Prezident Shavkat Mirziyoevning qat’iy siyosiy irodasi tufayli mamlakatimiz jahon bozorida ishonchli hamkorga, investorlar uchun qulay makonga aylandi. Eng muhimi, jalb etilayotgan har bir loyiha zamirida inson omili – yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirish maqsadi yotibdi.

Quyida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan mamlakatimizga investitsiya kiritilishi va aholi bandligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarini Yaponiyadagi hamkor tashkilotlar bilan o‘rnatilayotgan munosabatlar misolida keltiramiz.

“Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov boshchiligidagi delegatsiya xizmat safari bilan Yaponiya davlatida bo‘ldi.

Safar boshida tashkilot delegatsiyasi O‘zbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisining ta’lim, fan va innovatsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Nodirbek Hoshimov qabulida bo‘ldi. Uchrashuvda O‘zbekistonga kunchiqar mamlakatdan investitsiya jalb qilinishida “Vatanparvar” tashkilotining ishtirokini kuchaytirish, jumladan, bu mamlakatda vaqtincha ishlash istagida bo‘lgan yurtdoshlarimizni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan texnik kasblarga tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Bu o‘rinda tashkilot o‘quv muassasalarida talabgorlarni nafaqat kasb-hunarlarga tayyorlash, balki yapon tilini talab darajasida o‘rgatish masalasi ham diqqat markazida bo‘ldi.

Keyingi uchrashuv “Onodera User Run” kompaniyasida o‘tkazildi. Suhbat avvalida Husan Botirov mazkur kompaniya prezidenti Kato Junga, Yaponiyaga taklif etganligi uchun minnatdorlik bildirdi. Tomonlar joriy yilning aprel oyida Toshkent shahrida imzolangan Anglashuv memorandumi talablarining bajarilishini muhokama qildilar.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi, “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi hamda Yaponiyaning “Onodera User Run” va “Willer Express” kompaniyalari o‘rtasida imzolangan ushbu Memorandumning maqsadi O‘zbekistonda haydovchilik va avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish sohalarida professional ko‘nikmalarga ega kadrlarni tayyorlash hamda ularni Yaponiyaga vaqtincha ishlash uchun yuborish bo‘yicha hamkorlik qilishdan iborat.

Hamkorlik shartlariga ko‘ra, “Vatanparvar” tashkiloti o‘quv muassasalarida Yaponiyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar yengil, tirkamali va yo‘lovchi tashuvchi avtotransport vositalari haydovchisi, kara yuk ortuvchi transport boshqaruvchisi hamda avtochilangar mutaxassisliklariga tayyorlanadi. Migratsiya agentligi, o‘z navbatida, tayyorlangan kadrlarning kunchiqar mamlakatga yuborilishini ta’minlaydi.

Safar doirasida tashkilot delegatsiyasi Yaponiyaning yirik avtobus operatori hisoblangan “Willer Express” kompaniyasi prezidenti Koji Hirayama qabulida bo‘ldi. Tomonlar “Vatanparvar” tashkiloti o‘quv muassasalarida kunchiqar mamlakat mehnat bozori uchun avtobus haydovchilari tayyorlanishi, bunga mos ravishda Toshkent shahrida zamonaviy o‘quv avtodromi barpo etilishi hamda amaliy mashg‘ulotlar uchun Yaponiyadan o‘ng rulli avtobuslar olib kelinishi masalalarini muhokama qildilar. Bundan tashqari, o‘quv muassasalarida avtobuslarga texnik xizmat ko‘rsatish mutaxassislarini tayyorlash yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov Yaponiya Yer, infratuzilma, transport va turizm vazirligi vakili Miyuki Suyuki bilan uchrashdi. Ikki tomonlama muzokarada Yaponiyada vaqtincha haydovchi sifatida ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklarga ushbu mamlakat yo‘l harakati qoidalarini puxta o‘rgatish va Toshkent shahrida hamkor davlat standartiga mos ravishda o‘quv avtodromini barpo etish masalalari diqqat markazida bo‘ldi. Shuningdek, kunchiqar mamlakatdan “Vatanparvar” tashkilotida shu maqsadda tuziladigan o‘quv guruhlarining amaliy mashg‘ulotlari uchun o‘quv avtomobillari va tashkilotning motokross sportchilari uchun sport mototsikllarini O‘zbekistonga olib kirish masalalari ham muhokama qilindi.

So‘ngra “SHIMIZU” korporatsiyasining Toshkent shahridagi idorasi vakili Ulug‘bek Nizomov bilan uchrashuvda Yaponiyaning qurilish sohasiga “Vatanparvar” tashkiloti o‘quv muassasalarida texnik kasb-hunarlarni egallayotgan fuqarolarni jalb etish rejalari ko‘rib chiqildi.

Yaponiya vakolatli haydovchilik maktablari assotsiatsiyalari federatsiyasi rahbari Kendji Yamadzaki Husan Botirov boshchiligidagi delegatsiyani mazkur davlatning avtomaktablari faoliyati, o‘quv avtodromlari va haydovchilik kasbiga o‘qitish jarayonlari bilan tanishtirdi. Suhbat asnosida O‘zbekistonda qurilishi rejalashtirilayotgan avtodromning har tomonlama sifatli va talab darajasida bunyod etilishi yuzasidan zarur tavsiyalarini berdi.

Tiba prefekturasidagi avtomaktabda uyushtirilgan ekskursiya esa delegatsiya a’zolari uchun ayni muddao bo‘ldi. Avtomaktabning ijrochi direktori Isida Takexiro ularni innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan sinfxonalar va o‘quv dasturlari bilan tanishtirdi. O‘quv muassasasi rahbari, shuningdek, o‘zbekistonlik haydovchilarni Yaponiya dasturlari asosida tayyorlanishi yuzasidan o‘zining maslahatlarini berib, u rahbarlik qilayotgan avtomaktab ushbu sohada “Vatanparvar” tashkilotiga doimo konsultatsion va uslubiy yordam berib borishga tayyor ekanligini bildirdi.

Yurtimizda yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari – har bir fuqaroning munosib daromad topishiga xizmat qilmoqda. E’tiborlisi, ushbu umummilliy harakatda turli tashkilotlar qatori “Vatanparvar” tashkilotining ham o‘ziga xos yordami sezilmoqda. Tashkilot yoshlarni zamonaviy mehnat bozori talablariga moslashtirish va kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish orqali bandlik dasturlariga ko‘maklashib kelmoqda. Bu ishtirok hali yanada kengayishi talab etilsa-da, tashkilot tomonidan boshlangan xayrli tashabbuslar kelgusida ham izchil davom ettirilishi ko‘zda tutilgan. Zero, xalqi band bo‘lgan va investitsiyalar uchun eshigi hamisha ochiq bo‘lgan davlat hech qachon rivojlanishdan to‘xtamaydi.

 

Laziz Bo‘ranov,

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti matbuot kotibi