Sintetik narkotiklarning tarqalishi, internet orqali kontaktsiz savdo, yashirin narkolaboratoriyalar, noqonuniy moliyaviy sxemalar va yoshlarni ushbu xavfga jalb etishning yangi usullari davlat va jamiyatdan mutlaqo yangi yondashuvni talab qilmoqda. Soʻnggi yillarda respublikamizda bu yoʻnalishda qonunchilikni takomillashtirish, barvaqt profilaktika, raqamli texnologiyalardan foydalanish, davolash va reabilitatsiya, shuningdek, xalqaro hamkorlikni oʻzaro bogʻlaydigan tizimli choralar amalga oshirilmoqda. Bugungi suhbatimizda ana shu oʻzgarishlar nimani anglatishi, ular fuqarolar hayotida qanday aks etayotgani va davlatimiz bu tahdidga qarshi qanday choralarni koʻrayotgani haqida soʻz yuritamiz.

Suhbatdoshimiz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti yetakchi ilmiy xodimi Dilyor Doniyorov.

— Dilyor aka, avval eng asosiy savoldan boshlasak. Soʻnggi paytlarda giyohvandlik va narkojinoyatlar mavzusi davlat siyosati kun tartibida koʻp koʻtarilmoqda. Jamoatchilikda shunday savol tugʻilishi tabiiy: bu vaziyat ogʻirlashganidan dalolat beradimi yoki davlat mazkur muammoga munosabatni tubdan oʻzgartiryaptimi? Bugun Oʻzbekistonda narkojinoyatlarga qarshi kurashishni “yangi bosqich” deb atashimizga nima asos boʻlyapti?

Bu yerda eng avvalo tahdidning oʻzi oʻzgarganini toʻgʻri tushunish kerak. Ilgari narkotiklarning noqonuniy muomalasi koʻproq anʼanaviy tashish va sotish kanallari bilan bogʻlangan boʻlsa, bugun sintetik narkotiklar, shifrlangan aloqa kanallari, internet orqali kontaktsiz savdo, yashirin laboratoriyalar va murakkab moliyaviy vositalar tobora katta xavfga aylanmoqda. 2026-yil 11-iyunda Davlatimiz Rahbari giyohvandlikka qarshi kurashish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdilar. Taqdimotda soʻnggi yillarda narkovaziyat jiddiy oʻzgarib, anʼanaviy giyohvandlik vositalari oʻrnini sintetik narkotiklar egallayotgani, ularni tarqatish asosan internet orqali kontaktsiz shaklda amalga oshirilayotgani hamda mamlakat ichkarisida yashirin laboratoriyalar paydo boʻlayotgani qayd etildi.

Shuning uchun Oʻzbekistonda yondashuv ham oʻzgardi. Endi asosiy vazifa faqat jinoyat sodir boʻlgandan keyin uni fosh etish va aybdorni jazolash emas. Narkotikning ishlab chiqarilishidan tortib, uning tarqalish kanali, internetdagi targʻiboti, yoshga yetib borishi, uni isteʼmol qilish oqibatlari va insonni reabilitatsiya qilishgacha boʻlgan butun zanjir davlat siyosatining obyektiga aylanmoqda.

Bu tizimli yondashuvning huquqiy asoslari 2024-yilda yanada mustahkamlandi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 6-maydagi PF-73-son Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha 2024–2028-yillarga moʻljallangan Milliy strategiya tasdiqlandi. Keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PF-207-son Farmoni bilan giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish boʻyicha 2025–2026-yillarga moʻljallangan kompleks amaliy harakatlar Milliy dasturi tasdiqlandi. Eng muhimi, profilaktika, huquqiy choralar, taʼlim, tibbiy yordam, raqamlashtirish va idoralararo hamkorlik bir-biridan alohida emas, balki oʻzaro bogʻliq yoʻnalishlar sifatida belgilangan.

Shu maʼnoda, “yangi bosqich” deganda jazoni shunchaki ogʻirlashtirish emas, balki aholi salomatligi va millat genofondini himoya qilishga qaratilgan kompleks davlat siyosati shakllanayotganini tushunish toʻgʻri boʻladi.

