Mazkur sport turining tarixiy ildizi nihoyatda qadimga borib taqaladi. Arxeologik tadqiqotlar Markaziy Osiyo, jumladan, Oʻzbekiston hududida aql oʻyini ilgaridan mavjud boʻlganini koʻrsatadi. Jumladan, 1990-yili Afrosiyobdan fil suyagidan yasalgan yettita sipohning topilgani, Dalvarzintepadan esa kushonlar davriga oid ikkita figura aniqlangani yurtimiz shaxmat tarixini oʻrganishda muhim burilish yasadi. Sohibqiron Amir Temur hatto jang maydonida ham shaxmat oʻynagani, saroyda muntazam shaxmat musobaqalari oʻtkazilgani, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur bu nafis oʻyin haqida gʻazallar bitgani esa zaminimizda azaldan bu sport turi qadrlab kelingani, aholi oʻrtasida keng yoyilganidan darak.
Mustabid tuzum davrida xalqimizning, ayniqsa, yoshlarning
ushbu sport turi bilan shugʻullanishi uchun yetarli imkon va sharoit
yaratilmadi. Oʻsha davr shaxmat sohasidagi mutasaddilarining asosiy qismini
boshqa millat vakillari tashkil etardi. Ularda mahalliy aholiga mensimaslik
kayfiyati kuchli boʻlib, “mahalliy aholidan chempion chiqmaydi, buning uchun
ularda aql-zakovat yetishmaydi” degan asossiz tasavvurda yurgani hech kimga sir
emas.
Shunga qaramay, aholi orasida bu jozibali oʻyinga qiziqish
soʻnmadi. Shaxmatning ashaddiy ishqibozlari tomonidan mahalla-koʻy, choyxonayu
xiyobonlarda uyushtiriladigan bellashuvlar toʻxtab qolmadi. Ayniqsa, ziyoli
qatlam yigʻinlari shaxmatsiz oʻtmasligini koʻpchilik eslasa kerak. Ozod
Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Oʻtkir Hoshimov, Odil Yoqubov, Xudoyberdi
Toʻxtaboyev va boshqa ijodkorlar uchun shaxmat shunchaki vaqt oʻtkazish
vositasi emas, balki aqlni charxlaydigan, mantiqiy fikrlashni oʻstiradigan
oʻziga xos tafakkur mashqi boʻlgani koʻpchilikning yodida.
Mustaqillik esa yoshlarimiz uchun imkoniyat eshiklarini
ochdi. Ularning boshqa sport turlari qatori shaxmat bilan shugʻullanishi uchun
muayyan shart-sharoitlar yaratildi. Shuning samarasi oʻlaroq, 1992-yili Manila
(Filippin)da oʻtkazilgan XXX shaxmat olimpiadasida Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi
kumush medalni qoʻlga kiritdi. 2004-yili Tripolida oʻzbek oʻgʻloni Rustam
Qosimjonov FIDE tasnifi boʻyicha jahon chempioni boʻlib, shaxmat hamjamiyatida
uzoq yillardan buyon hukm surgan bemaʼni qarashlarni puchga chiqardi.
Mamlakatimiz yoshlari orasida mazkur sport turiga qiziqish
kuchayib, shiddatli toʻlqin hosil qildi. Shu toʻlqin taʼsirida asrimizning
ikkinchi oʻn yilligi boshlarida mamlakatimizda shaxmatchilarning oltin avlodi
yetishib keldi. Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev,
Shamsiddin Vohidov, Jahongir Vohidov kabi iqtidorli shaxmatchilar birin-ketin
Osiyo va jahon arenalarida yurtimiz bayrogʻini baland koʻtara boshladi. Ammo
oʻsha davrlarda davlat tomonidan shaxmatga eʼtibor sust boʻlib,
shaxmatchilarning oʻz qobiliyatini namoyon etishi uchun yetarli shart-sharoit
yaratilmagandi.
