Bu kabi ishlar mazkur hududda yaqinda faoliyat boshlagan Vaziyatlar markazi tomonidan bajariladi.

Sergeli tumani hokimi maslahatchisi Saidahror Yunusovning aytishicha, yangicha uslubda faoliyat olib borayotgan mazkur markaz hududdagi tashkilotlar faoliyatida ilg‘or tajribalarni qo‘llash, sohalarni rivojlantirish, provardida yuqori natijalarga erishish, aholiga qulaylik yaratish, yuzaga kelgan muammolarni tezkor aniqlash va yechim topilishiga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Markaz faoliyatining birinchi yo‘nalishi – “Aqlli tuman” platformasi bo‘lib, u orqali tumanda aholi bilan ishlash yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu yerdagi ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy holatni raqamli nazorat qilish, ish jarayonida sun’iy intellektdan faol foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda. To‘planayotgan ma’lumotlar asosida xavf-xatarlar oldindan aniqlanayotir. Yana bir jihat, davlat idoralari bilan korxonalar o‘rtasida tezkor aloqa o‘rnatildi.

Ikkinchi yo‘nalish hisoblangan “Xavfsiz tuman” tizimi doirasida Ichki ishlar vazirligining “Qalqon” platformasi va “Mening inspektorim” mobil ilovalaridan, Favqulodda vaziyatlar vazirligining “Balit” platformasidan keng foydalanishga kirishilmoqda.

Markazning 24/7 rejimida ishlovchi uchinchi faoliyat yo‘nalishi – “Call-markaz” operatorlari aholi bilan bevosita faol muloqot qiladi. Ular turli masalalar, jumladan, tabiiy gaz, elektr energiya, suv va boshqa kommunal xizmatlar bo‘yicha muammolarni tegishli tashkilotlarga onlayn yo‘naltiradi. Murojaat qilgan fuqaro bilan qayta aloqa o‘rnatib, muammo bartaraf etilguncha holatni nazorat qilib boradi.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu markaz faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi tumanda boshqaruv qarorlarining qabul qilish tezligi 35% ga oshishiga, yo‘l-transport hodisalari 20% kamayishiga, favqulodda vaziyatlarning bartaraf etilishi 25-30% tezlashishiga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, yaqinda poytaxtimizning Sergeli tumanida bo‘lgan Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu markaz faoliyati bilan tanishib, mazkur yangi tizimni poytaxtimizning qolgan tumanlarida ham joriy etish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

X. Salimov,

jurnalist