Ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ajratish, ulardan foydalanish, ekinlarni joylashtirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari bugungi kunda nafaqat agrar soha vakillari, balki keng jamoatchilik uchun ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-apreldagi PF-68-son “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining yerdan foydalanishdagi mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni aynan shu yo‘nalishdagi muhim huquqiy hujjatlardan biri hisoblanadi. Mazkur Farmon orqali qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berishda ochiqlik, tenglik va bozor tamoyillariga asoslangan yangi tartiblar yanada keng joriy qilinmoqda.
Farmonning asosiy mazmuni shundan iboratki, endilikda qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratishda avvalgidek murakkab, uzoq davom etadigan va ba’zan samarasiz mexanizmlar o‘rniga, elektron auksionlar orqali ochiq va shaffof tizim kengaytiriladi. Bu esa yer olish istagida bo‘lgan tadbirkor, fermer, dehqon xo‘jaligi yoki investor uchun teng imkoniyat yaratadi.
Farmonning asosiy maqsadi nimadan iborat?
Mazkur Farmonning bosh maqsadi – qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishning yagona, shaffof va adolatli tizimini yaratishdir. Ya’ni, yer kimlargadir alohida tartibda emas, balki hamma uchun ochiq bo‘lgan elektron auksion orqali beriladi.
Farmonda uchta asosiy yo‘nalish belgilangan.
- 2025-yil 3-fevraldagi PF–18-son Farmon asosida tajriba tariqasida boshlangan yangi tizimning ijobiy natijalari respublikaning barcha hududlariga tatbiq etiladi. Bu shuni anglatadiki, ilgari ayrim hududlarda sinovdan o‘tgan tartib endi butun mamlakat bo‘yicha qo‘llaniladi.
- Uzoq vaqtdan beri sotilmayotgan yoki ijaraga olinmayotgan 117,6 ming gektar yer uchastkalari yangi tizim asosida qaytadan auksion savdolariga chiqariladi. Bunday yerlar ilgari ma’lum bir ixtisoslik bo‘yicha, masalan, faqat paxta, g‘alla yoki boshqa yo‘nalishlar uchun belgilangan bo‘lishi mumkin edi. Endi esa ularni yangi tartib asosida qayta ko‘rib chiqish imkoniyati yaratilmoqda.
- Har bir hududda kamida 5 tadan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega, eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga yo‘naltirilgan sanoat usulidagi plantatsiyalar tashkil etish qo‘llab-quvvatlanadi. Bu esa oddiy xomashyo yetishtirishdan ko‘ra ko‘proq daromad keltiradigan, eksport salohiyatiga ega mahsulotlarni yetishtirishga yo‘l ochadi.
2026-yil 1-maydan boshlab nima o‘zgaradi?
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-maydan boshlab respublikaning barcha hududlaridagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari yangi tizim asosida realizatsiya qilinadi. Bu jarayonda asosiy vosita elektron onlayn auksion savdolari bo‘ladi.
Auksion tizimining muhim jihati shundaki, unda inson omili kamayadi. Ya’ni, yer olish jarayonida subyektiv qarorlar, tanish-bilishchilik yoki yopiq kelishuvlar xavfi kamayadi. Har bir ishtirokchi bir xil shartlarda qatnashadi va eng yaxshi taklif bergan shaxs yer uchastkasini ijaraga olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Farmonga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlarining taklifiga asosan 50 gektardan 500 gektargacha bo‘lgan yer uchastkalari faqat sanoat usulidagi plantatsiyalar tashkil qilish yoki chorvachilik uchun auksionga chiqarilishi mumkin. Bu yerda asosiy maqsad yirik va iqtisodiy jihatdan samarali loyihalarni rivojlantirishdir.
Masalan, biror investor 200 gektar yerda zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimiga asoslangan uzumzor, mevali bog‘ yoki eksportbop sabzavot plantatsiyasi tashkil etmoqchi bo‘lsa, bunday loyihalar yangi tartib doirasida qo‘llab-quvvatlanadi.
Auksiondagi boshlang‘ich narx qanday belgilanadi?
Farmonning muhim yangiliklaridan biri yer uchastkasining boshlang‘ich narxi bilan bog‘liq. Umumiy qoidaga ko‘ra, auksionga chiqariladigan yer uchastkasining boshlang‘ich narxi uning normativ qiymatining 50 foizi miqdorida belgilanadi.