Yurtimizda bir yilda faqat bitta — Georgiy Aʼzamov xotirasiga
bagʻishlangan xalqaro turnir oʻtkazilar, shaxmatchilar mahoratini oshirish
uchun xorijiy davlatlardagi xalqaro musobaqalarga borishga majbur edi. Bu esa
katta mablagʻ talab qilgani bois, koʻpchilikning imkoni yetmasdi. Xalqaro
turnirlarda ishtirok etish, borish-kelish, yotoqxona va yeb-ichish xarajati
asosan ota-onalar zimmasiga tushardi.
Kimdir bor-budini tikib, farzandini qoʻllab-quvvatlashga
sarfladi. Bunga imkoni yoʻqlar esa noiloj shaxmatni ora yoʻlda tashlab ketishga
majbur boʻldi. Eʼtibor sustligi, moliyaviy qoʻllab-quvvatlov yoʻqligi sabab
malakali mutaxassislar va grossmeysterlarning koʻpi xorijiy davlatlarga ketib
qolgani ham shaxmatchilar tayyorlashdagi jiddiy muammolardan edi. Bundan
tashqari, mazkur muammolar sabab koʻpgina iqtidorli yigit-qizlarning shaxmatni
tashlab ketishi sohada muayyan boʻshliqlarni keltirib chiqardi.
Keyingi oʻn yillik shaxmatimiz rivojida yangi taraqqiyot va
gullab-yashnash bosqichi boʻldi. Tarixan qisqa muddatda shaxmatni
rivojlantirishga oid qator qarorlar qabul qilindi. Jumladan, Prezidentimizning
2018-yil 9-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida shaxmatni rivojlantirish
boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatda shaxmatni
ommalashtirish, bolalar va oʻsmirlarni bu sport turiga jalb etish, maktablarda
shaxmat taʼlimini joriy qilish va iqtidorli yosh shaxmatchilarni aniqlash
yoʻlidagi muhim qadam boʻldi. 2021-yil 14-yanvardagi “Shaxmatni yanada
rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini
takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorda “Maktabda shaxmat”
loyihasini kengaytirish, boshlangʻich sinf oʻquvchilarini shaxmatga oʻrgatish,
iqtidorli bolalarni saralash va professional shaxmatga tayyorlash, shaxmat
maktablari va klublarini tashkil etish, trenerlarni tayyorlash va malakasini
oshirish, gʻolib shaxmatchilarni ragʻbatlantirish, shaxmat infratuzilmasini
rivojlantirish vazifasi qoʻyildi. Qaror bilan Shaxmatni rivojlantirish davlat
dasturi ham tasdiqlandi. 2023-yil 8-maydagi “2026-yil Oʻzbekistonda boʻlib
oʻtadigan 46-butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik koʻrish
hamda shaxmatni ommaviy harakatga aylantirishga oid chora-tadbirlar
toʻgʻrisida”gi qaror esa mamlakatimizda ilk bor oʻtkazilayotgan muhim xalqaro
tadbirni yuqori saviyada tashkil etish, unda terma jamoamizning munosib
ishtirokini taʼminlash masalalarini qamrab oldi.
Natijada Shaxmat federatsiyasi faoliyati tubdan yaxshilandi.
Mamlakatimizda har yili oʻtkaziladigan nufuzli musobaqalar koʻpaydi. Osiyo va
jahon chempionati gʻoliblarini ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Shaxmatchilar va murabbiylariga bir yoʻla toʻlanadigan mukofot puli miqdori
keskin oshirildi. Bu esa yosh shaxmatchilar va ota-onalarini ruhlantirib
yubordi. Birgina 2025-yilda mamlakatimiz yosh shaxmatchilari jahon, Osiyo va
mintaqaviy chempionatlarda jami 97 medalni qoʻlga kiritdi. Shundan 33 tasi
oltin, 37 tasi kumush, 27 tasi bronza medallardir.