— Siz tahdidning oʻzi oʻzgarganini aytdingiz. Lekin jamoatchilikda “jazoni kuchaytirishning oʻzi yetarlimi?” degan savol tugʻilishi tabiiy. 2026-yilda qonunchilikka kiritilgan yangiliklar avvalgi yondashuvlardan nimasi bilan farq qiladi? Davlat aynan qaysi xavfli holatlarga nisbatan murosasiz munosabatni kuchaytirmoqda?

Bu savol juda oʻrinli. Chunki narkojinoyatlarga qarshi kurashishda faqat jazoni ogʻirlashtirishning oʻzi yetarli emas. Eng muhimi — qonun zamonaviy tahdidlarga mos boʻlishi, jinoyatning yangi shakllarini oʻz vaqtida qamrab olishi va sodir etilgan har bir qilmish uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlashi kerak.

Shu nuqtayi nazardan, 2026-yilda qonunchilikka kiritilgan oʻzgarishlar zamonaviy narkojinoyatlarning yangi shakllarini qamrab olishi bilan ahamiyatli. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil iyun oyidagi
OʻRQ-1151-son Qonuni bilan narkojinoyatlarning xavfli shakllariga nisbatan javobgarlik kuchaytirildi. Jumladan, Jinoyat kodeksining XIX bobi “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” deb qayta nomlanib, uning qamrovi sezilarli darajada kengaytirildi hamda yangi jinoyat tarkiblari bilan toʻldirildi. Gʻayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish alohida jinoyat tarkibi sifatida belgilandi, hokimiyat yoki mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish yoʻli bilan narkotiklarning noqonuniy muomalasiga homiylik qilish uchun alohida javobgarlik joriy etildi. Shuningdek, giyohvandlik vositalarini internetdan foydalangan holda oʻtkazish, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etish kabi holatlarga nisbatan jazo choralari kuchaytirildi.

Ayniqsa, yoshlarni himoya qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Qonunga muvofiq, giyohvandlik vositalarini oʻtkazish bilan bogʻliq qilmishlarni taʼlim tashkilotlarida, ularning hududida yoki oʻquvchilar va talabalar foydalanadigan ayrim joylarda, shuningdek, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan yoki Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalangan holda sodir etish uchun kuchaytirilgan javobgarlik belgilandi. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini isteʼmol qilishga jalb etishga oid javobgarlik normalari ham takomillashtirildi. Buning zamirida aniq maqsad bor: bolalar va yoshlarni narkojinoyatlarning eng xavfli koʻrinishlaridan huquqiy jihatdan yanada ishonchli himoya qilish.

Bu oʻzgarishlarda Davlatimiz Rahbari tomonidan izchil taʼkidlab kelinayotgan “Qonun — ustuvor, jinoyatga jazo — muqarrar” degan tamoyilning amaliy ifodasini ham koʻrish mumkin. Yaʼni narkojinoyat sodir etgan shaxsning javobgarlikdan asossiz ravishda chetda qolishiga yoʻl qoʻyilmasligi, har bir holatga qonun talablari asosida huquqiy baho berilishi muhim. Ayniqsa, insonlar salomatligi va yoshlar kelajagi hisobiga daromad orttirishni maqsad qilgan narkobiznes tashkilotchilari, tarqatuvchilari yoki bunday faoliyatga homiylik qiluvchi shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash katta ahamiyatga ega.

Menimcha, bu yerda yana bir muhim jihat bor. Jazoning muqarrarligi faqat uning ogʻirligi bilan oʻlchanmaydi. Qonun qanchalik qatʼiy boʻlmasin, agar jinoyat oʻz vaqtida aniqlanmasa yoki aybdor javobgarlikdan qochib ketsa, uning profilaktik taʼsiri ham kamayadi. Shuning uchun bugun davlat siyosati jazoni kuchaytirish bilan bir vaqtda narkojinoyatlarni barvaqt aniqlash, internetdagi noqonuniy kanallarni toʻsish, yashirin laboratoriyalarni fosh etish, yoshlarni bunday xavfdan himoya qilish va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning zamonaviy imkoniyatlarini oshirishga ham qaratilmoqda.

