Tadbir doirasida mamlakatning bir qator hududlarida yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi.

Xususan, Toshkent shahrida Kimyo texnologiyalari markazi faoliyati boshlandi. Jizzax viloyatida «Kia Sonet Prime» avtomobili va avtomobil kuzovi panellarini, Farg‘ona viloyatida elektrotexnika mahsulotlarini, Namangan viloyatida esa polimer buyumlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, Toshkent shahrida Milliy onkologiya markazi va tibbiyot oliy ta’lim muassasasi, robotlar hamda ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar qurilishiga start berildi.

Mazkur loyihalar O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarishlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.