Bugun dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlarni bevosita kuzatish, ularga munosabat bildirish, oʻzaro qiyoslash imkoniyatiga egamiz. Ijtimoiy-siyosiy faollik hayotimizning muhim jihatlaridan biriga aylandi. Bunday sharoitda odamlarning xolis va haqqoniy axborot, chuqur va ishonchli tahlillarga ehtiyoji oshishi tabiiy. Bunda erkin matbuot, uning tezkor va xolisligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Matbuot erkinligi soʻz, shaxs, vijdon erkinligi singari muhim siyosiy huquqlardan biri. U OAVning erkin faoliyat yuritishiga hech bir toʻsiq boʻlmasligini, jamiyat aʼzolari matbuotda fikr-mulohazalarini erkin ifoda eta olishini taʼminlaydi va bundan matbuotning jamiyat hayotidagi muhim oʻrni kelib chiqadi.

“Erkin matbuot haqiqatning xolis ovozi, adolatning koʻzi, jamiyatning vijdoni” degan fikrda mubolagʻa yoʻq. Bunday matbuot har qanday davlatning intellektual salohiyati va ichki demokratik taraqqiyotning asosiy ustuni boʻlmogʻi zarur. Jamiyat oʻz vaqtida eʼlon qilinishi zarur axborotlarga qanchalik ochiq boʻlsa, unda tinchlik, totuvlik boʻladi, ijtimoiy adolat yuzaga keladi.

Ommaviy axborot vositalarining muhim vazifalaridan biri mamlakat hayotiga oid axborotlarni yoritish bilan birga mamlakatlarning bir-biriga hamisha ham mos kelavermaydigan siyosatlarini tahlil etishda ham xolislikka qatʼiy rioya qilishdir. Bu holat OAVga doir qonunlarni qayta koʻrib chiqish, bugungi real sharoitga moslashtirishni taqozo etadi. 

Shunday ekan, bu kasbni ixtiyor etgan qalam ahli oʻzining bevosita vazifalarini bajarish bilan birga yuqorida keltirilgan dunyoviy jarayonlarga ham befarq boʻlishi mumkin emas. Aks holda, axborot tarqatuvchi vositalar ham, tajribali kasbdoshlarimiz ham zamon shiddati va talabidan chetda qolib ketishlari mumkin. Negaki,  hayotning eng muhim sohalari bilan birgalikda jurnalistika ham betoʻxtov rivojlanib bormoqda, kechagi kun bugunning oʻzida tarixga aylanmoqda, kechagi shov-shuvli yutuq, muhim ixtiro bugun oddiy hayotiy reallikka aylanayotir.

Faqat shu emas, ilmiy taraqqiyot ezgulik, yaratuvchanlik bilan birga qayta tiklanadigan, tobora xavfli tus olayotgan  qurollanish poygasiga ham  xizmat qilayotgani hech kimga sir emas. Matbuotda “Falon dengiz yoki okeanda zamonaviy harbiy qurollarning yirik sinov mashqlari boshlandi, falon joyda muvaffaqiyatli yakunlandi, shartli dushman yakson qilindi”, degan xabarlar “Falon joyda bugʻdoyga oʻroq tushdi, yangi bolalar bogʻchasi  foydalanishga topshirildi, daryo ustiga qurilgan koʻprik odamlarning ogʻirini yengil qilmoqda” qabilidagi kundalik yangiliklar bilan yonma-yon eʼlon qilinmoqda. Qurolli mojarolarning ayanchli oqibatlarini oddiy axborot sifatida qabul qilish ajablanarli boʻlmay qoldi.

Bunday sharoitda matbuot oʻzgarmasligi mumkin emas. Uning har bir soʻzi, eng avvalo, tinch-totuvlik manfaatlariga xizmat qilishi, nifoqlashayotgan tomonlardan birining manfaatini ifoda etib qolmasligi zarur. Buning uchun esa jurnalistika dunyoviy, mintaqaviy voqea-hodisalarning asl mohiyatini toʻgʻri anglashga qatʼiy harakat qilmogʻi talab etiladi. Ayni shu maqsadda samarali ijod qilayotgan sharhlovchi hamkasblarimiz safi tobora kengayib borayotgani quvonarli holdir.