Agar yer birinchi auksionda sotilmasa, takroriy savdolarda uning narxi bosqichma-bosqich pasaytiriladi. Har bir takroriy savdoda sotilmagan lot narxi 10 foizdan kamayib boradi. Biroq narx eng kamida boshlang‘ich narxning 10 foizigacha pasayishi mumkin. Shu bilan birga, yer uchastkasini auksionga chiqarish xarajatlaridan kam bo‘lmasligi kerak.
Bu tartibning oddiy tilda mazmuni shuki, agar yer uchastkasi birinchi savdoda talabgor topmasa, uning narxi asta-sekin pasayadi. Bu esa uzoq vaqt bo‘sh turgan yerlarning real foydalanuvchilarga yetib borishiga yordam beradi.
Yaylovlar, pichanzorlar va lalmi yerlar bo‘yicha esa alohida yengillik belgilanmoqda. Bunday yerlar auksionga chiqarilganda boshlang‘ich narx yer uchastkasi normativ qiymatining 1 foizi miqdorida belgilanadi. Bunga yer tuzish loyihasi, texnik-iqtisodiy asos va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish xarajatlari qo‘shiladi.
Bu ayniqsa chorvachilik, yaylovdan foydalanish, lalmi dehqonchilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun muhim imkoniyatdir.
|
Yer turi |
Boshlang‘ich narx |
|
Oddiy qishloq xo‘jaligi yerlari |
Normativ qiymatning 50 foizi |
|
Takroriy savdolarda sotilmagan yerlar |
Har safar 10 foizdan pasayadi |
|
Yaylov, pichanzor va lalmi yerlar |
Normativ qiymatning 1 foizi + zarur xarajatlar |
Auksion muddati qisqaradi
Yangi tartibda auksion jarayonlari ham soddalashtirilmoqda. Birinchi auksion savdosi yer uchastkasi haqidagi xabarnoma e’lon qilingan kundan boshlab 15 kun ichida o‘tkaziladi. Takroriy savdolar esa bir kun muddatda amalga oshiriladi.
Bu tartib yer ajratish jarayonini tezlashtiradi. Ilgari ayrim yerlar uzoq vaqt davomida auksionga chiqarilmay yoki sotilmay qolgan bo‘lsa, endi bunday holatlarning oldini olish uchun aniq muddatlar belgilanmoqda.
Bundan tashqari, tuman yoki shahar hokimliklari tasarrufida bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligi yerlari hisobga olingan kundan boshlab 10 kun ichida auksionga chiqarilishi kerak. Agar hokimlik bu muddatda yerni auksionga chiqarmasa, mazkur yerlar “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy loyihalash instituti tomonidan avtomatik tarzda auksionga chiqariladi.
Bu juda muhim yangilik. Chunki u bo‘sh yerlarning sun’iy ravishda ushlab turilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Yer xalq boyligi hisoblanadi. U foydalanilmasdan turmasligi, iqtisodiyotga, oziq-ovqat xavfsizligiga va aholi bandligiga xizmat qilishi kerak.
Paxta va g‘alla yerlarini ijaraga olganlar uchun yangi imkoniyat
Farmonda paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishida yer ijaraga olgan subyektlar uchun ham muhim imkoniyat nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, agar bunday subyektlar umumiy yer maydonining 50 foiz qismidan ixtiyoriy ravishda voz kechsa, o‘zida qoladigan qismi bo‘yicha yangi tizimda belgilangan huquq va majburiyatlarga ega bo‘ladi hamda ijara muddati yangidan 49 yilga belgilanadi.
Bu nimani anglatadi?
Masalan, fermer xo‘jaligi 100 gektar yerda paxta va g‘alla yetishtirib kelayotgan bo‘lsa, u 50 gektar yerdan ixtiyoriy voz kechishi mumkin. Shunda qolgan 50 gektar yer bo‘yicha u yangi tizimdagi huquqlarga ega bo‘ladi va yer ijara muddati 49 yilga yangilanadi. Biroq buning uchun ikkita muhim shart bor.
Birinchidan, fermerning qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun tijorat banklaridan olgan kreditlari va soliqlar bo‘yicha qarzdorligi bo‘lmasligi kerak.
Ikkinchidan, yerga bo‘lgan ijara huquqi tijorat banklariga garov sifatida qo‘yilmagan bo‘lishi lozim.
Bu tartib yer resurslarini qayta taqsimlash, kam foydalanilayotgan yerlarni faol iqtisodiy muomalaga kiritish va fermerlarga yanada mustaqil faoliyat yuritish imkonini beradi.
