Xo‘sh, qaysi sport turida raqobatbardosh maktab shakllandi? Qaysi yo‘nalishda bitta kuchli sportchiga emas, bir nechta munosib nomzodga tayanish mumkin? Yangi avlod katta musobaqada bosimni qanday qabul qilyapti? Avval natija kutilmagan sport turlaridagi o‘sish tasodifmi yoki muayyan jarayonning natijasi? Osiyo o‘yinlari natijasi ana shu savollarning ayrimlariga javob berdi, ayrimlarini esa yanada dolzarb masalaga aylantirdi.

Bu, ayniqsa, hozirda ahamiyatli. Parij olimpiadasidan keyin boshlangan yangi davr endi dastlabki bosqichdan o‘tib bo‘ldi. Los-Anjeles — 2028 uzoq istiqbol emas. Terma jamoalarning asosiy tarkibi, sportchilar o‘rtasidagi ichki raqobat, qaysi yo‘nalishlarga ko‘proq e’tibor qaratish zarurligi tobora aniqlashib boradigan palla boshlandi. Bunday vaziyatda Osiyo o‘yinlari keyingi ikki yillik ishning qayerdan davom ettirilishini ko‘rsatadigan jiddiy sinov vazifasini ham bajaradi.

19 sentyabrdan 4 oktyabrga qadar Yaponiyada o‘tkazilgan XX yozgi Osiyo o‘yinlarida qit’aning 45 delegatsiyasidan 11 mingga yaqin sportchi ishtirok etdi. O‘zbekiston musobaqada o‘z tarixidagi eng katta tarkib — sportning 42 turi bo‘yicha 396 nafar atlet bilan qatnashdi. Bellashuvlar yakunida delegatsiyamiz 21 oltin, 25 kumush va 24 bronza — jami 70 medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida beshinchi o‘rinni egalladi. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida ham, Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar orasida ham eng yuqori natija bo‘ldi.

Kuni kecha sportchilarimiz Toshkent aeroportida tantanali kutib olindi. Davlatimiz rahbari O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolariga tabrik yo‘lladi.

“Osiyo o‘yinlarida erishilgan har bir yutuq, har bir hayajonli daqiqa biz uchun o‘ziga xos bayram, zavq va quvonch ayyomi ekanini qariyb bir oy davomida barchamiz chin dildan his etib yashadik.

Albatta, bepoyon Osiyo qit’asining o‘ziga xos Olimpiya o‘yinlari bo‘lgan ushbu musobaqalardagi yuksak natijalar o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. Ularning zamirida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar, yaratilayotgan sharoitlar, yosh iste’dod egalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarimiz mujassamdir”, deyiladi tabrikda.

Bu galgi Osiyo o‘yinlaridagi natijalar faqat medallar soni emas, balki O‘zbekiston sporti uchun birinchi marta qayd etilgan natijalar, yangi chempionlar va rekordlar bilan ham katta ahamiyatga ega.

Dastlab Abdulvahob Rashidov erkaklar o‘rtasidagi karate bahslarida, Shohsanam Sherzodova yakka holda kanoeda eshkak eshish dasturida, O‘tkirbek Jo‘rayev esa sport gimnastikasi bo‘yicha O‘zbekis¬tonning Osiyo o‘yinlaridagi birinchi va tarixiy oltin medallarini olishga muvaffaq bo‘lgani terma jamoamiz a’zolarini yuksak marralar sari ruhlantirdi.

G‘ayrat va shijoatda tengsiz yengil atletikachilarimiz, jumladan, Suhrob Xo‘jayev bosqon uloqtirish yo‘nalishida Osiyo o‘yinlarining oltin medalini qo‘lga kiritgan birinchi o‘zbek sportchisi bo‘ldi. Balandlikka sakrash bo‘yicha 1,90 metr natija qayd etgan Barnoxon Sayfullayeva oltin medalni qo‘lga kiritish bilan birga shaxsiy rekordini ham yangiladi.

Yengil atletikachimiz Sharifa Davronova, bokschimiz Abdumalik Xalokov ikki karra, badiiy gimnastika bo‘yicha Taxmina Ikromova uch karra Osiyo o‘yinlari chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘lib, qit’amizda tengsiz ekanini isbotladi.

Akademik eshkak eshish bo‘yicha yaqinda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida tarixiy oltin medalni qo‘lga kiritgan Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev juftligi murosasiz kechgan Osiyo o‘yinlari bahslarida ham yetakchilikni saqlab qoldi.