Shu maʼnoda, bugungi oʻzgarishlarning asosiy mazmunini shunchaki “jazolar kuchaytirildi” degan fikr bilan cheklab boʻlmaydi. Gap, avvalo, narkobiznesning zamonaviy, uyushgan va eng xavfli shakllariga nisbatan qonunning taʼsirchanligini oshirish, jinoyat sodir etgan shaxs uchun javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash va eng muhimi, inson salomatligi, yoshlar kelajagi hamda millat genofondini ishonchli himoya qilish haqida ketmoqda.

— Bugun deyarli har bir ota-onani bezovta qiladigan yana bir masala bor. Ilgari xavfni koʻchada koʻrish mumkin edi, hozir esa u bolaning telefoniga ham kirib kelishi mumkin. Internetdagi yashirin kanallar, “kontaktsiz” savdo va sintetik narkotiklarga qarshi davlat qanday amaliy choralarni koʻrmoqda va bu yoʻnalishda qanday yangi tashabbuslar ilgari surilmoqda? Texnologiya jinoyatchilar qoʻlidagi vosita boʻlib qolmay, himoya vositasiga ham aylanyaptimi?

Aynan shu yoʻnalish bugungi kurashning eng muhim frontlaridan biri. Chunki internet narkobiznesga tezlik, yashirinlik va masofadan turib ishlash imkonini berdi. Shu sababli anʼanaviy usullar bilan cheklanib qolish mumkin emas. 2026-yil 11-iyundagi taqdimotda narkotiklarni internet orqali kontaktsiz shaklda tarqatish holatlari huquqiy va tashkiliy mexanizmlarni zamonaviy tahdidlarga moslashtirish zaruratini kuchaytirayotgani qayd etildi.

Shu nuqtayi nazardan, bir tomondan, internet orqali narkotiklarni oʻtkazish va ularni targʻib qilishga doir javobgarlik choralari kuchaytirildi. Ikkinchi tomondan, raqamli texnologiyalarni profilaktika va aniqlash vositasi sifatida qoʻllash boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda. 2026-yil aprelida Prezidentimiz barcha hududlarda sunʼiy intellekt yordamida narkotiklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan “AI Hackathon” milliy loyihasi boshlanganini maʼlum qildi.

Bu tashabbusning ahamiyati shundaki, raqamli maydonni jinoyatchilar ixtiyoriga tashlab qoʻymasdan, zamonaviy texnologiyalarni profilaktika va xavflarni erta aniqlash vazifalariga yoʻnaltirish maqsad qilinmoqda. Yaʼni narkojinoyatlarga qarshi kurashishda anʼanaviy tezkor choralar bilan bir qatorda texnologik yechimlardan foydalanishga ham urgʻu berilmoqda.

Bundan tashqari, Prezidentimizning 2026-yil 19-aprelda Samarqand shahrida oʻtkazilgan “Jamoat salomatligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi xalqaro forum ishtirokchilariga yoʻllangan murojaatda ishtirokchi davlatlar huquq-tartibot idoralari maʼlumotlar bazalarini birlashtiradigan va sunʼiy intellekt yordamida ishlaydigan yagona raqamli platformani ishga tushirish taklif etildi. Taklif etilayotgan platforma narkotrafik yoʻnalishlarini barvaqt aniqlash, xavfli yuklar harakatini erta bosqichda fosh etish va transmilliy jinoiy guruhlar faoliyatini real vaqt rejimida kuzatib borishga xizmat qilishi kerak. Bu – hozircha xalqaro tashabbus boʻlib, uni amalda ishlayotgan mexanizm sifatida emas, balki hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha taklif sifatida baholash toʻgʻri boʻladi.

— Yoshlar haqida gap ketganda, raqamlar ham jiddiy oʻylantiradi. Prezidentimizning 2026-yil 19-apreldagi murojaatida narkojinoyatlarning uchdan biri yoshlar tomonidan sodir etilayotgani, asosiy xavf guruhini esa 15 yoshdan 30 yoshgacha boʻlganlar tashkil qilayotgani qayd etildi. Shunday sharoitda profilaktika qanday oʻzgarmoqda? Yoshlarni faqat “xavf guruhi” sifatida koʻrish emas, ularning oʻzini bu kurashning faol ishtirokchisiga aylantirish boʻyicha nimalar qilinmoqda?