Yaqinda Fargʻonada “Zamonaviy jurnalistikaning dolzarb muammolari”  mavzusida oʻtkazilgan xalqaro anjumanda ayni shu xususda jiddiy bahs-munozara boʻldi. ­Dunyoning oʻndan ortiq mamlakatidan kelgan soha mutaxassislari, amaliyotchi olimlar, taniqli jurnalistlar, media maydoni kuzatuvchilari bu yigʻinda tahliliy mushohadalari, mavjud muammolar yechimiga doir joʻyali takliflarini bayon qildi. Bugungi talatoʻpli davr xurujlari jurnalistikaga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani yakdillik bilan eʼtirof etildi.

Jumladan, notiqlar axborot olamining haddan tashqari tezlashishi, qisqalik va “oʻta qisqalik” axborotlar mohiyatini toʻgʻri anglashda muayyan mavhumliklarni yuzaga keltirayotgani haqida bahs yuritdi. Yirik media tuzilmalari daromad ortidan quvib, jurnalistikaning ijtimoiy masʼuliyati va axloqiy qoidalarini mensimayotirlar. Baʼzi joylarda matbuot turli bosim va tazyiqlar ostida faoliyat yuritmoqda. Buning oqibatida nashrlar oʻz oldidagi maʼnaviy burchidan chekinmoqda ham.

Keyingi oʻn yillikning eng muhim, eʼtiborga molik natijalaridan biri — mamlakatimiz yopiqlik, fikrsizlik illatidan xalos boʻlish pallasiga kirdi. Jamiyatning xalqni eshitish, muammolarni tinglash quloqlari ochildi, odamlarning ijtimoiy faolligi, mamlakat va millat taqdiriga daxldorligi kuchaydi. Bugun Oʻzbekiston dunyoning izchil rivojlanayotgan, aniq maqsad yoʻlida qatʼiy ishonch bilan harakatlanayotgan, koʻp sohalarda dunyoga oʻziga xos ibrat namunalarini koʻrsatayotgan davlatlardan biri.  Bu — oʻzimizning emas, dunyo hamjamiyatining fikri.

Dunyo, odamlar, yashash tarzlari, orzu-umidlar oʻzgarib bormoqda. Bir qarashda hammasi joyidadek. Ammo bugungi shiddat taʼsirida necha ming yillar davomida shakllangan madaniy-axloqiy qadriyatlar oʻrnini zamonaviylik niqobi ostida soxta, toʻqima qadriyatlar — yalpi raddiya, voz kechishlik, mensimaslik kayfiyati egallamoqdaki, bunga beparvo qarab boʻlmaydi. Bu holat turli davlatlar, yirik xolding va korporatsiyalar, siyosiy, harbiy birlashmalar, mediatuzilmalarning shaxsiy manfaati bilan bogʻliqligiga hech kim shubha qilmasa kerak.

Hamma oʻz yoʻlini toʻgʻri deb hisoblaydi, boshqa fikrga ishonchsizlik bilan qaraydi. Siyosatdonlar, iqtisodchilar, inson huquqi himoyachilari va hatto  madaniyat, axloq-odob targʻibotchilari faoliyatida ham bu qusur koʻzga tashlanadi. Davlatchilik, oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlarida yuzaga keladigan muammolarning oldini olish uchun, xalqona til bilan aytganda, “doʻppini boshdan olib ochiqchasiga dardlashish” zarurligi unutilmoqda.

Davlatimiz rahbarining xalq bilan muloqot, el ichida boʻlish, uni tinglash siyosati endilikda xalqlar, davlatlar, yaqin qoʻshnilarning bir maqsad yoʻlida birlashib harakat qilish siyosatiga aylandi. Bu siyosat qanday ulugʻ natija berayotganiga faqat biz emas, boshqa tomonlar ham guvoh boʻlib turibdi. Demak, matbuot sahifalarida ayni shu masala va muammolarga oid tanqidiy-tahliliy maqolalar ham boʻlishi  kerak.