Soʻnggi yillarda yurtimiz sportchilari jahon shaxmat
yilnomasida yangi tarix yozishda davom etmoqda. 2017-yilda Nodirbek
Abdusattorov 13 yoshida, 2018-yilda Javohir Sindarov 12 yoshida oʻsha davrda
dunyoning eng yosh xalqaro grossmeysteri unvoniga sazovor boʻlgan edi. Oʻsha
yili yoshlarimiz butunjahon yoshlar olimpiadasida gʻolib boʻlib, dunyoda
tengsiz ekanini yana bir bor isbotladi.
Ushbu gʻoliblik silsilasi 2022-yilda bundan-da ulkan
toʻlqinda qayta boʻy koʻrsatdi. Hindistonda boʻlib oʻtgan 44-jahon shaxmat
olimpiadasida Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Sindarov,
Shamsiddin Vohidov hamda Jahongir Vohidovdan iborat terma jamoamiz
chempionlikni qoʻlga kiritib, oʻzbek yoshlarining nimaga qodirligi,
aql-zakovati va isteʼdodini butun dunyoga namoyon etdi. Bu esa 2026-yilgi
46-jahon olimpiadasiga Oʻzbekistonning mezbonlik qilishiga turtki boʻldi. Oltin
avlod deb nom olgan yoshlarimiz zafarli yurishlarini davom ettirib, 2024-yilda
Vengriyada boʻlib oʻtgan 45-jahon shaxmat olimpiadasida bronza medalga sazovor
boʻldi va olimpiada chempionligi tasodif emasligini isbotladi.
2025-yil shaxmatchilarimiz uchun yanada salmoqli boʻldi.
Dekabrda Hindistonning Gao shahrida boʻlib oʻtgan shaxmat boʻyicha jahon
kubogining yarim finaliga yuzlab shaxmatchi orasidan ikki shaxmatchimiz —
Javohir Sindarov va Nodirbek Yoqubboyev chiqdi. Finalda Javohir xitoylik
raqibini dogʻda qoldirib, jahon kubogini qoʻlga kiritdi va oʻzbek shaxmati
tarixida ilk bor jahon shaxmat toji uchun nomzodlar turniriga yoʻllanmani
qoʻlga kiritdi. Nodirbek esa toʻrtinchi oʻrin bilan kifoyalandi.
Javohirning yurishlari shu bilan tugamadi. Joriy yil
mart-aprel oylarida Kiprda oʻtkazilgan “Nomzodlar turniri”da muddatidan oldin
chempion boʻlib, shaxmatga tegishli koʻplab rekordlarni yangiladi va jahon
shaxmat toji uchun kurash huquqini qoʻlga kiritgan ilk oʻzbek shaxmatchisi
sifatida oʻz nomini Vatanimiz sporti tarixiga muhrlab qoʻydi.
Xoʻsh, doʻppini bir chetga qoʻyib, nisbatan qisqa muddatda
oʻzbek shaxmatchilari erishgan bu olamshumul gʻalabalar zamirida qanday omillar
borligini bir oʻylab koʻraylik.
Birinchi navbatda, shaxmatchilarimiz uchun murabbiy masalasi
hal etilganini aytib oʻtish lozim. Xususan, terma jamoa aʼzolari xorijlik eng
malakali murabbiylar bilan taʼminlandi. Ular uchun doimiy ravishda maqsadli
oʻquv-yigʻin mashgʻulotlari oʻtkazib kelinmoqda.
Bir paytlar turli sabablar bilan xorijiy davlatlarga ketib
qolgan shaxmatchi va murabbiylar jamoa safiga qaytarildi. Rustam Qosimjonov,
Saydali Yoʻldoshev, Marat Jumayev, Gulruhbegim Tohirjonovaning yurtimizga
qaytishi shaxmatchilar va murabbiylar jamoasining nufuzi oshishiga imkon berdi.