Bu masalada eng katta oʻzgarish – profilaktikaning mazmuni oʻzgarayotganida. Qayd etilgan raqamlar profilaktika faqat huquq-tartibot idoralarining ogohlantirishi bilan cheklanmasligi, balki oila, mahalla, taʼlim va tibbiyot tizimlarining hamkorligiga tayanishi kerakligini koʻrsatadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PF-207-son Farmoni bilan tasdiqlangan Milliy dasturda “Mahalla – oilaviy poliklinika – taʼlim muassasasi” tamoyili asosida pedagog, tibbiyot xodimi, profilaktika inspektori va mahalla faollarining hamkorlikdagi profilaktik ishlarini amalga oshirish belgilangan. Shuningdek, oʻquvchilar orasida “Rad etish koʻnikmalari”, “Mening tanlovim – sogʻliq” kabi psixologik treninglarni oʻtkazish, giyohvandlik vositalari isteʼmolini erta aniqlash uchun rejali psixolog va zarur hollarda narkolog maslahatlarini yoʻlga qoʻyish nazarda tutilgan.

Biroq eng eʼtiborli tomoni – yoshlar profilaktikaning faqat obyekti sifatida emas, balki uning faol ishtirokchisi sifatida ham koʻrilmoqda. 2026-yil aprelidagi murojaatda yaqinda tashkil etilgan “Anti-Narko” volontyorlik harakati qisqa vaqt ichida 17 mingdan ortiq yoshni birlashtirgani maʼlum qilindi. Bu kabi tashabbuslar yoshlarning oʻz tengdoshlari orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va giyohvandlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishda ishtirokini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Prezidentimizning 2026-yil 19-apreldagi murojaatida qayd etilganidek, Oʻzbekiston 2025-yilda Osiyo davlatlari orasida birinchilar qatorida BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining CHAMPS tashabbusiga qoʻshildi. Ushbu dastur voyaga yetmaganlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish va narkotiklarga qarshi profilaktikani kuchaytirishga qaratilgan. Shu jihatdan, davlat siyosatining muhim xususiyati – yoshni faqat nazorat qilish emas, uni himoya qilish, xabardorligini oshirish va ijobiy tashabbuslarga jalb etishga intilishdir.

— Lekin bu muammoning inson taqdiri bilan bogʻliq yana bir tomoni bor. Narkobiznesni tashkil etayotgan yoki undan manfaat koʻrayotgan shaxsga nisbatan qatʼiy javobgarlik tushunarli. Ammo giyohvandlikka qaram boʻlib qolgan shaxsga qanday yondashish kerak? Bugungi siyosatda uni davolash va jamiyatga qaytarish masalasi qay darajada muhim oʻrin tutyapti?

Bu yerda yondashuvlarni aniq farqlash muhim. Narkotiklarni ishlab chiqarayotgan, tarqatayotgan yoki boshqalarni ularning noqonuniy muomalasiga jalb etayotgan shaxslarga nisbatan qonun doirasida qatʼiy choralar koʻrilishi lozim. Giyohvandlikka chalingan shaxslarga nisbatan esa tibbiy yordam, davolash va reabilitatsiya mexanizmlarining samarali ishlashi muhim.
Aks holda, qaramlikning salbiy oqibatlarini bartaraf etish qiyinlashadi.

Shu bois Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PF-207-son Farmonida giyohvandlik va zaharvandlikni tashxislash, davolash hamda tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Milliy dasturda jazo oʻtayotgan giyohvandlikka chalingan bemorlarni davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish jarayonlariga milliy klinik protokollar va milliy standartlarni 2026-yil iyul oyida joriy etish, shuningdek, sogʻliqni saqlash tizimida Addiktologiya tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya markazini tashkil etish ishlarini 2026-yil may oyida boshlash vazifalari belgilangan. Bu yerda gap dasturda belgilangan vazifalar haqida ketmoqda; ularni amalga oshirish holati alohida ijro natijalari asosida baholanishi lozim.