Zamon oʻzgargani sari matbuot oldida yangi-yangi vazifalar paydo boʻlaveradi. ­Gazetxon atalmish har yangi avlod rost soʻzni, voqea-hodisalarning rost talqinini, yangi dunyo, yangi jamiyatning yangi qiyofasi, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlariga doir sharhlarni kutadi. Gazetaning har bir sonida oʻquvchi uchun yangi soʻz aytish, gazetxon ong-shuuriga taʼsir koʻrsatish, uning koʻnglida ham muayyan fikrlar uygʻota olish oson emas. Chunki u ham xuddi siz kabi dunyoni kuzatib turibdi, shu bezovta dunyo ichida quvonchu muammolarga, ixtiroyu xatoliklarga, buyuk yangilanishlarga guvoh boʻlib yashamoqda.

Shoʻrolar zamonida gazetaning har aytgan soʻzi, har bildirgan fikri,  bahosi va hatto oddiy ishorasi ham haqiqatga mengzalardi. Gazetada chiqdimi, bas, boshqacha fikrga oʻrin qolmasdi. Bugungi matbuot, ne baxtki,  bunday qozilikdan, oqlash va qoralash, odamlar taqdirini hal etish funksiyasidan xalos boʻldi. Endi u jamoatchilikning erkin minbari. Endi unda boshqalar ham fikrini bildirishi, bahsga kirishishi, fikrini dadil aytishi mumkin. 

Bugun  tanqid avvalgidek odamlarning taqdirini u yoki bu tomonga hal qiluvchi dahshatli qurol emas, endi u sizga, menga — hammamizga yordam qoʻlini choʻzadi, nuqsonlaringizni koʻrsatib beradi. Istiqlol matbuotining shoʻrolar zamoni matbuotidan farqi shunda.

Shu oʻrinda bir necha muhim mulohazani oʻrtaga tashlash zarurati paydo boʻlmoqda. Birinchisi, matbuotimiz faoliyatidagi yutuqlar haqida yana koʻp gapirish mumkin. Bunga arzirli asoslar bor. Bu sohada uzoq yillar ter toʻkib, katta tajriba orttirgan keksa avlod safiga teran va bizdan koʻra erkin fikrlaydigan, jurʼatli yosh hamkasblar qoʻshilayotgani gʻoyat quvonarli.

Qator tahririyatlarda qalami qayralgan, fikri tiniq ustozlarning mahorat maktablari faoliyat yuritmoqda. Ayrim “donishmand”larning yaqin-yaqinlardagi ­“Bosma nashrlarga ehtiyoj qolmadi, internetda hamma axborot bor, obuna degan tashvishdan qutuldik”, degan “bashorat”lari puch boʻlib chiqdi: koʻplab gazetalarning oʻquvchilari safi asta-sekin oshib bormoqda.

Buni sezmaslik mumkin emas. Bu yutuqni yanada mustahkamlashning samarali yoʻllaridan biri — matbuotda bahs-munozaraning mavjudligi. Ilmiy jihatdan qaraganda, har bir fikrda muayyan nisbiylik bor. Turfa  muammolarning yechimi bahs-munozarada topiladi. Sogʻlom bahs tufayligina shunday boʻladi.

Demoqchimizki, bugun gazetalarimizda ayni shu masalada oqsash bor. Bu matbuot sahifalari asosan bahsli maqolalardan iborat boʻlishi kerak degani emas. Gap biror umumiy maqsadga erishishning turli yoʻllari, usullari, shakllari haqida bormoqda. Jamiyatda chinakam oshkoralik muhitini yuzaga keltirish bilan beistisno hamma shugʻullanishi kerak.

