa tavsiyaga asosan 12 kilogrammdan xlorat magniy (XMD) bilan ishlov o‘tkazilgan.
Fermerning aytishicha, hozirgi kunda dalalardagi hosil 100 foiz ochilgan va terimga tayyor. Dastlabki terimlarda har gektardan 67–72 sentner atrofida hosil olingan. Mavsum yakunida esa hosildorlikni 80 sentnerga yetkazish mo‘ljallanmoqda.
«Ilmga yondashsak, kam bo‘lmaymiz. O‘zbekistonimizda paxtachilikni yangi bosqichga olib chiqish o‘z qo‘limizda», — deydi «Xumo» fermer xo‘jaligi rahbari Sharofiddin Ismoilov.