Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon bilan Seul shahrida o‘tkazilgan tor doiradagi va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarda alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Milliy Assambleya Spikeri Cho Chjon Shik va Bosh vazir Xan Son Suk, Koreyaning yetakchi kompaniyalari hamda moliyaviy institutlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

O‘zbekiston – Koreya biznes-forumi doirasida qo‘shma loyihalar ishga tushirildi va qurilishi boshlandi, salmoqli kelishuvlar paketi imzolandi.

Davlatimiz rahbari birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitida ishtirok etib, hamkorlikning beshta strategik yo‘nalishi bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi. O‘zbekiston Prezidenti ushbu formatdagi birinchi biznes sammitda ham so‘zga chiqdi.

Tashrif doirasida Koreyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Tadbirlar yakunlangach, aeroportda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va rafiqasini Koreya Respublikasi ichki ishlar va xavfsizlik vaziri Yun Xo Chjun hamda boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.

Davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.