Mardi maydon sportchilarimiz Osiyo va jahon rekordlarini yangilab, sport tarixiga o‘z nomini zarhal harflar bilan muhrlab qo‘ygani musobaqalarning eng yorqin sahifalarini tashkil etdi. Jumladan, afsonaviy og‘ir atletikachimiz Akbar Jo‘rayev 197 kilogramm natija bilan jahon va Osiyo rekordini yangilashga erishdi. G‘oyat dramatik ruhda kechgan bellashuvlarda bu atletimiz Osiyo o‘yinlari rekordini o‘rnatgani muxlislar qalbidan chuqur joy olgan unutilmas voqea bo‘ldi.

O‘q otish bo‘yicha Vladimir Svechnikov esa Osiyo o‘yinlari oltin medalini birinchi marta O‘zbekistonga olib kelgani va Osiyo o‘yinlari rekordini o‘rnatgani qahramonlikdir. Mohir dzyudochimiz Muzaffarbek To‘raboyev o‘ziga xos jasorat ko‘rsatib, chorak finalda koreyalik raqibi, Parij — 2024 olimpiadasi sovrindori Kim Mun Jongni, final bahsida esa dzyudo vatani bo‘lmish Yaponiya vakili Ota Hyogani mag‘lub etdi va Osiyo o‘yinlarida ikki vazn toifasida g‘alaba qozongan ilk chempion sifatida tarixga kirdi.

Shu o‘rinda o‘zbek dzyudochilarining

2 oltin, 2 kumush va 3 bronza medalni qo‘lga kiritib, 32 davlat vakillari ishtirokidagi kuchli raqobat sharoitida Yaponiyadan keyin umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallagani O‘zbekiston dzyudo sportidagi eng yirik va salmoqli natijadir.

Uch ming yillik tarixga ega o‘zbek kurashi bo‘yicha polvonlarimiz ham xalqimizning ishonchini munosib oqladi. Ushbu yo‘nalishda 6 oltin medalning to‘rttasini Ahror Ziyodullayev, Shohruxxon Baxtiyorov, Ibodatxon Agojonova va Pokizaxon Kamoldinova qo‘lga kiritdi.

— Balandlikka sakrashda ba’zan ikki-uch santimetr natija ham musobaqa taqdirini hal qiladi, — deydi Osiyo o‘yinlari chempioni Barnoxon Sayfullayeva. — Shuning uchun har bir balandlikka alohida vazifa sifatida qaraymiz. Aichi va Nagoyada men uchun asosiy maqsad, albatta, medal uchun kurashish edi. Lekin musobaqa jarayonida eng yaxshi natijamni ko‘rsatish imkoniyati paydo bo‘ldi. 1 metr 90 santimetr marrani zabt etib, rekordimni yangilaganim chempionlikning men uchun ahamiyatini oshirdi. Bunday natija bir musobaqaning o‘zida paydo bo‘lib qolmaydi. Balandlikka sakrashda texnika, sakrash paytidagi harakat va jismoniy holat o‘zaro bog‘liq. Tayyorgarlik davomida shu elementlarning har biri ustida ishladik. Katta musobaqada esa mashg‘ulotda qilgan ishingni bosim ostida takrorlay olishing kerak. Men uchun Osiyo o‘yinlarining eng muhim jihatlaridan biri ham shu bo‘ldi. Albatta, 1,90 metr bilan cheklanib qolish niyatim yo‘q. Endi natijani barqarorlashtirish va undan ham yuqori ko‘rsatkichlarga chiqishim kerak. Chunki Osiyo miqyosida chempion bo‘lish bilan jahon va olimpiada darajasida raqobatlashish o‘rtasida farq bor. Keyingi tayyorgarlikda shu farqni qisqartirish asosiy vazifalardan biri bo‘ladi.

Hozir O‘zbekiston yengil atletikasida yosh sportchilar orasida ham yaxshi natijalar ko‘rinyapti. Aichi va Nagoyadagi medallar bu yo‘nalishda imkoniyat borligini ko‘rsatdi. Endi bu natijalarni bir martalik muvaffaqiyat qilib qoldirmay, yirik musobaqalarda muntazam takrorlay olish muhim.

Yengil atletikada shaxsiy rekordlar va yangi nomlar e’tiborga tushgan bo‘lsa, an’anaviy kuchli yo‘nalishlarda ham o‘zbekis¬tonlik sportchilar yuqori mavqeini saqlab qoldi. Ayniqsa, boks musobaqalarida terma jamoa vakillarining natijalari bu sport turida shakllangan kuchli raqobat muhiti va zaxira hali ham asosiy ustunliklardan biri ekanini ko‘rsatdi.

