Oradan bir hafta o'tib ayol vafot etgan.
Bemor bilan aloqada bo'lgan 35 kishi tibbiy kuzatuvga olingan, ularning test natijalari manfiy chiqqan. Yangi kasallanish holatlari aniqlanmagan.
Nipah ilk bor qariyb 30 yil avval aniqlangan bo'lib, xavfli viruslar toifasiga kiradi. U asosan, ko'rshapalaklar va cho'chqalar orqali yuqadi. Ayniqsa, ko'rshapalaklar tishlagan yoki tirnagan mevalarni iste'mol qilish, shu hayvonlar bilan yaqin va muntazam muloqotda bo'lish virus yuqish xavfini oshiradi. Shuningdek, ayrim hollarda u odamdan odamga ham yuqishi mumkin. Bu esa, asosan, bemor bilan yaqin aloqada bo'lganlarda kuzatiladi. JSST Hindistonda paydo bo'lgan Nipah virusining o'lim ko'rsatkichi 40 foizdan 75 foizgacha ekanini ma'lum qilgan.
Avvalroq Nipah virusi sababli O'zbekistonga Hindistondan tirik hayvonlar va qushlarni olib kelish taqiqlangani haqida xabar berilgan edi.
O'zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari Nurmat Otabekovga ko'ra, mamlakatda Nipah virusi bilan kasallanish holatlari hamda uning hududga kirib kelishi qayd etilmagan. SHuningdek, Otabekov mamlakatdagi epidemiologik vaziyat barqaror va to'liq nazorat ostida ekanini bildirgan.