Unda qayd etilishicha, mamlakatimiz hududidan bronza davriga mansub, taxminan 4 ming yillik tarixga ega boʻlgan va trepanatsiya — bosh suyagida jarrohlik amaliyoti oʻtkazilganini koʻrsatuvchi izlar saqlangan bola bosh suyagi topilgan.

Mazkur topilma Markaziy Osiyoda qadim zamonlarda jarrohlik amaliyoti amalga oshirilganining muhim dalili boʻlib, Osiyo qitasida aniqlangan eng qadimgi shunday namunalaridan biri hisoblanadi.

Noyob kashfiyot oʻzbek va italiyalik olimlardan iborat xalqaro tadqiqotchilar guruhi tomonidan Jarquʻton arxeologik yodgorligida olib borilgan qazishmalar davomida aniqlangan. Yodgorlik Afgʻoniston bilan chegaradosh hududda joylashgan boʻlib, miloddan avvalgi III ming yillikning oxiriga mansub hisoblanadi.

Olimlar maʼlumotiga koʻra, jarrohlik amaliyoti izlari taxminan besh yoshida vafot etgan bolaning bosh suyagida aniqlangan. Ushbu maqbara Oks sivilizatsiyasi davriga tegishlidir.

Qazishma ishlariga rahbarlik qilgan Enriko Askalone mazkur topilma Markaziy Osiyoda toʻrt ming yil avval yashagan jamiyatlarda tibbiy bilimlar yuqori darajada boʻlganini koʻrsatuvchi muhim dalil ekanini taʼkidladi.

Tadqiqotchilarning fikricha, kashfiyot oʻsha davr tibbiyotining rivojlanganlik darajasi, mutaxassislarning mahorati hamda nega bunday murakkab operatsiya yosh bolaga oʻtkazilgani haqida yangi ilmiy savollarni kun tartibiga chiqarmoqda. Bu savollarga javob topish maqsadida tadqiqotlar davom ettiriladi.