Texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda KARVON brendi egasi bo‘lgan UNG PETRO kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur laboratoriya mamlakatdagi bu yo‘nalishdagi ilk sinov bazasi hisoblanadi.

Yangi laboratoriyada isitish qozonlarining xavfsizligi, energiya samaradorligi va ekologik ko‘rsatkichlari xalqaro standartlar asosida baholanadi. Shuningdek, qurilmalarning gaz sarfi, issiqlik samaradorligi va favqulodda holatlardagi himoya tizimlari ham tekshiriladi.


Mutaxassislar ta’kidlashicha, laboratoriyaning ishga tushirilishi ichki bozordagi mahsulotlar sifati va xavfsizligini oshirish, energiya resurslaridan samarali foydalanish hamda talablarga javob bermaydigan mahsulotlarning bozorga kirib kelishining oldini olishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, mazkur sinov bazasi mahalliy ishlab chiqaruvchilarga o‘z mahsulotlarining xalqaro standartlarga muvofiqligini tasdiqlash va eksport salohiyatini oshirish imkonini ham beradi.