Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari 7-aprel kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda mazkur hujjatni uchinchi oʻqishda koʻrib chiqdi.
Qonun loyihasi ayollar va bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda ayrim jinoyatlar boʻyicha tergov samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Amaliyotda jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarni tergov qilish jarayonida qator muammolar saqlanib qolayotgani qayd etilmoqda. Xususan, ayrim hollarda qonun normalari notoʻgʻri qoʻllanilishi, jabrlanuvchilar huquqlarining toʻliq taʼminlanmasligi kuzatilmoqda.
Shu munosabat bilan, qonun loyihasida bunday turdagi jinoyatlarni tergov qilish vakolatini prokuratura organlariga oʻtkazish taklif etilmoqda. Shuningdek, bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish sohasida prokuratura vakolatlarini kengaytirish, tekshiruv va dastlabki tergovni olib borish, shuningdek jazo ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan, ayniqsa inson oʻlimiga olib kelgan jinoyatlarni tergov qilish amaliyotini takomillashtirish ham koʻzda tutilmoqda.
Qonunchilikka kiritilayotgan oʻzgartishlarga muvofiq, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar, ayniqsa voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan holatlarda jazo oʻtash tartibini qatʼiylashtirish taklif etilgan. Jumladan, bunday jinoyatlar uchun hukm qilingan shaxslarni manzil-koloniyalarga oʻtkazmaslik tartibi belgilanishi mumkin.
Muhokamalarda qayd etilganidek, ushbu oʻzgartishlar ayollar va bolalar huquqlarini yanada ishonchli himoya qilish, jinoyatlarni fosh etish va tergov qilish sifatini oshirish hamda jazoning muqarrarligini taʼminlashga xizmat qilishi kutilmoqda.