Bu yoʻnalish xalqaro hamkorlik bilan ham bogʻliq. 2026-yil aprelida Samarqandda oʻtkazilgan xalqaro forum ishtirokchilariga murojaatda sintetik narkotiklarga ruju qoʻygan bemorlarni samarali davolash boʻyicha zamonaviy metodika va standartlarni birgalikda yaratib borish, shuningdek, tibbiy reabilitatsiya sohasida tajriba almashish maqsadida Markaziy Osiyo Narkologlar assotsiatsiyasini tashkil etish taklif qilindi.

Yaʼni davlat siyosati ikki yoʻnalishni bir vaqtda ushlab turibdi: narkobiznesga nisbatan murosasizlik va qaramlikka tushib qolgan insonga nisbatan davolash hamda reabilitatsiya imkoniyati. Bu – muammoni faqat huquqiy emas, jamoat salomatligi masalasi sifatida ham koʻrish demakdir.

— Qonunlar, dasturlar va yangi mexanizmlar haqida gapirish mumkin. Lekin jamoatchilik uchun eng muhim mezon — amaliy natija. Soʻnggi yillardagi raqamlar narkojinoyatlarga qarshi kurashish borasida qanday oʻzgarishlarni koʻrsatyapti?

Natijani aynan amaliy koʻrsatkichlar orqali baholash kerak. Davlatimiz Rahbarining 2026-yil 19-aprelda Samarqanddagi xalqaro forum ishtirokchilariga yoʻllagan murojaatida keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi yillarda narkotiklarning noqonuniy aylanmasi bilan bogʻliq jinoyatlarni aniqlash koʻrsatkichi 2,5 barobar oshgan, musodara qilingan giyohvandlik vositalari 2 barobar, yoʻq qilingan sintetik narkotiklar esa 7 barobar koʻpaygan.

Birgina 2025-yilning oʻzida huquq-tartibot idoralari tomonidan 15 mingdan ziyod narkojinoyat fosh etilgan. Qariyb 3,5 tonna giyohvandlik vositalari, shu jumladan 120 kilogramm sintetik narkotiklar yoʻq qilingan. 14 ta yashirin narkolaboratoriya va 72 ta yirik internet doʻkoni faoliyatiga chek qoʻyilgan.

Albatta, bu raqamlarni “muammo hal boʻldi” deb tushunish xato boʻladi. Aksincha, ular tahdidning koʻlamini ham koʻrsatadi. Shu bilan birga, rasmiy statistika yashirin narkolaboratoriyalar va internet orqali faoliyat yuritgan yirik savdo kanallarini aniqlash hamda ularga chek qoʻyish ishlari faollashganini koʻrsatadi.

Shu sababli natijadorlikni faqat “qancha jinoyat fosh etildi?” degan koʻrsatkich bilan cheklab baholash toʻgʻri emas. Barvaqt profilaktika, narkotiklarni tarqatish kanallariga oʻz vaqtida chek qoʻyish va yoshlarni xavfdan himoya qilish samaradorligi ham muhim ahamiyatga ega. Bugungi davlat siyosatining profilaktika va barvaqt aniqlashga katta urgʻu berayotgani ham shu bilan izohlanadi.

— Narkobiznesning bugungi shakliga qarasak, u bir davlat chegarasi ichida qolmaydi: narkotrafik, raqamli aktivlar, offshor hududlar va internet platformalar transmilliy jinoiy faoliyat bilan tobora chuqur bogʻlanib bormoqda. Shunday vaziyatda Oʻzbekistonning pozitsiyasi qanday? Mamlakatimiz faqat tashqi tajribani oʻrganyaptimi yoki xalqaro maydonga oʻz tashabbuslarini ham taklif qilyaptimi?

Bugun Oʻzbekiston bu sohada faqat tajriba oluvchi emas, balki aniq tashabbuslarni ilgari surayotgan davlat sifatida ham faol ishtirok etmoqda. Davlatimiz Rahbari 2026-yil 19-apreldagi murojaatida Oʻzbekiston narkotiklarga qarshi kurashish borasida 50 dan ortiq davlat va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik qilib kelayotganini taʼkidladilar.