— O‘zbekiston boksida har bir yirik musobaqaga talab yuqori. Chunki terma jamoamiz olimpiada, jahon va Osiyo miqyosida natija ko‘rsatib kelyapti, — deydi Osiyo o‘yinlari chempioni To‘rabek Habibullayev. — Shu sabab biz ringga chiqqanimizda raqiblar ham O‘zbekiston bokschisiga qarshi alohida tayyorgarlik ko‘radi. Aichi va Nagoyada ham oson jang bo‘lmadi. Har bir bosqichda raqibning uslubiga qarab ishlash, murabbiylar bergan taktik vazifani bajarishga harakat qildik. 90 kilogrammgacha vazn toifasida raqibning bitta kuchli zarbasi yoki himoyadagi bitta xato jangning borishini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Shuning uchun faqat hujum emas, masofani his etish, jang sur’atini nazorat qilish, ochkolar bo‘yicha vaziyatni to‘g‘ri baholash ham muhim. Musobaqada ayrim janglarda taktikani o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi. Menimcha, chempionlikka erishishda shu jihat ham ahamiyatli bo‘ldi. Erkaklar terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni oldi. Lekin boksda raqobat qizg‘in bo‘ladi. Osiyoda O‘zbekistondan tashqari Qozog‘iston, Xitoy, Yaponiya va boshqa mamlakatlarda ham kuchli bokschilar bor. Jahon miqyosiga chiqilganda raqobat yanada oshadi. Shuning uchun Osiyo o‘yinlaridagi chempionlikni yakuniy nuqta deb emas, keyingi bosqich uchun natija deb bilaman. Eng katta maqsadlardan biri — Los-Anjeles olimpiadasida g‘alaba qozonish. Ungacha hali vaqt bor va tarkibdagi o‘rin uchun ham raqobat bo‘ladi. Shu davrda texnik va jismoniy tayyorgarlikni yanada oshirish, xalqaro musobaqalarda ko‘proq tajriba ¬to‘plash kerak.

O‘zbekiston delegatsiyasining umumiy natijasiga kurashchilarimiz ham salmoqli hissa qo‘shdi. Polvonlarimiz to‘rt bor chempionlikni qo‘lga kiritdi, yana ikki vazn toifasida bronza medalga sazovor bo‘ldi. Natijada O‘zbekiston terma jamoasi kurash bo‘yicha umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.

— Kurash O‘zbekistonning milliy sport turi bo‘lgani uchun bizdan har qanday xalqaro musobaqada yuqori natija kutiladi, — deydi O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisi o‘rinbosari Uyg‘un Umarov. — Lekin bugun kurash faqat O‘zbekiston sportchilari ustunlik qiladigan sport turi emas. Osiyoning qator mamlakatlarida yaxshi maktablar shakllangan, kuchli polvonlar yetishib chiqyapti. Raqiblar ham sportchilarimizni, ularning uslubi va kuchli jihatlarini o‘rganib keladi. Shu ma’noda, Osiyo o‘yinlarida har bir medal uchun jiddiy raqobat bo‘ldi. Jamoamiz 4 oltin va 2 bronza medal oldi va kurash bo‘yicha umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Chunki to‘rtta vaznda finalda yengish sportchilarning nafaqat texnik jihatdan, balki hal qiluvchi bellashuvlarda psixologik jihatdan ham tayyor bo‘lganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, oltita medal oldik, demak, hamma ishimiz mukammal bo‘ldi deb aytish ham to‘g‘ri bo‘lmas. Ayrim vaznlarda imkoniyatlarimiz yuqoriroq edi. Musobaqadan keyin har bir bellashuv tahlil qilinadi: qayerda taktik xato qilindi, qayerda raqibga moslasha olmadik, qaysi sportchiga jismoniy yoki funksional tayyorgarlikni kuchaytirish zarur — bularning barchasi ko‘rib chiqiladi.

Biz uchun yana bir muhim vazifa — raqobatbardosh zaxirani kuchaytirish. Bir vaznda faqat bitta kuchli polvonga bog‘lanib qolish mumkin emas. Terma jamoaga kirishning o‘zida raqobat kuchli bo‘lsa, xalqaro musobaqaga chiqqan sportchining saviyasi ham oshadi. Kurashning xalqaro miqyosda ommalashib borayotgani bizga qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi. Endi vazifa faqat bugungi ustunlikni saqlab qolish emas, keyingi avlodni ham shu darajada tayyorlashdan iborat.