Ikkinchisi, xalqimizda “Ot — minilsa, kiyim — kiyilsa, taom — yeyilsa yaxshi”, degan gap bor. Bu naqlni matbuotga ham mengzasa boʻladi: “Gazeta, jurnal obunachilarga vaqtida yetib borsa, oʻqilsa, oʻquvchi biror yangilikka  ega boʻlsa yaxshi”. Bunday deyayotganimning boisi, bugun pochta xizmatidan koʻpchilik mamnun emas. Fidoyi pochtalyonlar qolmadi hisob. “Matbuot tarqatuvchi” nomi bilan ataladigan tashkilotning ishini qoniqarli deb boʻlmaydi. Uning viloyat boʻlimlarida ahvol yanada yomon.

Uchinchisi, bugun mamlakatimizning oʻndan ortiq oliy oʻquv yurtida jurnalist kadrlar tayyorlanmoqda. Bu ish bilan xususiy universitetlar ham shugʻullanayotir. Bir qarashda yomon joyi yoʻq. Ammo ularda boʻlajak hamkasblarimizga bugungi talablarga javob beradigan darajadagi malakali ustozlar bormi? Hamma bitiruvchilar ham oʻz sohalarida ishlamoqdami? Konservatoriyaga ovozi bor, musiqani tushunadigan isteʼdodli yoshlar qabul qilinadi, ularga bir emas, bir necha cholgʻu asbobini mukammal chaladigan ustozlar saboq beradi. Jurnalistikada ham shunday deb ayta olmaymiz.

Oʻqishga yoppa qabul qilinayotgan talabalarning koʻpida ijodkorlikka moyillik, ijod qalami, yozuv-chizuvi, aniq bir maqsad yoʻq, mamlakatimizda nashr etilayotgan gazeta-jurnallar toʻgʻrisidagi tasavvurlari sust. Baʼzan: “Men gazeta oʻqimayman, chunki jurnalist boʻlmoqchi emasman, falon tashkilotning matbuot xizmatida ishlayman”, degan ham kulgili, ham achinarli izhorlarni eshitib turamiz.

Oʻzlarida qiziqish boʻlmagan yoshlarni toʻrt yil ichida yetuk jurnalist qilib tarbiyalash oson ish emas. Ustozlarga kelsak, oliy oʻquv yurtida jurnalist mahoratidan saboq berish, isteʼdodli talabalarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ijodkorlikda namuna koʻrsatishi uchun ular, birinchi navbatda, mahoratli jurnalist boʻlishi, matbuotda tez-tez koʻrinib turishlari, maqola, xabar, ocherk, esse, reportaj, hisobot  qanday yozilishini amalda bilishi kerak. Qoʻllariga jurnalist diplomini olib, tahririyatlarga ishga borayotgan yoshlar haqida ish beruvchilarning salbiy bahosi behuda emas va bunga befarq qarab boʻlmaydi.

Nima qilish kerak? Oʻzbekiston Milliy universiteti va jurnalist kadrlar tayyorlaydigan boshqa oliy oʻquv yurtlari mavqeini har taraflama kuchaytirish, bu yerda boʻlajak jurnalistlar bilan birga ularga saboq beradigan mahoratli ustozlar ham tayyorlanishi, yaʼni qayta tayyorlanishiga erishish zarur.

Toʻrtinchisi, milliy taraqqiyotga yuz tutishning muhim sharti erishilgan yutuqlarni xolis baholash, yoʻl qoʻyilgan nuqsonlarni chuqur tahlil qilish, sabab va oqibatlarini oʻrganish, har bir holatni oʻz nomi bilan atash, takror xato qilmaslik yoʻllarini belgilashdan iborat. Shunday qilinsagina jamiyat rivojlanadi. Bu ish bilan, birinchi navbatda, ommaviy axborot vositalari shugʻullanishi kerak. Jamiyatning xolis koʻzgusiga aylanishning boshqa yoʻli yoʻq. Jurnalistikada xabardorlik, mahorat, til boyligi, mavzuni puxta bilish, fikrni taʼsirchan ifodalash bilan birga  mualliflik jurʼati, qatʼiyat, tirishqoqlik ham talab etiladi. Muharrirlar bu fazilatlarni qoʻllab-quvvatlasa, yosh hamkasblarimizning shashti qaytarilmasa, matbuot yana oʻqishli va taʼsirchan boʻladi.

Ahmadjon MELIBOYEV,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist