Maʼlum bo‘lishicha, viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi sho‘ba boshlig‘i xizmat mavqeidan foydalanib, tadbirkordan pul talab qilgan.

Holatga ko‘ra, Andijon shahridagi savdo do‘konida ichimlik suvdan noqonuniy foydalanish oqibatida davlatga qariyb 680 million so‘m zarar yetkazilgani aniqlanib, tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Mansabdor esa tanishlari orqali zarar miqdorini kamaytirish va maʼmuriy chora-tadbirlar ko‘rilishida yordam berishni vaʼda qilib, evaziga 30 million so‘m talab qilgan. U so‘ralgan pulni olgan vaqtida tezkor tadbir davomida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Yana bir holatda, tijorat banklaridan birining Asaka tumani filiali mahallabay ishlash bo‘limi bosh menejeri fuqaroga 3 milliard 650 million so‘m miqdorida kredit olib berishni vaʼda qilib, 8 ming AQSh dollari talab qilgan. U aprel–may oylarida davomida jami 7 800 AQSh dollarini olgan.

Biroq menejer o‘z vaʼdasini bajara olmagan va pulning 1 000 AQSh dollarini qaytarib berayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.