Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Oliy Majlisning Bola huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), YUNISEFning Nyu-Yorkdagi Bosh-qarorgohi, YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Milliy gvardiya, Oʻzbekiston statistika qoʻmitasi, Xalq taʼlimi, Sogʻliqni saqlash, Moliya, Ichki ishlar vazirliklari, Bosh prokuratura, Tibbiy-ijtimoiy xizmat koʻrsatishni muvofiqlashtirish agentligi, “SOS Oʻzbekiston bolalar mahallalari” nodavlat notijorat tashkiloti, Toshkent viloyati xokimligi hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida tehnik guruh yigʻilishi oʻtkazildi. Mazkur yigʻilishda turli internat tipidagi muassasalarda tarbiyalanayotgan bolalarni deinstitutsionallashtirish boʻyicha xaritalashtirish loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama etildi, deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.

Mutaxassislarning soʻzlariga koʻra, deinstitutsionallashtirish bolalar va oilalarga qarash boʻyicha zamonaviy va samarali xizmatlarni rivojlantirishdir. Agar u toʻgʻri boshqarilsa, bolalarga xizmat koʻrsatish boʻyicha samarali xizmat koʻrsatish uchun katalizator va moliyalashtirish manbasi boʻlishi mumkin. Sababi, qator xorijiy davlatlarning bu boradagi ilgʻor tajribalariga nazar solsak, jamiyatdagi bolalar va oilalar bilan bogʻliq aksariyat muammolar hal etilayotganini hamda oz sonli bolalargina muqobil yordamga va internat tipidagi muassasalarda parvarishlanayotganiga guvoh boʻlish mumkin.

Bolalarni deinstitutsionallashtirish borasida dastlab muassasalarga joylashtirilgan bolalar, shuningdek ularning oilalari, qarindoshlari va doʻstlari toʻgʻrisida toʻliq statistik maʼlumotlarni olish uchun institutsional muassasalar xaritasi tuzib olish maqsadga muvofiq. Keyinchalik, internat muassasalarida har bir bolani parvarish qilish va saqlash xarajatlari haqida maʼlumot toʻplanadi. Keyingi bosqichda esa monitoring maʼlumotlari asosida vaziyatni baholash amalga oshiriladi. Bunda murakkab turmush tarziga tushib qolgan oilalar, nogironligi boʻlgan bolalarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish holatigi alohida eʼtibor qaratiladi.

Uchrashuv davomida tomonlar xaritalashtirish loyihasini amalga oshirish boʻyicha asosiy vazifalarni belgilab olindi. Jumladan,

• Bolalarni oʻz oilalaridan ajratib qoʻymaslik uchun mahalliy darajada oilalarni ijtimoiy himoya tizimini yaxshilash

• Oilani qoʻllab-quvvatlash va reintegratsiya xizmatlarini rivojlantirish

• Oilaviy va hamjamiyat negizida muqobil parvarish qilishni rivojlantirish (haqiqiy oilasi va farzand qilib olgan oila)

• Oilaga qaytarish yoki asrab olgan oilaga joylashtirish orqali bolalarni muassasalardan oilalarga va hamjamiyatlarga reintegratsiya qilish (farzandlikka olish, vasiylik/homiylik, patronat)

• Mavjud internat muassasalarini yordamga muhtoj bolalar va oilalarga koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlar markazlariga aylantirish.