Binobarin, shaxmatchilarimizning chempionat va xalqaro
musobaqalarda ishtirok etishi bilan bogʻliq barcha xarajatni davlat va homiylar
hisobidan qoplab berish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Sportchilarimizning
moliyaviy muammolardan xalos boʻlib, oʻz ustida ishlashi, mahoratini oshirishi
uchun real imkoniyat yaratildi. Terma jamoa aʼzolari uchun munosib
stipendiyalar joriy etildi.
Bir paytlar respublikamizda bor-yoʻgʻi bittagina xalqaro
turnir oʻtkazilgan boʻlsa, keyingi yillarda bunday tadbirlar soni 20 dan oshdi.
Ularda ishtirok etuvchilar soni koʻpaydi. Turnirlarning qamrovi va geografiyasi
kengaydi. Jumladan, shu yil Andijon shahrida oʻtkazilgan maktab oʻquvchilari
oʻrtasidagi respublika chempionatida 800 dan ortiq shaxmatchi ishtirok etdi.
Chempionatlar kichik zallardan stadion va katta-katta sport arenalariga
koʻchdi. Qatnashchilar soniga qoʻyiladigan cheklov olib tashlandi.
Shuningdek, shaxmatni oʻzlashtirish yoshi yildan yilga
kichrayib, u bilan shugʻullanuvchilar safining kengayib borayotgani bois,
mazmunan yangi musobaqalar tashkil etilmoqda. Jumladan, 6 yoshgacha boʻlgan
oʻgʻil va qiz bolalar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati, fristayl shaxmat
boʻyicha respublika chempionati, yoshlar oʻrtasida jamoaviy respublika
chempionatlari shular jumlasidan.
Joylarda shaxmatni rivojlantirish maqsadida chempionatlar va
xalqaro turnirlarni viloyatlar, olis tumanlarda oʻtkazish amaliyoti joriy
etildi. Masalan, shu yil mamlakat oliy liga chempionati Navoiy viloyati
Toʻdakoʻl shaxmat maktabida, jamoaviy Oʻzbekiston chempionati Samarqand
viloyati Qoʻshrabot tumanida koʻtarinki ruhda oʻtganini eʼtirof etish joiz.
Shaxmatchilarni tayyorlash, malakasini oshirish, nufuzli
xalqaro va respublika turnirlarini tashkil etishda Markaziy Osiyoda yagona
boʻlgan Xalqaro shaxmat akademiyasining oʻrni muhim. 400 ga yaqin iqtidorli
shaxmatchi taʼlim olayotgan, 30 dan ortiq murabbiy faoliyat yuritayotgan mazkur
taʼlim muassasasi mamlakat shaxmatining tom maʼnodagi markaziga aylangan.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi Toʻdakoʻl
dam olish bazasi hududida tashkil etilgan xalqaro shaxmat maktabida esa
respublika miqyosidagi musobaqalar, oʻquv-yigʻin mashgʻulotlari hamda
seminarlar muntazam oʻtkazib kelinmoqda.
Bugun mamlakatimizda shaxmat bilan ommaviy
shugʻullanuvchilar 2 million 600 mingdan oshdi. Shundan 4000 nafari reytingli
professional shaxmatchilardir. Mamlakatimiz mustaqillikka erishguniga qadar
birgina grossmeysterimiz bor edi. Ayni paytda yurtimizda xalqaro
grossmeysterlar soni 32 nafarni tashkil qiladi.
Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi 2016-yil 1-yanvar holatiga
koʻra, jahonda 2488 reyting bilan 44-oʻrindan joy olgan boʻlsa, 2026-yil avgust
holatiga koʻra, 2626 reyting bilan 8-oʻringa koʻtarilgan. Ayollar terma jamoasi
esa 2016-yil 1-yanvar holatida 2159 reyting bilan jahonda 36-oʻrinni egallagan
boʻlsa, hozir 2238 reyting bilan 20-oʻrinni egallab turibdi.
Shaxmatni ommalashtirishda “UzChess”, “Chessrum” va boshqa
media loyihalarning oʻrni katta boʻlmoqda. Bir paytlar kechalari faqat futbol
oʻyinlarini tomosha qilgan muxlislar bugun uxlamay shaxmat turnirlarida
yurtdoshlarimizning chiqishini hayajon bilan kuzatib borayotir.