Suv ta’minoti og‘ir yerlar ham iqtisodiy muomalaga kiritiladi
Qishloq xo‘jaligida yerning o‘zi yetarli emas. Eng muhim masalalardan biri bu suv ta’minoti. Suv bo‘lmasa, yer unumdorligidan to‘liq foydalanish qiyin. Shu sababli Farmonda suv ta’minoti og‘ir va foydalanishdan chiqqan yerlar bo‘yicha ham alohida mexanizm belgilanmoqda.
Bunday yerlar suv ta’minoti yaxshilangach, yangidan o‘zlashtirilgach yoki qayta foydalanishga kiritilgach auksionga chiqariladi. Ayrim hollarda esa yer aynan yangidan o‘zlashtirish va qayta foydalanishga kiritish sharti bilan auksion savdolariga chiqarilishi mumkin.
Bu tartib investorlar uchun ham, mahalliy hokimliklar uchun ham mas’uliyat yuklaydi. Chunki yer faqat qog‘ozda ijaraga berilmaydi, balki undan real foydalanish, uni obod qilish, sug‘orish tizimini yaxshilash va ishlab chiqarishga kiritish talab etiladi.
Farmonga ko‘ra, olti oy ichida 100 ming gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari bosqichma-bosqich yangi tizim asosida qayta auksion savdolariga chiqariladi. Bu yerlar tuman va shahar hokimliklari tasarrufida bo‘sh turgan, auksion savdosi davom etayotgan va sug‘orish imkoniyati mavjud bo‘lgan maydonlarni o‘z ichiga oladi.
Direksiyalar nima vazifa bajaradi?
Farmonda “Ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi yerlariga xizmat ko‘rsatish direksiyasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Direksiyalarning asosiy vazifasi – ijaraga berilgan yerlar bilan bog‘liq ishlarni tashkil etish, yerlarning suv ta’minotini yaxshilash, yangidan o‘zlashtirish, qayta foydalanishga kiritish va investitsiya loyihalariga xizmat ko‘rsatishdan iborat.
Buxoro, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida ham bir hafta muddatda hokimliklar huzurida bunday direksiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.
Direksiyalar, ayniqsa, yirik investitsiya loyihalarida muhim rol o‘ynaydi. Chunki ayrim hollarda yer to‘g‘ridan-to‘g‘ri investorga emas, balki direksiyaga ijaraga beriladi, keyinchalik esa investor bilan ikkilamchi ijara munosabatlari yo‘lga qo‘yiladi.
Yirik investitsiya loyihalari uchun qanday tartib belgilanmoqda?
Farmonda qishloq xo‘jaligi sohasidagi yirik investitsiya loyihalariga yer ajratish jarayonlarini soddalashtirish ham nazarda tutilgan.
Agar loyiha qiymati kamida 10 million AQSh dollari ekvivalentida bo‘lsa, bunday loyiha yirik investitsiya loyihasi sifatida ko‘riladi. Bunday loyihalar eng yaxshi taklifni tanlab olish yo‘li bilan aniqlanadi.
Mahalliy investorlar uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari 49 yil muddatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berilishi mumkin. Direksiyalarga esa bunday yerlar 25 yil muddatga beriladi.
Xorijiy investorlar uchun esa alohida tartib belgilanmoqda. Ular bo‘z, lalmi va yaylov yerlarini faqat yangidan o‘zlashtirish va qayta foydalanishga kiritish sharti bilan direksiya orqali ikkilamchi ijaraga olishi mumkin.
Bu tartib bir tomondan xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan yer resurslari ustidan davlat va mahalliy nazoratni saqlab qoladi. Xorijiy investor yerni shunchaki olib qo‘ymasligi, balki uni o‘zlashtirishi, ishlab chiqarishga kiritishi va belgilangan majburiyatlarni bajarishi kerak bo‘ladi.
Kosmik monitoring: yer qanday nazorat qilinadi?
Farmondagi e’tiborga loyiq yangiliklardan yana biri bu kosmik monitoringdir. Unga ko‘ra, “O‘zbekkosmos” agentligi ikkilamchi ijaraga berilgan yer uchastkalarini yangidan o‘zlashtirish, qayta foydalanishga kiritish va ulardan foydalanish holatini yiliga ikki marta kosmik monitoringdan o‘tkazadi.
