Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqlim oʻzgarishi boʻyicha Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) doirasida Antaliya shahrida boʻlib oʻtmoqda.

Ochilish marosimida turli mamlakatlarning davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar hamda moliyaviy institutlar boshliqlari ham qatnashdi.

Sammit doirasida delegatsiyalar rahbarlarining birgalikda suratga tushish marosimi boʻlib oʻtdi.

“Barqaror, osoyishta va adolatli kelajak sari” shiori ostida oʻtayotgan yetakchilar sammiti iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish va global ekologik majburiyatlarni bajarish borasidagi xalqaro saʼy-harakatlarga yangi surʼat bagʻishlashga qaratilgan.

COP31 konferensiyasi 9-noyabr kuni boshlangan va 20-noyabr kuniga qadar davom etadi. Unda davlatlar, xalqaro tashkilotlar, ishbilarmon va ilmiy doiralar, fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etmoqda. Parij bitimini hayotga tatbiq qilish, havoga issiqxona gazlarini chiqarishni qisqartirish, iqlim oʻzgarishi oqibatlariga moslashish, iqlim moliyasi qamrovini kengaytirish hamda “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish jarayonini jadallashtirish masalalari diqqat markazida boʻladi.

Suv resurslari taqchilligi, tuproqning tanazzulga uchrashi, muzliklar erishi, qurgʻoqchilik va global isishning boshqa oqibatlari kuchayib borayotgan sharoitda bu masalalar Oʻzbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Sammit doirasida Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston hamkorligida xalqaro sheriklar koʻmagida ishlab chiqilgan “Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishiga chidamli landshaftlar” (CLiCA) mintaqaviy dasturiga start berilgani bu borada muhim qadamlardan biri boʻldi.

Ushbu yetti yilga moʻljallangan dasturni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlarning umumiy hajmi 264,4 million yevroni tashkil etadi, shundan 103,7 million yevro Oʻzbekiston uchun moʻljallangan. Mablagʻlar oʻrmonlar va yaylovlarni tiklash, qishloq xoʻjaligida iqlim oʻzgarishi sharoitida barqaror yondashuvlarni joriy etish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda qishloq aholisining iqlim oʻzgarishiga moslashish imkoniyatlarini kengaytirishga yoʻnaltiriladi.

Oʻzbekiston global iqlim kun tartibi doirasida zimmasiga olgan majburiyatlarni izchil bajarib kelmoqda. Xususan, 2035-yilga qadar yalpi ichki mahsulot birligiga toʻgʻri keladigan gaz chiqindilarini 2010-yildagi koʻrsatkichga nisbatan 50 foizga qisqartirish maqsad qilingan.

Mamlakatimiz BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha Hadli konvensiyasiga 1993-yilda qoʻshilgan, 2018-yilda esa Parij bitimi ishtirokchisi boʻldi. Bugungi kunda Oʻzbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida atrof-muhitni muhofaza qilish, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish, suv resurslarini tejash va iqlim barqarorligini mustahkamlash borasida xalqaro va mintaqaviy tashabbuslarni faol ilgari surmoqda.