Muhimi, Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi yurtimizda
shaxmatga qaratilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikka javoban oʻz oldiga qator
ustuvor vazifalarni belgilab olgan. Avvalo, ommaviy shaxmatni yanada
kuchaytirish masalasi. Negaki chempionlar minglab iqtidorlilar orasidagi kuchli
raqobat orqali yetishib chiqadi. Bu esa, oʻz navbatida, maktablarda shaxmatni
oʻqitish, musobaqalarni koʻpaytirish, shaxmat klublari faoliyatini
kengaytirishni talab etadi.
Ikkinchidan, iqtidorlilarni erta aniqlash. Bolaning 5-6
yoshdayoq shaxmatga favqulodda qobiliyati borligini aniqlash va unga individual
dastur asosida taʼlim berish milliy shaxmat maktabining eng muhim
vazifalaridan.
Uchinchidan, murabbiylar maktabini yaratish va shaxmat
boʻyicha taʼlimni maqbullashtirish. Kuchli shaxmatchi avtomatik ravishda kuchli
murabbiy boʻlib qolmaydi. Chempion yetishtirish uchun shaxmat nazariyasi,
bolalar psixologiyasi, zamonaviy kompyuter dasturlari va yangicha tayyorgarlik
usullarini biladigan murabbiylar kerak.
Yoshlar orasida shaxmatga qiziqish geometrik progressiya
tarzida oshib borayotgan bir paytda mamlakatda murabbiylar tanqisligi
sezilmoqda. Maktab darsliklariga shaxmat darslari kiritilsa, murabbiylar
yetishmovchiligi yanada katta muammoga aylanishi aniq. Shu sababli Xalqaro
shaxmat akademiyasi negizida shaxmat institutini tashkil etish muhim ahamiyatga
ega. Respublikadagi sport oliy oʻquv yurtlarining shaxmat yoʻnalishi talabalari
kvotasini oʻtkazish asosida tashkil etiladigan bu OTM professional
shaxmatchilar yetishtirish, murabbiylar tayyorlash va malakasini oshirish,
shaxmat boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazishda dunyoda tengi yoʻq ilmiy-taʼlim
markaziga aylanishi shubhasiz.
Toʻrtinchidan, ayollar shaxmatini kuchaytirish. Oʻzbekiston
erkaklar shaxmatida jahon darajasiga koʻtarilgan boʻlsa-da, kelajakda milliy
shaxmatning haqiqiy qudrati erkaklar va ayollar shaxmatining birgalikdagi
taraqqiyoti bilan oʻlchanishini eʼtibordan chetda qoldirish mumkin emas.
Beshinchidan, shaxmatni taʼlim va tafakkur madaniyatiga,
yoshlarni telefon va internet qaramligidan qutqarish vositasiga aylantirish.
Agar shaxmat faqat medal olish vositasi boʻlib qolsa, uning imkoniyatlari
cheklanadi. Shaxmat bolani oʻylash, shoshilmaslik, oqibatni oldindan koʻrish,
xatosini tan olish, raqibini hurmat qilishga oʻrgatadi.
Bu yil mamlakatimiz shaxmatchilari oldida ikki muhim voqea —
Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan 46-jahon shaxmat olimpiadasi (3-para
shaxmat olimpiadasi) va noyabr-dekabr oylarida Jeneva shahrida boʻlib oʻtadigan
Javohir Sindarov va Gukesh Dommaraju oʻrtasidagi jahon shaxmat toji uchun match
turibdi. Har ikki musobaqada vakillarimiz zafar quchib, yurtimiz bayrogʻini
yanada baland koʻtarishiga, Oʻzbekiston nomini jahonga yoyib, xalqimiz
ishonchini oqlashiga ishonamiz.
Komil SINDAROV,
Oʻzbekiston shaxmat
federatsiyasi raisi oʻrinbosari