Markaziy Osiyo davlatlari suv-energetika masalalarini muhokama qildi
Bishkek shahrida Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Tojikiston Respublikalari Energetika va suv xoʻjaligi vazirlarining navbatdagi choraklik ishchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri J.Mirzamahmudov, Qirgʻiziston Respublikasi Energetika vaziri T.Ibrayev, Qozogʻiston Respublikasi Energetika vaziri Y.Akkenjenov va Qozogʻiston suv xoʻjaligi va irrigatsiya vaziri N.Nurjigitov ishtirok etdi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vaziri Sh.Hamroyev hamda Tojikiston Respublikasi Energetika va suv xoʻjaligi vaziri D.Juma videokonferensaloqa shaklida ishtirok etishdi.
Muzokaralar chogʻida soʻnggi yillarda doʻst va qardosh davlatlar Prezidentlari tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan koʻp tomonlama hamkorlik barcha yoʻnalishlarda, xususan, yoqilgʻi-energetika sohasida ham izchil va samarali rivojlanib borayotgani alohida taʼkidlandi.
Yigʻilishdan koʻzlangan asosiy maqsad — 2026-2027-yillar vegetatsiya davrida mintaqadagi suv-energetika tizimlarining barqaror va kelishilgan ish rejimini taʼminlash masalalarini muhokama qilishdan iborat boʻldi. Bu borada tomonlar birgalikdagi saʼy-harakatlarni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratildilar. Bunda energetika tizimlarining chambarchas bogʻliqligini taʼkidlab, oʻzaro ishonch asosida hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Shuningdek, kuz-qish davrining muvaffaqiyatli yakunlari sarhisob qilinib, energetika yuklamalarini muvozanatlash va energetika tizimlarining uzluksiz ishlashini taʼminlash boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelishilgan rejimlarni amalga oshirishni davom ettirish, tarmoqlararo muvofiqlashtirishni mustahkamlash va mintaqaviy energetika hamkorligini chuqurlashtirishga kelishib oldilar.
Keyingi uchrashuvlar 2026-yil may oyida Toshkent shahrida va 2026-yil iyun oyida Bishkek shahrida boʻlib oʻtishi belgilandi.