Bu juda zamonaviy nazorat mexanizmi hisoblanadi. Kosmik monitoring orqali yerda haqiqatan ham ekin ekilganmi, yer bo‘sh yotibdimi, o‘zlashtirish ishlari olib borilyaptimi yoki yo‘qmi – bularni masofadan turib aniqlash mumkin bo‘ladi.
Bunday tizim yer ijarachilarining mas’uliyatini oshiradi. Chunki yer olgan shaxs yoki investor undan maqsadli foydalanishi, belgilangan loyihani amalga oshirishi shart. Aks holda, monitoring natijalari asosida tegishli choralar ko‘rilishi mumkin.
To‘lovlar qayerga yo‘naltiriladi?
Farmonda to‘lovlarning manzilli va maqsadli sarflanishiga alohida e’tibor berilgan. Xorijiy investor tomonidan to‘lanadigan ikkilamchi ijara to‘lovlari direksiya xarajatlariga, jumladan, yer solig‘i yoki ijara to‘lovlarini qoplashga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, xorijiy investor tomonidan yer uchastkasini ijaraga olish huquqining baholangan qiymati miqdorida tuman yoki shahar mahalliy byudjetiga to‘lanadigan mablag‘lar faqat o‘sha hududdagi qishloq xo‘jaligi infratuzilmasini yaxshilashga sarflanadi.
Bu mablag‘lar quyidagi maqsadlarga yo‘naltiriladi:
- qishloq xo‘jaligi infratuzilmasini rivojlantirish;
- sug‘orish tizimini yaxshilash;
- yerlarni yangidan o‘zlashtirish;
- foydalanishdan chiqqan yerlarni qayta foydalanishga kiritish;
- kosmik monitoring tadbirlarini moliyalashtirish.
Bu tartibning ijobiy jihati shundaki, yerdan tushgan mablag‘ yana shu hududning o‘zida yer va suv infratuzilmasini yaxshilashga xizmat qiladi.
Qarzdorlik bo‘yicha yengilliklar ham nazarda tutilgan
Farmonda 2022-yil 1-yanvardan 2023-yil 15-aprelgacha ochiq elektron tanlovlar orqali yuridik shaxslarga ijaraga berilgan 80 816 gektar qishloq xo‘jaligi yerlariga oid qarzdorlik masalasiga ham yechim taklif qilinmoqda.
Agar ijara muddati bo‘yicha teng taqsimlanadigan qo‘shimcha to‘lovlar yoki ijara huquqini bo‘lib-bo‘lib to‘lash bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik summasi yer uchastkasi normativ qiymatining to‘rt baravaridan ortiq bo‘lsa, ijara oluvchiga muayyan yengillik beriladi.
Unga ko‘ra, jami to‘lanadigan to‘lovni yer uchastkasi normativ qiymatining to‘rt baravari miqdorida belgilash imkoniyati yaratiladi. Bunda ikki xil variant mavjud:
- bir yo‘la to‘lash – 20 foiz chegirma bilan;
- uch yil davomida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash.
Bu qoida ayrim ijarachilar uchun moliyaviy yukni kamaytiradi va ularning faoliyatini davom ettirishiga yordam beradi.
|
Qarzdorlik bo‘yicha imkoniyatlar |
|
|
Holat |
Beriladigan imkoniyat |
|
Qarzdorlik normativ qiymatning 4 baravaridan oshgan bo‘lsa |
To‘lov 4 baravar miqdorida qayta belgilanadi |
|
Bir yo‘la to‘lansa |
20 foiz chegirma |
|
Bo‘lib to‘lansa |
3 yil davomida foizsiz to‘lash |
Yer sifatining yomonlashuvi uchun kompensatsiya to‘lovlari
Farmonda yana bir muhim masala – qishloq xo‘jaligi va o‘rmon fondi yerlarining sifati yomonlashuvi oqibatida yuzaga keladigan noudgarchiliklarni qoplash tartibi belgilangan.
Oddiy qilib aytganda, agar yer egasi, foydalanuvchi, ijarachi, korxona yoki tashkilot faoliyati natijasida qishloq xo‘jaligi yoki o‘rmon xo‘jaligi yerining sifati yomonlashsa, buning uchun kompensatsiya to‘lovi undiriladi.
Ushbu kompensatsiya mablag‘lari mahalliy byudjetlarga yo‘naltiriladi va ular qat’iy maqsadli sarflanadi. Xususan, bu mablag‘lar yerlarni yangidan o‘zlashtirish, qayta foydalanishga kiritish, sug‘oriladigan yerlarni rekonstruksiya qilish, kollektor-drenaj tarmoqlarini qurish va qayta qurish, yerlarning suv bilan ta’minlanish darajasini oshirish kabi ishlarga sarflanadi.
