Bu haqda Qishloq xoʻjaligi vazirligi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, yigʻib olingan hosilning 3 million 515 ming 597 tonnasi qariyb 3 mingta zamonaviy paxta terish mashinasi yordamida terib olindi. Mamlakat boʻyicha paxta terimini mexanizatsiyalashtirish darajasi oʻrtacha 76 foizni tashkil etdi.
Viloyatlar kesimida bu koʻrsatkich Jizzax viloyatida 98,5 foiz, Sirdaryo viloyatida 94,2 foiz va Toshkent viloyatida 81,2 foizga yetdi. Umuman, hududlarda paxta terimini mexanizatsiyalashtirish darajasi 61 foizdan 98,5 foizgacha boʻldi.
Ayni kunlarda paxta dalalarida terim ishlari qizgʻin davom etmoqda. Jumladan, 49 ming gektardan ziyod maydonda birinchi terim ishlari amalga oshirilib, hosilni nobud qilmasdan yigʻib olishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Mavsumdagi natijalarga erishishda qishloq xoʻjaligiga zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, ilgʻor texnikalardan foydalanish hamda ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etish muhim oʻrin tutdi. Yil davomida mamlakatning barcha hududlarida paxtachilik boʻyicha amaliy seminarlar oʻtkazildi, soha olimlari ilmiy izlanishlar olib borib, ishlab chiqarishga ilmiy tavsiyalar va ilgʻor tajribalarni joriy etishga hissa qoʻshdi.
Qayd etilishicha, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, mehnat unumdorligini oshirish va mavjud resurslardan samarali foydalanishga qaratilgan chora-tadbirlar paxtachilikda yangi imkoniyatlarni ochmoqda.
4,63 million tonna paxta hosili — dehqonlar, fermerlar, klasterlar va mexanizatorlarning mashaqqatli mehnati, shuningdek, zamonaviy texnologiyalar hamda ilmiy yondashuvlarning amaliy natijasidir. Terim mavsumi davom etar ekan, asosiy eʼtibor hosilni sifatli va nes-nobud qilmasdan yigʻib olishga qaratilmoqda.