Samarqanddagi xalqaro forumda transmilliy narkojinoyatlarga qarshi tezkor axborot almashinuvini kuchaytirish maqsadida ishtirokchi davlatlar huquq-tartibot idoralari maʼlumotlar bazasini birlashtiradigan, sunʼiy intellekt yordamida ishlaydigan yagona raqamli platformani ishga tushirish taklif etildi. Ushbu taklifga koʻra, platforma narkotrafik yoʻnalishlarini barvaqt aniqlash, xavfli yuklar harakatini erta bosqichda fosh etish va transmilliy jinoiy guruhlar faoliyatini real vaqt rejimida kuzatib borishga xizmat qilishi kerak.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan yana bir muhim tashabbus – narkobiznesning moliyaviy manbalarini cheklashga qaratilgan. Xususan, jinoiy mablagʻlarni yuvishda raqamli aktivlar va offshor hududlardan foydalanilayotganiga eʼtibor qaratilib, kripto-birjalar uchun majburiy identifikatsiya standartlarini global darajada birxillashtirish, offshor yurisdiksiyalar bilan maʼlumot almashinuvi boʻyicha majburiy kelishuvlar hamda “nomaʼlum manba” mablagʻlarini avtomatik bloklash mexanizmlarini joriy etish zarurligi qayd etildi.

Bu tashabbuslarning ahamiyati shundaki, narkobiznesga qarshi kurashni faqat chegarada narkotiklarni ushlab qolish yoki tarqatuvchini qoʻlga olish bilan cheklab boʻlmaydi. Uning axborot, logistika va moliyaviy infratuzilmasiga ham bir vaqtning oʻzida taʼsir koʻrsatish zarur. Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar ham aynan shunday kompleks xalqaro hamkorlikka qaratilgan.

— Suhbatimiz davomida davlat tomonidan juda katta tizim yaratilayotganini koʻrdik. Lekin oxir-oqibat bu masala har bir oilaga borib taqaladi. Suhbat yakunida, Dilyor aka, ota-onalar, ustozlar va yoshlarning oʻziga nima degan boʻlardingiz? Davlat qancha mexanizm yaratmasin, jamiyatning shaxsiy masʼuliyati qay darajada hal qiluvchi?

Menimcha, aynan shu savol butun suhbatimizning eng muhim xulosasi. Davlat qonun qabul qilishi, chegarani himoya qilishi, internetdagi jinoiy kanallarni aniqlashi, yashirin laboratoriyalarni fosh etishi va davolash tizimini yaratishi mumkin. Lekin farzandning xulqidagi, kayfiyatidagi yoki doʻstlar davrasidagi oʻzgarishni eng avval uning oilasi, ustozi va mahallasi sezadi.

Shuning uchun Prezidentimiz 2025-yil 26-dekabrdagi Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida narkojinoyatlarga qarshi kurashishni umummilliy harakatga aylantirish vazifasini qoʻyib, bu vazifani faqat huquq-tartibot idoralarining ishi deb qarash xato ekanini alohida taʼkidladilar.

Bu juda toʻgʻri yondashuv. Chunki giyohvandlikka qarshi eng kuchli toʻsiq – yoshlarda bunday xavfli takliflarni rad eta oladigan ichki immunitetni shakllantirish. Bu immunitet oiladagi eʼtibor, maktabdagi tarbiya, mahalladagi sogʻlom muhit, sport, taʼlim va kelajakka ishonch bilan shakllanadi.

Bugun Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng katta ahamiyati shundaki, davlat bu masalani faqat jazolash siyosati darajasida qoldirmayapti. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, taʼlim, tibbiyot, mahalla, oila, yoshlar va xalqaro hamkorlar ishtirokidagi choralar bir maqsad yoʻlida uygʻunlashtirilmoqda. Bu maqsad – farzandlarimizni giyohvandlikdan asrash, xalqimiz salomatligini himoya qilish va mamlakatimizning sogʻlom kelajagini taʼminlash. Shu maʼnoda, har bir fuqaroning befarq boʻlmasligi davlat tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli choralar kabi muhimdir.