Bu tartib yerga nisbatan mas’uliyatli munosabatni kuchaytiradi. Chunki yerning sifatini buzgan shaxs yoki tashkilot buning iqtisodiy oqibatini ham o‘z zimmasiga oladi.
Mazkur Farmon oddiy fermer va tadbirkorga nima beradi?
Mazkur Farmonning eng muhim amaliy ahamiyati shundaki, u qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanishda mustaqillik va iqtisodiy manfaatdorlikni oshiradi.
Birinchidan, fermer va tadbirkorlar yer olish jarayonida ochiq auksion orqali qatnashadi. Bu esa tenglik va adolatni ta’minlaydi.
Ikkinchidan, yerlarning boshlang‘ich narxi aniq va tushunarli mezonlar asosida belgilanadi. Sotilmayotgan yerlar bo‘yicha narxning bosqichma-bosqich pasaytirilishi esa ularni iqtisodiy muomalaga kiritishni tezlashtiradi.
Uchinchidan, paxta va g‘alla yerlarini ijaraga olgan subyektlarga o‘z yerlarining bir qismidan voz kechish orqali qolgan qismi bo‘yicha 49 yillik yangilangan ijara huquqiga ega bo‘lish imkoniyati beriladi.
To‘rtinchidan, suv ta’minoti og‘ir va foydalanishdan chiqqan yerlar qayta o‘zlashtiriladi. Bu esa yangi ish o‘rinlari, qo‘shimcha mahsulot va eksport imkoniyatlarini yaratadi.
Beshinchidan, mahalliy va xorijiy investorlar uchun yirik qishloq xo‘jaligi loyihalarini amalga oshirish tartibi soddalashtiriladi.
Oltinchidan, yerdan tushadigan mablag‘larning mahalliy infratuzilmani yaxshilashga yo‘naltirilishi hududlar rivojiga xizmat qiladi.
Kutilayotgan natijalar
Mazkur Farmonning hayotga tatbiq etilishi natijasida bir nechta muhim natijalarga erishilishi kutiladi.
Avvalo, foydalanilmayotgan yoki uzoq vaqt sotilmay turgan yerlar iqtisodiy muomalaga qaytariladi. Bu esa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish hajmini oshiradi.
Ikkinchidan, yerdan foydalanishda bozor tamoyillari kuchayadi. Yer haqiqatan ham undan samarali foydalanishga tayyor bo‘lgan shaxslarga beriladi.
Uchinchidan, eksportbop va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar yetishtirish kengayadi. Bu mamlakatimizning eksport salohiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
To‘rtinchidan, suv ta’minoti og‘ir, lalmi, yaylov va foydalanishdan chiqqan yerlar qayta tiklanadi. Natijada yer resurslaridan foydalanish samaradorligi oshadi.
Beshinchidan, kosmik monitoring kabi zamonaviy nazorat mexanizmlari orqali yerlarning maqsadli ishlatilishi ustidan nazorat kuchayadi.
Oltinchidan, mahalliy byudjetlarga qo‘shimcha tushumlar kelib tushadi va ular qishloq xo‘jaligi infratuzilmasini rivojlantirishga sarflanadi.
Xulosa
Prezident Farmoni qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish tizimini yanada ochiq, shaffof va samarali qilishga qaratilgan muhim huquqiy hujjatdir. Unda yer ajratishning bozor tamoyillariga asoslangan tartibi, fermer va tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar, yirik investorlar uchun soddalashtirilgan mexanizmlar, foydalanilmayotgan yerlarni iqtisodiy muomalaga kiritish, suv ta’minotini yaxshilash va yer sifatini himoya qilish bo‘yicha aniq choralar belgilangan.
Eng muhimi, Farmon yerga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirishga xizmat qiladi. Yer endi faqat ijaraga olinadigan resurs emas, balki samarali foydalanilishi, asrab-avaylanishi, daromad keltirishi va xalq farovonligiga xizmat qilishi kerak bo‘lgan muhim iqtisodiy boylik sifatida qaralmoqda.
Mazkur hujjatning to‘liq va sifatli ijro etilishi qishloq xo‘jaligi sohasida raqobatni kuchaytiradi, investitsiya muhitini yaxshilaydi, yangi ish o‘rinlari yaratadi hamda hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Doniyor Abduazizov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘limi boshlig‘i