Qadrli Shavkat Miromonovich!

Nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun jahon sivilizatsiyasi durdonasi boʻlgan qadimiy Buxoro shahriga amaliy tashrifim chogʻida koʻrsatgan alohida mehmondoʻstlik va samimiyat uchun Sizga chin dildan minnatdorlik bildiraman.

Oʻzbekiston bu bebaho boylikni asrab-avaylab, boyitib, buyuk oʻtmishni zamonaviy ehtiyojlar bilan uygʻunlashtirib kelayotgani meni hayratga soldi. Buxoroning bugungi goʻzal qiyofasi Sizning Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan oqilona va bunyodkorona siyosatingiz yuksak samaradorligining yaqqol ifodasidir.

Puxta oʻylangan tadbirlarga boy tashrifning oʻzi, shubhasiz, foydali boʻldi. Nazarimda, Buxorodagi bir kunlik muzokaralar uzoq muddatli siyosiy samarasi jihatidan rasmiy tashrifdan aslo qolishmaydi.

Uchrashuvimiz Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi koʻp qirrali aloqalarni yanada mustahkamlash uchun yangi ufqlarni ochdi, davlatlararo strategik hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitishga xizmat qiladi.

Ostonaga qaytgach, erishilgan va tasdiqlangan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, mamlakatingizning turli sohalardagi foydali tajribasini hisobga olish boʻyicha aniq topshiriqlar berdim. “Toza havo” qoʻshma tashabbusiga alohida ahamiyat beraman.

Ishonchim komilki, biz qoʻygan vazifalarning sifatli bajarilishi Qozogʻiston – Oʻzbekiston strategik sherikligi va ittifoqchiligini yangi choʻqqilarga olib chiqishga xizmat qiladi.

Qozogʻiston uchun katta madaniy va tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan arxiv materiallarini taqdim etganingiz uchun alohida minnatdorchilik bildiraman. Bu harakat Sizning bagʻrikengligingiz va qozoq xalqiga boʻlgan iliq munosabatingiz, qardosh mamlakatlarimiz tarixini munosib eʼtirof etishingizdan dalolat beradi.

Hurmatli Shavkat Miromonovich! Sizga va oilangizga chin qalbimdan sihat-salomatlik va baxt-saodat, Qozogʻistonning abadiy doʻsti, ittifoqchisi va strategik sherigi boʻlgan Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

Hurmat bilan,

Qasim-Jomart Toqayev,
Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti