Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Zarafshon shahri 12-kichik hududida joylashgan ko‘p qavatli uyning birinchi qavatidagi xonadon egasi yer to‘laga tushish maqsadida o‘zboshimchalik bilan yo‘lak ochgan, yer to‘la qismini noqonuniy ravishda egallab olgan hamda xonadon hududida basseyn qurgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgan qurilish ishlari ko‘p qavatli uyning konstruktiv mustahkamligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, texnik holatini zaiflashtirishi va aholi xavfsizligiga tahdid tug‘dirishi mumkin.

Aniqlangan holatlar yuzasidan huquqbuzar shaxsga nisbatan belgilangan tartibda bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima qo‘llanilgan.

Shuningdek, qonunbuzilishlarni avvalgi holatiga qaytarish bo‘yicha majburiy yozma ko‘rsatma berildi. Belgilangan muddatda kamchiliklar bartaraf etilmagan taqdirda, majburiy tartibda chora ko‘rilishi ma’lum qilindi.