Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, Tergov departamenti boshlig‘i Ramazon Ashropov ma’lum qilishicha, 2026 yilning dastlabki uch oyida mamlakatda 6 211 ta oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyat sodir etilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 596 taga kamdir.

Shu bilan birga, xodimlar tashabbusi bilan 9 544 ta jinoyat aniqlanib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 37 foizga yaxshilangan.

Giyohvandlikka qarshi kurash doirasida 4 080 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 872 kg giyohvandlik vositalari, jumladan, 33 kg sintetik moddalar va 296 mingdan ortiq kuchli ta’sir qiluvchi dorilar musodara qilingan.

Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida 670 ta jinoyat aniqlanib, 80 ta jinoyiy guruh va 211 nafar ular tarkibidagi shaxslar ushlangan.

Korruptsiya va iqtisodiyot sohasida 1 076 ta jinoyat aniqlanib, ular orqali yetkazilgan 199,5 mlrd so‘mdan ortiq zararni qoplash choralari ko‘rilmoqda.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali sodir etilgan jinoyatlar soni 18 mingdan oshgan bo‘lib, ularning 97 foizi elektron to‘lov tizimlari orqali pullarni qo‘lga kiritish bilan bog‘liq.

Hisobot davrida 2 193 nafar qidiruvdagi shaxs ushlangan, 171 nafar bedarak yo‘qolgan fuqaro topilib, oilasiga qaytarilgan.

Umuman olganda, 7 309 ta mahallada jinoyat sodir etilmagan bo‘lib, bu jami mahallalarning qariyb 81 foizini tashkil etgan. Shu bilan birga, 1 497 ta mahalla «sariq», 186 tasi «qizil» toifaga kiritilgan.

Yo‘l-transport hodisalari bo‘yicha 1 102 ta holat qayd etilgan. Ularning 346 tasi inson o‘limi bilan yakunlangan. Asosiy sabablar sifatida tezlikni oshirish, piyodalarga yo‘l bermaslik va yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaslik qayd etilgan.

Shuningdek, «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tadbiri doirasida 43 931 ta profilaktik tadbir o‘tkazilib, minglab qonunbuzilish holatlari aniqlangan, katta miqdorda giyohvandlik vositalari va qurol-yaroqlar musodara qilingan.

Hisobot davrida 100 mingdan ortiq murojaat kelib tushib, ularning asosiy qismi ijobiy hal etilgan.

Shu bilan birga, tizimda kadrlar salohiyatini oshirish ishlari olib borilib, 25 629 nafar xodimning malakasi oshirilgan, 53 nafar ayol xodima rahbarlik lavozimlariga tayinlangan.

Qayd etilishicha, 60 ta holatda xodimlar pora takliflarini rad etib, tegishli tartibda chora ko‘rish uchun murojaat qilgan.

2026 yilda xizmat vazifasini bajarish chog‘ida 10 nafar xodim halok bo‘lgan, 39 nafari esa jarohatlangan.