Tadbirda parlament a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi vakillari, Parlamentlararo ittifoq kotibiyati rahbariyati, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va tadbirkorlar ishtirok etdi.
Konferensiyani Oliy Majlis Senati Raisi, Barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning 2030 yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi hamraisi Tanzila Norboeva ochib berdi.
Ta’kidlanganidek, Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida respublika boʻylab yuzlab tadbirlar tashkil etiladi. Jumladan, parlament eshituvlari, mahalliy Kengashlar sessiyalari, ilmiy-amaliy konferensiyalar, forumlar, davra suhbatlari, ochiq muloqotlar, mahallalarda uchrashuvlar, targʻibot tadbirlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda maxsus media-loyihalar amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, oylikdan koʻzlangan asosiy maqsad aholida Barqaror rivojlanish maqsadlari gʻoyalariga daxldorlik hissini mustahkamlash, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasinikeng targʻib qilish hamda umumiy maqsadlar yoʻlidagi sa’y-harakatlarni birlashtirishdan iborat.
Anjumanda soʻzga chiqqan mahalliy va xorijiy ekspertlar Oʻzbekiston 16 ta milliy Barqaror rivojlanish maqsadi va 126 ta vazifani qabul qilib, ularni «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasining ustuvor yoʻnalishlari bilan toʻliq uygʻunlashtirganini ta’kidladi.
Ma’lum qilinganidek, amalga oshirilgan islohotlar samarasi da Barqaror rivojlanish maqsadlarining 70 foizdan ortigʻi boʻyicha sezilarli ijobiy natijalarga erishilgan, 45 foizi boʻyicha esa belgilangan koʻrsatkichlar toʻliq bajarilgan.
Shuningdek, mamlakatda kambagʻallik darajasi 2021 yildagi 17 foizdan 2025 yil yakuniga kelib 5,8 foizga qisqargan. Maktabgacha ta’lim bilan qamrov 27,7 foizdan 78 foizga, oliy ta’lim bilan qamrov esa 8,3 foizdan 47,7 foizga yetgan.
Davlat boshqaruvida xotin-qizlar ulushi 27 foizdan 35 foizga, Qonunchilik palatasida 38 foizga, mahalliy Kengashlarda esa 32,5 foizga yetgani qayd etildi.
Ta’kidlanishicha, izchil islohotlar natijasida Oʻzbekiston 2026 yilda Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida 167 davlat orasida 65-oʻrinni egalladi.
Konferensiya ishtirokchilari ushbu natijalar Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar inson manfaatlarini ta’minlash va barqaror taraqqiyotga erishishga xizmat qilayotganining yaqqol isboti ekanini ta’kidladi.