— Osiyo o‘yinlarining o‘ziga xos jihati shundaki, bu yerda deyarli har bir bosqichda kuchli raqibga duch kelish mumkin, — deydi tennis bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, Osiyo o‘yinlari sov¬rindori Humoyun Sultonov. — Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Eron, Qozog‘iston kabi davlatlar vakillari musobaqaga juda yaxshi ¬tayyorgarlik bilan keladi. Shuning uchun faqat jismoniy tayyorgarlikning o‘zi yetarli emas. Raqibni o‘rganish, musobaqa davomida vaziyatga qarab harakat qilish ham katta ahamiyatga ega. Biz ham Yaponiyaga ketishdan oldin shu jihatlarga jiddiy e’tibor qaratdik. Albatta, sportchi musobaqaga chempion bo‘lish uchun boradi. Sovrinli o‘rin ham natija, lekin bellashuvdan keyin qaysi jihatlarda imkoniyatni to‘liq ishlata olmaganingizni ham ko‘rasiz. Men uchun Aichi – Nagoyadagi ishtirok bu borada ham katta tajriba bo‘ldi. Nufuzli musobaqada bitta kichik xato yoki bir necha soniya e’tiborsizlik natijaga ta’sir qilishi mumkin. Endi shu jihatlarni murabbiylar bilan tahlil qilib, keyingi musobaqalarga tayyorgarlik ko‘ramiz. Terma jamoamizning umumiy natijasi ham yomon emas — 70 ta medal olindi, ko‘plab sportchilarimiz finalgacha yetib bordi. Lekin sportda kechagi natija bilan yashab bo‘lmaydi. Oldimizda yana xalqaro musobaqalar, eng muhimi, olimpiada sikli bor. Shuning uchun bu natijani keyingi bosqichga o‘tishdagi tajriba sifatida qabul qilish kerak.

O‘zbekiston sportida natija keltirayotgan yo‘nalishlar doirasi kengaymoqda. Ilgari yirik musobaqalar oldidan asosiy umid bir necha an’anaviy sport turiga bog‘langan bo‘lsa, endilikda turli yo‘nalishlarda xalqaro darajada raqobat qila oladigan sportchilar yetishib chiqyapti. Bu esa alohida chempionlarni tayyorlashdan kuchli sport maktablarini shakllantirishga o‘tish jarayoni uchun muhim ko‘rsatkich. Chunki katta sportda bitta avlodning muvaffaqiyati ma’lum davr uchun natija beradi, muntazam ravishda yangi nomlar paydo bo‘lishi esa ulkan tizimning barqaror ishlayotganini ko‘rsatadi.

Osiyo miqyosida yetakchilikka da’vo qilayotgan sportchi yoki jamoa uchun asosiy vazifa bir musobaqada yuqori cho‘qqiga chiqish emas, shu darajada barqaror qolishdir. Buning uchun sportchining jismoniy tayyorgarligi bilan bir qatorda musobaqa amaliyoti, raqibni tahlil qilish, tiklanish jarayoni, sport tibbiyoti, psixologiya va murabbiylik qarorlarining sifati ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Shu ma’noda, Osiyo o‘yinlari Los-Anjeles olimpiadasiga tayyorgarlikning navbatdagi bosqichi bo‘ldi. To‘g‘ri, olimpiadagacha hali vaqt bor va bu davrda sportchilarning formasi ham, vazn toifalaridagi raqobat ham, xalqaro kuchlar nisbati ham o‘zgarishi mumkin. Shuning uchun bugungi medalni ikki yildan keyingi olimpiada medaliga tenglashtirish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Ammo hozirning o‘zida qaysi yo‘nalish¬larda imkoniyat katta ekani, qayerda raqobat muhiti yetarli darajada shakllangani va qaysi nuqtalar ustida jiddiy ishlash kerakligini belgilab olish mumkin.

Endi asosiy masala Aichi–Nagoyadagi muvaffaqiyatdan qanchalik to‘g‘ri foydalanishda. Chempionlarning natijasini saqlab qolish bilan birga ular ortidan kelayotgan sportchilarni ham katta maydonga olib chiqish, har bir vazn va yo‘nalishda munosib raqobat muhitini yaratish muhim.

Osiyo o‘yinlari O‘zbekiston sportining bugungi imkoniyatlarini ko‘rsatdi. Endi navbat shu imkoniyatlarni keyingi ikki yilda yanada ko‘paytirish, kuchli yo‘nalishlarda ustunlikni saqlash, ortda qolayotgan turlarda aniq xulosa chiqarishda. Agar shu vazifalar to‘g‘ri bajarilsa, Aichi – Nagoyada qo‘lga kiritilgan medallarning asl qiymati ko‘rinadi. Zero, zabt etilgan bir marradan chiqariladigan xulosa keyingi — yanada yuksak marralar uchun imkoniyat va kamchiliklarni baholab olish imkonini ham beradi.

Azizbek YUSUPOV,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri